Xitoy elektromobillari xavfli qurolga aylanishi mumkin – The Telegraph
Olam
−
06 avgust 2023
24640Buyuk Britaniya hukumati manbalari Xitoy elektromobillariga o‘rnatilgan texnologiya orqali katta hajmdagi ma’lumotlarni to‘plashi, shu jumladan, joylashuv nuqtasi, audio yozuvlar, hattoki video yozuvlarni jamlashi mumkinligidan ogohlantirmoqda. Bu haqda “The Telegraph” nashri xabar berdi.
Nashrning hukumatdagi ismi oshkor qilinmagan yuqori martabali manbasining fikricha, Xitoy shu paytgacha har qanday yuqori texnologiyaga asoslangan mahsulotlaridan josuslik maqsadida foydalanib kelgan. “Agar elektromobillar “quloq”larini tarqatayotgan ishlab chiqaruvchiga tegishliligini bilsangiz, albatta shubhalanishingiz tabiiy. Xitoy josuslik texnologiyalarini rivojlanmagan davlatlar qatori bizga ham tiqishtirmayotganiga kim kafolat beradi”, deydi u.
“Butun dunyoni xitoylashtirish siyosati bilan yashayotgan xitoyliklar, arzon mahsulotlari orqali nihoyatda qimmatbaho ma’lumotlarni qo‘lga kiritishi mumkin. Xitoy mashinalaridagi kuzatuv tizimi ham katta xavf tug‘diradi”, deydi Britaniyaning sobiq ichki ishlar vaziri Priti Patel xonim.
Britaniyada elektromobillar mavzusining kun tartibiga chiqishiga o‘ziga xos sabab bor. 2030 yilda qirollikda dizel va benzinli dvigatellarda ishlaydigan avtomobillar sotishni taqiqlaydigan qonun kuchga kiradi. Ayni paytda 2024 yil uchun nol emissiyali avtomobil sotish kvotasini 22 foiz qilib belgilash taklifi muhokamaga qo‘yilgan. Bu ko‘rsatkich 2030 yilga borib 80 foizga yetishi kutilmoqda.
Hozirgi vaqtda Buyuk Britaniya elektromobillarning katta partiyasini Germaniyadan import qilyapti. Biroq Xitoy elektromobillarining arzonligi avtomobil bozoridagi savdosining o‘sishiga olib keldi.
“Xitoy tez fursatda ikkinchi o‘ringa ko‘tarilib oldi. Yaqin orada elektromobillar sotish bo‘yicha yetakchiga aylansa ham hayron qolmayman”, deydi iqlim o‘zgarishi bo‘yicha qo‘mita rahbari Kris Stark.
Akobir Sayidov
LiveBarchasi