Xitoy AQSHning sanksiyalariga javob qaytardi
Olam
−
22 dekabr 2021
15868Shinjonda inson huquqlarining buzilishi ortidan joriy qilingan AQSH sanksiyalariga javoban Pekin amerikalik diplomatlarning mamlakatga kirishini taqiqlab qo‘ydi. Bu haqda Xitoy Tashqi ishlar vazirligi Matbuot kotibi Chjao Litszyan bugun, 22 dekabr kuni bergan bayonotida ma’lum qilgan.
Bayonotda keltirilishicha, Xitoy hukumati AQSHning Xalqaro diniy erkinlik bo‘yicha komissiyasi raisi Nadin Mayenza, rais o‘rinbosari Nuri Turkel va komissar Anurima Bhargava hamda Jeyms Karrlarga nisbatan sanksiyalar qo‘llagan. Cheklov doirasida, bu to‘rt shaxsga Xitoy hududiga kirish taqiqlangan (shu jumladan Xitoy o‘ziniki deb hisoblaydigan Gonkong va Makao hududlariga ham). Shuningdek, ularning Xitoydagi mulklari muzlatilgan va ularga Xitoy fuqarolari va muassasalari bilan biznes yuritish taqiqlab qo‘yilgan.
Matbuot kotibiga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar Xitoyning to‘rt nafar amaldoriga qarshi AQSH ichki qonunlariga ko‘ra, Shinjondagi inson huquqlari muammosi bahonasida noqonuniy sanksiyalar kiritgani ortidan Pekin javob qaytargan.
U, AQSHning harakatini, Xitoyning ichki ishlariga aralashib, xalqaro munosabatlarning asosiy me’yorlarini buzish va Xitoy-AQSH munosabatlariga jiddiy zarar yetkazish, deya atagan.
"Shinjondagi faoliyat faqat Xitoyning ichki ishlaridir va Qo‘shma Shtatlarning unga aralashishga haqqi yo‘q. Qo‘shma Shtatlar sanksiyalarini bekor qilishi hamda Shinjon va Xitoyning ichki ishlariga aralashishni bas qilishi kerak", deya ta’kidlagan Chjao Litszyan o‘z bayonotida.
U, yana vaziyat qanday tus olishiga qarab Xitoyning javobi yanada qattiqroq bo‘lishi haqida ogohlantirgan.
Ma’lumot o‘rnida, AQSH Xitoy, Myanma va Shimoliy Koreyalik bir qator yuridik shaxslar va tashikilotlarga inson huquqlarining buzilishi aybi bilan jiddiy sanksiyalar joriy qilgan edi.
AQSH sanksiya kiritgan tashkilotlar orasida Xitoyning sun’iy aql yordamida insonlar qiyofasini tanib, farqlovchi kuzatuv kameralarini ishlab chiqaruvchi “SenseTime” kompaniyasi ham o‘rin olgan.
Joriy yilning 9-10 dekabr kunlari o‘tkazilgan butunjahon “Demokratiya sammiti”da AQSH Prezidenti Jozef Bayden o‘z bayonotida Xitoyda uyg‘ur musulmonlariga nisbatan inson huquqlarining buzilishi va Gonkong masalasida Pekin yuritayotgan noto‘g‘ri siyosatga to‘xtalib o‘tgan.
Xitoy Shinjondagi inson huquqlarining buzilishini rad etgan, biroq AQSH hukumati va ko‘plab inson huquqlari tashkilotlari Pekinning genotsid amalga oshirayotgani haqida bong urib kelmoqda.
Behruz Saidov
LiveBarchasi