Xitoy g‘azabda. Bayden Shinjonga aloqador qonunni imzoladi

Olam

image

AQSH Prezidenti Jo Bayden Xitoyning Shinjon-Uyg‘ur muxtor tumanidan import qilishni taqiqlovchi va mintaqada majburiy mehnatdan foydalanishda aybdorlarga qarshi sanksiyalarni nazarda tutuvchi qonunni imzoladi. Bu haqda Oq uy Matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, dekabr oyida bu tashabbus AQSH Kongressining Vakillar palatasi va Senati tomonidan ma’qullangan.

Xitoy Tashqi ishlar vazirligi bayonotida ma’lum qilinishicha, qonunga javoban Xitoy “o‘ta g‘azab” va “qattiq norozilik” bildirgan. Xitoy Qo‘shma Shtatlar “Shinjondagi inson huquqlari ahvoliga qasddan tuhmat qilmoqda”, mamlakatning ichki ishlariga aralashmoqda va xalqaro huquqni buzmoqda deb hisoblaydi. 

Xitoy diplomatlari Amerika tomoniga zudlik bilan “xatolarini tuzatish”ni va Shinjon muammolaridan “yolg‘on tarqatish” uchun foydalanishni bas qilishni maslahat bergan. Ta’kidlanishicha, Xitoy vaziyatning rivojlanishiga qarab javob berishga va’da bergan.

Ma’lumot o‘rnida, G‘arb davlatlari Xitoyni Shinjondagi uyg‘urlar va boshqa etnik hamda diniy ozchiliklarning huquqlarini ommaviy ravishda buzishda ayblab keladi. Pekinga ommaviy hibsga olish va qiynoqlar, majburiy mehnat, majburiy tozalash o‘tkazish kabi ayblovlar qo‘yiladi. Biroq Pekin barcha ayblovlarni rad etadi.

Joriy yil yanvar oyida Qo‘shma Shtatlar dunyoda birinchi bo‘lib Xitoy hukumatining uyg‘urlarga qarshi harakatlarini genotsid deb tan oldi. Iyul oyida AQSH rasmiylari Shinjon bilan aloqador kompaniyalarning faoliyati qonuniy javobgarlikka tortilishi mumkinligidan ogohlantirgandi.

Aytish joizki, dekabr oyida Qo‘shma Shtatlar va boshqa bir qancha G‘arb davlatlari Shinjondagi inson huquqlari buzilgani sababli Pekin Olimpiadasi hamda Paralimpiya o‘yinlariga diplomatik boykot e’lon qilgan edi. O‘yinlarda ushbu davlatlarning terma jamoalari ishtirok etadi, biroq hukumat delegatsiyalari kelmaydi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

758

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing