Xitoyda qolayotgan o‘zbekistonliklar qaysi yo‘l bilan Vatanga qaytishi mumkinligi aytildi
Jamiyat
−
17 noyabr 2020 3537 2 daqiqa
Xitoyda qolayotgan o‘zbekistonliklar Janubiy Koreyaning Seul shahri orqali Toshkentga qaytishlari mumkin. Bu haqda O‘zbekistonning Xitoy Xalq Respublikasidagi elchixonasi vakillari va mamlakatda bo‘lib turgan o‘zbekistonliklar o‘rtasida o‘tkazilgan videokonferensaloqa shaklidagi uchrashuvda ma’lum qilingan.
Uchrashuvda Xitoydan O‘zbekistonga qaytish istagida bo‘lgan mamlakatimiz fuqarolariga Xitoy aviakompaniyalari tomonidan mazkur mamlakat ishbilarmon doiralari uchun joriy yil 17 noyabr kuni “Sian – Toshkent” yo‘nalishida charter havo qatnovi amalga oshirilishi ma’lum qilingan. Shu o‘rinda XXR Oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan o‘zbekistonlik talabalar uchun talabalik guvohnomasi yoki o‘qish joyidan ma’lumotnoma taqdim etilgan taqdirda aviachiptani xarid qilishda chegirmalar o‘rnatilgani ham ma’lum qilingan.
Shu bilan birga, elchixona tomonidan “Uzbekistan Airways” milliy aviakompaniyasining Pekin va Seul shaharlaridagi vakolatxonalari bilan o‘tkazilgan maslahatlashuvlar natijasida fuqarolarimizning COVID-19 pandemiyasi chora-tadbirlariga to‘liq rioya etgan holda XXR hududidan Janubiy Koreya poytaxtiga yetib olishi va haftaning har juma kunlari “Seul-Toshkent” yo‘nalishidagi qatnov vositasida Vatanga qaytishi mumkinligi ham ma’lum qilingan.
Xitoyning turli hududlarida bo‘lib turgan 100 nafarga yaqin o‘zbekistonlik ishtirokida tashkil etilgan mazkur onlayn-uchrashuvda elchixonaning konsullik bo‘limiga kelib tushayotgan murojaatlar, ularning yechimi hamda konsullik xizmati faoliyati masalalari muhokama qilingan.
Shuningdek, Xitoyda yashovchi o‘zbekistonliklar uchun yangi xorijga chiqish biometrik pasportini O‘zbekistonning Xitoydagi barcha diplomatik vakolatxonalarida rasmiylashtirish ishlari yo‘lga quyilgani aytildi.
Live
Barchasi