Xitoy terma jamoasi sobiq bosh murabbiyi 20 yilga qamaldi

Sport

image

Futbol bo‘yicha Xitoy milliy terma jamoasining sobiq bosh murabbiyi Li Te 20 yillik qamoq jazosiga hukm qilindi. Bu haqda “South China Morning Post” nashri xabar berdi.

Xitoyning Xubey provinsiyasidagi Syannin o‘rta xalq sudi bugun, 13 dekabr kuni Xitoy milliy futbol terma jamoasining sobiq bosh murabbiyi Li Teni korrupsiyada ayblab, 20 yilga ozodlikdan mahrum qildi.

Sud hujjatiga ko‘ra, Li Te bir qancha jinoyatlarda, jumladan, pora olish, pora berish, tashkilotlarga pora berish, davlat xizmatida bo‘lmagan shaxslar bilan bog‘liq korrupsiya jinoyatlarida aybdor deb topilgan.

Qayd etilishicha, u 2019 yilda futbol bo‘yicha Xitoy milliy terma jamoasi bosh murabbiyligiga saylanish uchun ma’lum shaxslardan yordam so‘ragan. 2020 yilda esa ularga 1 million yuan (137 ming dollar) atrofida mablag‘ bergan.

Li Te 2019-2021 yillarda Xitoy futbol terma jamoasi bosh murabbiyi sifatidagi rasmiy mavqeidan foydalanib, tegishli tashkilot va shaxslarga milliy terma jamoaga o‘yinchilarni tanlash, o‘yinlarda g‘alaba qozonish, klublar bilan shartnomalar imzolash kabi masalalarda yordam bergan. Ushbu davrda u 50,89 million yuandan (deyarli 7 million dollar) ortiq pora olgan.

Bu so‘nggi yillarda Xitoyda yuqori martabali sport amaldorlarining sudga tortilishi bilan bog‘liq birinchi holat emas. Mamlakatda 2022 yilning noyabr oyidan buyon futboldagi korrupsiyaga qarshi kampaniya olib borilmoqda. Tahlilchilarning fikricha, bu kampaniya hibsga olish muddati va soni bo‘yicha rekord o‘rnatdi hamda Xitoy futboli tarixidagi korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha eng yirik harakatga aylandi.

Xususan, mart oyida ikki futbol amaldori poraxo‘rlik aybi bilan 8 va 14 yillik qamoq jazosiga hukm qilingan. Xitoy futbol assotsiatsiyasi bosh kotibining sobiq o‘rinbosari Chen Yunlyan 14 yilga, Xitoy Superligasining sobiq bosh direktori Dun Chjen esa sakkiz yilga ozodlikdan mahrum etilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq dunyodagi eng yirik banklardan biri – Bank of China sobiq boshqaruvi raisi va partiya qo‘mitasi kotibi Lyu Lyange poraxo‘rlikda ayblanib, o‘lim jazosiga hukm qilingan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Li Te

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

Mavzuga doir yangiliklar