Xitoy Afg‘oniston masalasida AQSHga murojaat qildi
Olam
−
26 Oktabr 2021
6789Xitoy Tashqi ishlar vaziri Van I AQSH va G‘arb davlatlarini Afg‘onistonga nisbatan joriy qilingan sanksiyalarni bekor qilishga chaqirdi. Bu haqda u Qatar poytaxti Dohada “Tolibon” harakati tomonidan Afg‘oniston Vazirlar Mahkamasi raisi o‘rinbosari lavozimiga tayinlangan Abdul G‘ani Barodar bilan uchrashuv chog‘ida ma’lum qildi.
“Xitoy Afg‘oniston hozirda duch kelayotgan gumanitar qiyinchiliklarga katta ahamiyat beradi va Qo‘shma Shtatlar hamda G‘arb davlatlarini sanksiyalarni bekor qilishga chaqiradi”, degan Van I.
Vazirga ko‘ra, barcha tomonlar “Tolibon” harakati bilan oqilona va pragmatik munosabatda bo‘lib, Afg‘onistonning qulay rivojlanish yo‘liga kirishiga yordam berishi kerak.
“Xitoy afg‘on xalqiga o‘z imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda gumanitar yordam ko‘rsatishni davom ettirishga, afg‘on xalqiga vaqtinchalik qiyinchiliklarni yengib o‘tish, iqtisodiy tiklanish va o‘z-o‘zini rivojlantirishga ko‘maklashish uchun xalqaro hamjamiyat bilan hamkorlik qilishga tayyor”, deya so‘zida davom etgan Xitoy Tashqi ishlar vaziri.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Xitoy tomoni hech qachon Afg‘onistonning ichki ishlariga aralashmagan, hech qachon shaxsiy manfaat va ta’sir doirasini qidirmagan. U, shuningdek Xitoy afg‘on xalqining barqarorlik va tiklanish yo‘lidagi sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlashiga ishora qilgan.
“Afg‘oniston hozirda duch kelayotgan qiyinchiliklarni yengish xalqaro hamjamiyatdan yanada ko‘proq yordam va tushunishni talab qiladi.
Afg‘oniston hozirda tartibsizlikdan tartibga o‘tishning muhim bosqichida. Shu bilan birga, u gumanitar, iqtisodiy, terrorizmga qarshi kurash va boshqaruv sohalarida to‘rtta muammoga duch kelmoqda”, degan TIV rahbari.
Xitoy Tashqi ishlar vazirligining ma’lumotlariga ko‘ra, Xitoy Xalq Respublikasi Davlat kengashi a’zosi, Tashqi ishlar vaziri Van I 25-26 oktyabr kunlari Qatarda rasmiy tashrif bilan bo‘lib, “Tolibon” harakati vakillari bilan uchrashgan.
LiveBarchasi