Xitoy Tayvanga kuch ishlatishi mumkinligini hujjatlashtirdi

Olam

image

Tayvan bilan tinch usulda birlashish muvaffaqiyatsizlikka uchrasa, Xitoy kuch ishlatish ssenariysidan voz kechmaydi. Bu haqda Xitoy hukumati tomonidan chop etilgan “Oq kitob”da aytiladi.

Ushbu kitob Davlat kengashi Tayvan ishlari bo‘limi va XXR (Xitoy Xalq Respublikasi) Davlat kengashi matbuot bo‘limi tomonidan birgalikda tayyorlandi. “Oq kitob” Pekinning turli masalalar bo‘yicha siyosatiga oydinlik kiritish maqsadida muntazam chop etiladi.

"Tayvanni mustaqillikka erishishga urinishlari uni faqat falokatga olib keladi va tayvanliklarga jiddiy zarar yetkazadi. Xitoy xalqining, jumladan, tayvanlik vatandoshlarning umumiy manfaatini himoya qilish uchun biz Tayvanning bo‘linishi va mustaqilligiga qat’iy qarshi chiqishimiz, vatanni tinch yo‘l bilan birlashtirishimiz kerak”, deyiladi matnda.

Shuningdek, hujjat mualliflari xitoyliklar ishini faqat ularning o‘zi hal qilishi kerakligini hamda hech qanday tashqi aralashuvga toqat qilmasligini qayd etgan. Tayvan masalasi esa XXRning ichki ishi deb atalib, “Xitoy manfaatlari va Xitoy xalqining milliy tuyg‘ulariga” ta’sir qilishi aytib o‘tilgan.

“Hech kim Xitoy xalqining davlat suvereniteti va hududiy yaxlitligini himoya qilish borasidagi qat’iyati, bukilmas irodasi va buyuk qobiliyatini e’tibordan chetda qoldirmasligi kerak. Biz tinch yo‘l bilan birlashish uchun chin dildan harakat qilamiz va sa’y-harakatlarni davom ettirishga tayyormiz, biroq biz bu kelishuvdan voz kechishga va’da bermaymiz”, deydi rasmiy Pekin.

Xitoy-Tayvan masalasi

Tayvan 1949 yilda Chan Kayshi (1887-1975) boshchiligidagi Gomindan qo‘shinlarining qoldiqlari Xitoy fuqarolar urushida mag‘lubiyatga uchragach, orolga qochib ketganidan beri o‘z ma’muriyati tomonidan boshqariladi. O‘shandan beri Tayvan kommunistlar hokimiyatga kelishidan oldin materikda mavjud bo‘lgan sobiq Xitoy Respublikasi bayrog‘i va boshqa atributlarini saqlab qolgan.

Qo‘shma Shtatlar 1979 yilda Tayvan bilan diplomatik aloqalarni uzib, ularni XXR bilan o‘rnatgan. Vashington “yagona Xitoy” siyosatini tan olish bilan birga, ayni paytda Taybey ma’muriyati bilan aloqalarni davom ettirmoqda va orolga qurol yetkazib bermoqda. 2020 yilda AQSHning avvalgi Prezidenti Donald Tramp ma’muriyati Gonkongdagi vaziyat tufayli Pekin bilan munosabatlarning keskinlashuvi fonida Tayvan bilan aloqa va almashinuvlarni sezilarli darajada faollashtirdi, bu esa XXR rasmiylarining noroziligiga sabab bo‘ldi. 

AQSH Tayvanning asosiy qurol yetkazib beruvchisidir. Joriy yilning aprel oyida Davlat departamenti Patriot zenit-raketa tizimlariga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha 95 million dollarlik shartnomani ma’qulladi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

95

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing