Xitoy amaldori pora olgani uchun o‘lim jazosiga hukm qilindi
Olam
−
11 yanvar 2023
10137Xitoy Xalq Respublikasi Davlat xavfsizlik vazirligi partiya qo‘mitasining sobiq a’zosi, sobiq general-mayor Lyu Yanpin 34,5 million dollar miqdorida pora olganlikda ayblanib o‘lim jazosiga hukm qilindi. Bu haqda Xitoy markaziy televideniyesi xabar berdi.
Sud 2001 yildan 2022 yilgacha Lyu Yanpin uchinchi shaxslarga biznes va turli ishlarni hal qilishda noqonuniy yordam berganini aniqladi. Bu davrda u 234 million yuanlik (taxminan 34,5 million dollar) naqd pul va qimmatbaho sovg‘alarni olgan.
Lyu Yanpin siyosiy huquqlaridan mahrum qilinadi, uning barcha mol-mulki va noqonuniy yo‘llar bilan orttirilgan daromadlari musodara qilinadi hamda davlat g‘aznasiga o‘tkaziladi.
U XXR Jamoat xavfsizligi vazirligi va Milliy xavfsizlik vazirligida turli lavozimlarda ishlagan. Oxirgi o‘n yil ichida u XXR jamoat xavfsizligi vaziri o‘rinbosari lavozimida, shuningdek, XXR Jamoat xavfsizligi vazirligining tartib-intizom komissiyasiga raislik qilgan.
Qayd etilishicha, u 2 yil muddatga kechiktirish sharti bilan o‘lim jazosiga tortilgan. Agar mahkum muddat o‘tkazilgandan so‘ng, shu ikki yil ichida qasddan jinoyat sodir etmasa, jazo umrbod ozodlikdan mahrum qilish bilan almashtirilishi mumkin.
LiveBarchasi