Xitoy-o‘zbek vaksinasining III faza sinovlari natijasi e’lon qilindi

Jamiyat

image

Joriy yil 27 avgust kuni ZF-UZ-VAC2001 vaksinasining 3-faza klinik sinovlari natijalari Xitoy fond bozorida e’lon qilindi. Bu haqda Innovatsion rivojlanish vazirligi Matbuot xizmati xabar berdi.

Natijalarga ko‘ra, 3-dozadan so‘ng vaksinaning samaradorligi barcha shtammlar uchun umumiy 81,76 foiz, “britancha” shtammga qarshi esa 92,93 foizni tashkil etgan. Preparat o‘lim va og‘ir holatlarga qarshi 100 foiz samaradorlik ko‘rsatdi. JSST talablariga ko‘ra vaksina kamida 50 foizdan yuqori samara berishi lozim.

Ma’lum bo‘lishicha, dunyo bo‘ylab ZF-UZ-VAC2001 klinik tadqiqotlarida jami 28 500 nafar ko‘ngilli ishtirok etgan, ulardan 14 249 nafari vaksina va 14 251 nafari platsebo olganligi qayd etilgan.

Joriy yil 20 avgust kuni xitoylik hamkorlar tomonidan vaksina va platsebo guruhlari bo‘yicha ma’lumotlar ochiqlandi. Mazkur ko‘ngillilardan 647 nafarida kasallik aniqlangan, ulardan 221 nafarida kasallik 3 ta doza vaksina olgandan so‘ng 7 kundan keyin ma’lum bo‘lgan. Kasallanganlardan 35 nafari vaksina bilan, 186 nafari platsebo bilan emlangan. Bu vaksinaning barcha shtammlarga qarshi umumiy 81,76 foiz samarali ekanligini ko‘rsatgan.

Shuni alohida qayd qilish kerakki, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti protokoliga ko‘ra 3-faza sinovlarini ochiqlash hamda statistik tahlillar o‘tkazish uchun to‘liq vaksinadan so‘ng kamida 156 holda kasallik aniqlanishi kerak. ZF-UZ-VAC2001 vaksinasining 3-faza klinik sinovlari natijasida 221 holda kasallik aniqlangan.

Boshqa vaksinalarda olib borilgan tadqiqotlarga taqqoslansa, Pfizer vaksinasining samaradorligi 85 foiz, AstraZeneca 68 foiz ekani, Moderna vaksinasi esa “birlamchi” shtamm (Uxancha) uchun yuqori samaradorlikni ko‘rsatib (94 foiz), “delta” shtamm uchun 76 foizgacha pastlagani ilmiy adabiyotlarda qayd etilgan.
“Shtammlar genetikasi bo‘yicha tadqiqotlar, ZF-UZ-VAC2001 vaksinasi barcha shtammlar uchun umumiy 81,76 foiz, Alpha shtammiga qarshi 92,93 foiz, “delta” shtammiga qarshi 77,54 foiz samaradorligini namoyish etgan”, deyiladi bayonotda.

Ma’lumot o‘rnida, tadqiqotlar 2020 yil 10 dekabrdan boshlangan va 18 yoshdan katta bo‘lgan 29 000 nafar kishini qamrab olgan. Sinovlar Xitoyning Xunan provinsiyasi, shuningdek O‘zbekiston (6966 kishi), Indoneziya, Pokiston va Ekvador davlatlarida o‘tkazildi. 


Vazirlik bergan ma’lumotlarga ko‘ra, klinik tadqiqotlar natijasi vaksina aholiga koronavirus yuqishining oldini olishda samarali ekanini tasdiqlagan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

575

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing