Xidoyatovning o‘rinbosarlariga 610 (601) mlnga Malibu va Tracker xarid qilindi. 9 mln qayerga ketdi? 

Jamiyat

image

Toshkent viloyati hokimligi 369 mln so‘mlik Malibu va 232 mln so‘mlik Tracker sotib oldi. Viloyat hokimligi Matbuot xizmati xabariga ko‘ra, avtomobillar hokim o‘rinbosarlari uchun xarid qilgan va bu ularning ish faoliyati samaradorligini oshiradi.

Qayd etilishicha, hokimlik “zamhokim”lar uchun Malibu va Tracker’ni joriy yilning ikkinchi chorak yakuni bilan shakllangan daromadlar rejasining orttirib bajarilgan qismi hisobidan xarid qilgan. Buning uchun esa Toshkent viloyati hokimining joriy yil 26 avgustidagi farmoyishi bilan 610 million so‘m miqdoridagi mablag‘ ajratilgan. 

Axborotnomada ta’kidlanishicha, Toshkent viloyati hokimligi uchun Vazirlar Mahkamasining qarori asosida 18 ta xizmat mashinasi ajratilgan. Viloyat nisbatan katta va uning salmoqli qismi tog‘li hududlardan iborat bo‘lgani uchun mavjud avtomobillarning 5 tasi muddatidan oldin texnik nosoz holga kelgan. Ularning xizmatga yaroqsizligi bo‘yicha tegishli tartibda dalolatnomalar tuzilgan.

“Yuqoridagilardan kelib chiqib, viloyat hokimi o‘rinbosarlarining ish faoliyati samaradorligini oshirish, bevosita hududlarga chiqish bilan bog‘liq ishlarni unumli tashkillashtirish maqsadida, 369 million so‘mlik 1 dona “Chevrolet Malibu” hamda 232 million so‘mlik 1 dona “Tracker” xarid qilish bo‘yicha 6 sentyabr kuni tegishli shartnomalar imzolangan”, deyiladi xabarda. 

Ma’lumot uchun, Vazirlar Mahkamasining “Davlat boshqaruvi va mahalliy davlat hokimiyati organlarida xizmat avtotransportlaridan foydalanish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, davlat boshqaruvi va mahalliy davlat hokimiyati organlarida xizmat avtoransport vositalarini biriktirish me’yorlari tasdiqlangan.

Unga ko‘ra, Vazirlar, davlat qo‘mitalari rahbarlari, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining o‘rinbosarlari xizmat avtotransportining eng yuqori narxi — bazaviy hisoblash miqdorining 1500 baravari (405 mln so‘m)dan oshmasligi kerak.

Hokimlik Malibu va Tracker xarid qilish uchun umumiy hisobda 610 mln ajratgani holda, ikkita mashinani sotib olishga 601 mln so‘m (369+232=601) sarflagan. Qolgan 9 mln so‘m nima qilingani haqida Toshkent viloyati ma’muriyati lom-mim demagan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

410

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing