“Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston” temiryo‘li qurilishiga start berildi

Olam

image

Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov “Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston” temiryo‘lini qurish ishlariga start berdi. Bu Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, bugun, 27 dekabr kuni Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov Jalolobod viloyatiga amaliy tashrifi davomida “Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston” temiryo‘lini qurish ishlarini boshlash marosimida ishtirok etgan. Keng qamrovli mintaqaviy loyiha doirasidagi tamal tosh Jalolobod shahrining Tosh-Qutchi qishlog‘ida qo‘yilgan. Marosimda nutq so‘zlagan Qirg‘iziston rahbari “Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston” temiryo‘li nafaqat transport yo‘lagi, balki Sharq va G‘arbni bog‘laydigan muhim strategik ko‘prik ekanini ta’kidlagan.

“Ushbu yo‘nalish Xitoydan Qirg‘izistonga, shuningdek, Markaziy Osiyo va Yaqin Sharq mamlakatlariga, jumladan Turkiya va undan keyin Yevropa Ittifoqiga yuklarni yetkazib berishni ta’minlaydi. Loyihamiz mintaqalararo aloqalarni mustahkamlashga, transport yo‘llarini diversifikatsiya qilishga va mintaqani xalqaro transport-tranzit markazi sifatida raqobatbardoshligini oshirishga yordam beradi. Bu Markaziy Osiyo mamlakatlarining umumiy maqsadlariga mos keladi”, dedi Sadir Japarov.

Shundan so‘ng Xitoy Xalq Respublikasi Davlat taraqqiyot va islohotlar qo‘mitasi raisi Chjen Shanxe Xitoy Prezidenti Si Szinpinning murojaatini o‘qib eshittirgan. Unda ushbu loyiha Osiyo va Yevropani bog‘laydigan yangi quruqlik yo‘lagi qurilishiga imkon yaratishi, shuningdek, uch davlat o‘rtasidagi odamlar harakati va savdo aylanmasini sezilarli darajada oshirishi qayd etilgan. Loyihaning sanoatni rivojlantirish, resurslardan foydalanish, savdo va investitsiyalarni jalb etishda samarali bo‘lishi, shuningdek, mintaqaning farovonligiga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi aytilgan.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning murojaatini O‘zbekiston Bosh vaziri o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev o‘qib eshittirdi. Unda “Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston” temiryo‘lini qurishni boshlash deyarli 30 yil davomida intilgan do‘stona davlatlar uchun tarixiy voqea ekani ta’kidlangan. Murojaatda yangi xalqaro transport magistrali Markaziy Osiyo mintaqasini Xitoy bilan eng qisqa yo‘l orqali bog‘lashi va uch davlatning ko‘p qirrali hamkorligi hamda strategik sheriklikni mustahkamlashiga xizmat qilishi aytib o‘tilgan.

Tadbir yakunida Sadir Japarov “Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston” temiryo‘li qurilishiga ramziy tosh qo‘yish marosimida ishtirok etgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq “Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston” temiryo‘li uchun yer ajratilgani xabar qilingan edi.


Maqola muallifi

Teglar

temiryo'l “Xitoy–Qirg'iziston–O'zbekiston”

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing