Xitoy ikki mamlakatga viza berishni to‘xtatdi

Olam

image

Bugun, 10 yanvar kuni Xitoy hukumati ushbu mamlakat fuqarolari uchun joriy qilingan COVID bilan bog‘liq cheklovlarga javoban Janubiy Koreya va Yaponiya fuqarolariga qisqa muddatli vizalar berishni to‘xtatdi. Bu haqda BBC nashri Seul va Tokiodagi Xitoy elchixonalari tarqatgan xabarlarga asoslanib ma’lumot bermoqda.

Qayd etilishcha, Xitoyning Seuldagi elchixonasi Xitoyga sayyohlik maqsadida kiruvchi Janubiy Koreya fuqarolari uchun vizalar berishni to‘xtatgan. Yaponiya nashrlari ham Xitoy xuddi shunday choralarni yapon fuqarolariga nisbatan qo‘llayotganini yozmoqda.

Pekindagi hukumat ushbu choralar javob chorasi ekani, Xitoyga qarshi “kamsituvchi” COVID cheklovlari olib tashlanmaguncha, joriy qilingan tartib o‘z kuchida qolishini ma’lum qilgan. Muammo ildizi shuki, o‘tgan hafta Janubiy Koreya Xitoydan kelgan fuqarolar uchun turistik vizalar berishni to‘xtatdi. Xitoy Tashqi ishlar vazirligi bu hodisani “qabul qilib bo‘lmaydigan” va “ilmiy asosga ega emas” deb baholagan edi.

Janubiy Koreyaning Kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish agentligiga ko‘ra, Xitoydan kelganlarning qariyb uchdan bir qismida viza cheklovlari joriy etilishidan oldin COVID uchun musbat (infeksiya yuqtirgan) ko‘rsatkichi aniqlangan. Ko‘pgina janubiy koreyaliklar o‘z mamlakatlarini Xitoyning koronavirus xurujidan himoya qilish g‘oyasini qo‘llab-quvvatlamoqda, ammo Xitoy fuqarolarining mamlakatga kirishi uchun kiritilgan cheklov faqat tibbiy asosga ega ekanligiga ko‘pchilik ishonmaydi.

Ayni paytda Janubiy Koreyaga kirish uchun Xitoydan faqat oz sonli biznes doiralari va diplomatik vakillarga ruxsat berilgan. Ular jo‘nashdan oldin ham, kelish vaqtida ham manfiy  test natijalarini ko‘rsatishi kerak.

 


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing