Xersonda vaziyat jiddiy. Viloyat rahbarlari xavfsiz joyga “surdi”
Olam
−
19 Oktabr 2022
10764Mintaqadagi notinch vaziyat tufayli Ukrainaning anneksiya qilingan Xerson viloyati hududiga tinch aholining kirishi yetti kunga cheklandi. Bu haqda “Rossiya-24” telekanaliga viloyatning okkupatsion hukumati rahbari vazifasini bajaruvchi Vladimir Saldo ma’lum qildi.
“Agar jang boshlansa, artilleriyadan o‘q uziladi. Ular shaharni bombardimon qiladilar, yaxshisi, odamlarni shahardan chiqarib yuboring, biz hozir shunday qilyapmiz. Bu ishlarni yanada soddalashtirish uchun Xerson viloyati hududiga tinch aholining kirishi yetti kunga yopildi”, deydi u.
Saldoning ta’kidlashicha, faqat komendatura tomonidan ruxsatnoma berilgan shaxslar hududga kirishlari mumkin.
"Bular kommunal xizmatlarni ta’minlash bilan shug‘ullanuvchi tashkilotlar hamda kommunal xizmatlarda ishlaydiganlar", deya qo‘shimcha qilgan u.
Shuningdek, Saldo Dneprning o‘ng qirg‘og‘idan tinch aholini evakuatsiya qilish jarayonini tezlashtirish uchun paromlar sig‘imini oshirish bo‘yicha ishlar olib borilayotganini ta’kidlagan.
“Odamlarni tashish mumkin bo‘lgan qayiqlar yig‘ilmoqda. Bugun ertalabdan boshlab odamlar shahardagi yig‘ish punktlariga ketishdi. Bular daryo portlaridir. Bugun biz odamlar borishi mumkin bo‘lgan yana bir nechta punktlarni qo‘shamiz", deydi viloyat gubernatori vazifasini bajaruvchi.
Saldoning so‘zlariga ko‘ra, Xersondagi barcha hokimiyat idoralari allaqachon Dneprning chap qirg‘og‘iga o‘tishgan.
“Bugungi kunda shahardagi barcha kuch tuzilmalari – harbiy-fuqarolik boshqarmasi, barcha idoralar, vazirliklar ham chap qirg‘oqqa o‘tmoqda. Ushbu davr uchun boshqaruv chap qirg‘oqdan amalga oshiriladi", deydi u.
Ma’lumotlarga ko‘ra, dengiz sohilidagi dam olish uylari Xerson aholisini shahardan chiqib ketish vaqtida joylashtirish uchun tayyorlangan.
“Odamlarni qayerga joylashtirishda aniq reja bor. Bizda Azov va Qora dengiz sohillarida joylashgan dam olish maskanlari, pansionatlar, dam olish uylari, mehmonxonalar tizimi juda keng. Shuning uchun odamlarni u yerga joylashtirish mumkin, hozir hamma narsa tayyorlandi”, deydi u.
Shu bilan birga, u birinchi navbatda, bolalar va ularning ota-onalari ketishlari uchun shart-sharoitlar yaratilayotganini aytgan.
Vladimir Saldo Xersonda agar hujumlar tufayli himoya to‘sig‘i buzilgan taqdirda aholi u yerdan darhol olib chiqilishini ma’lum qilgan.
LiveBarchasi