Xavfsizlik kamarini taqishga to‘sqinlik qiladigan kasalliklar tasdiqlandi
Jamiyat
−
14 yanvar 5545 2 daqiqa
O‘zbekistonda ayrim shaxslarga avtomobilda xavsizlik kamari taqmaslikka ruxsta beriladi. Bu haqda bugun, 14 yanvar kuni Sog‘liqni saqlash vazirining “Salomatligi xavfsizlik kamari taqish imkonini bermaydigan kasalliklar ro‘yxatini tasdiqlash haqida” buyrug‘i tasdiqlandi.
Hukumatning “Yo‘l harakati qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori bilan fuqarolarga Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan belgilangan kasalliklar va holatlar ro‘yxatiga muvofiq hamda ularning mavjudligini tasdiqlovchi tibbiy ma’lumotnoma mavjud bo‘lgan taqdirda xavfsizlik kamaridan foydalanmaslikka ruxsat beriladi.
Kasalliklar ro‘yxati:
- O‘mrov va to‘sh suyagi sinishi;
- Yelka kamari sinishi;
- Qovurg‘alar sinishi;
- Chap o‘mrov suyagi chiqishi tufayli o‘tkazilgan operatsiyalar;
- Chap o‘mrov suyagining soxta bo‘g‘imi sinishi;
- Umurtqa pog‘onasining kompression sinishi;
- O‘pkaning surunkali obstruktiv kasalliklari (IV bosqich);
- Bronxial astma (IV bosqich);
- O‘pkaning interstitsial zararlanishi (fibroz va boshqalar);
- O‘pkaning bir qismi yoki butun qismining (chap yoki o‘ng) olib tashlanishi (lobektomiya, pnevmonektomiya);
- Surunkali yurak yetishmovchiligining III bosqichi va dekompensatsiya bosqichi;
- Og‘ir yurak-qon tomir kasalliklari (o‘tkazilgan infarktlar, ishemiya va boshqalar);
- III darajali (morbid) semizlik (Tananing massa indeksi ≥ 40);
- Past bo‘ylik (nanizm) 150 santimetrdan past;
- Qo‘l yoki yelka harakatini cheklovchi nevrologik kasalliklar;
- Tananing ko‘krak qismida joylashgan og‘ir allergik yoki dermatologik kasalliklarning og‘ir shakllari (ekzema, psoriaz va boshqalar);
- O‘mrov, kurak, yelka, to‘sh suyaklari va qovurg‘alarda ichki va tashqi implantlarning mavjudligi;
- Ko‘krak qafasi va qorin bo‘shlig‘ida o‘tkazilgan ochiq turdagi operatsiyalar;
- Stomalar mavjud bo‘lishi;
- Ko‘krak qafasi sohasidagi yirik hosilalar (o‘sma).
Ushbu kasalliklar bilan kasallanganligi bo‘yicha QR-kodli (matrik shtrixli kod) elektron tibbiy ma’lumotnoma mazkur ro‘yxatga ilovada keltirilgan shaklda “Elektron sog‘liqni saqlash” axborot tizimi orqali bemor biriktirilgan birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasasi yoki bemor davolangan davlat tibbiyot muassasasi tomonidan bepul beriladi.
Tibbiy ma’lumotnoma bemor biriktirilgan birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasasi tomonidan u davolangan nodavlat tibbiyot tashkilotining tegishli xulosasi asosida ham berilishi mumkin. Tibbiy ma’lumotnoma 1 yil muddatga beriladi, bundan mazkur izohning to‘rtinchi va beshinchi xatboshilarida belgilangan muddatlar mustasno.
Tibbiy ma’lumotnoma ushbu kasalliklar yuzasidan qo‘yilgan tashxislar bo‘yicha belgilangan muddatlar (2 oy, 4 oy, 6 oy, 1 yil) doirasida beriladi. Tibbiy ma’lumotnoma ushbu kasalliklar uchun doimiy muddatga beriladi.
Mazkur buyruq rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.
Live
Barchasi