“Xavf oshib bormoqda, xavotirdamiz”. BMT Donbassda inson huquqlari buzilishiga e’tibor qaratdi

Olam

image

Donbassdagi mojaroning yanada avj olishi, tinch aholi orasida qurbonlar sonining oshishi, jarohatlanish, ko‘chirilish va fuqarolik infratuzilmasi vayron bo‘lishining oldini olish muhim vazifa hisoblanadi. Bu haqda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Mishel Bachelet bayonotida aytilgan.

“Hozirgi hal qiluvchi pallada vaziyat yanada avj olishini, shuningdek, tinch aholi orasida o‘lim va jarohatlanish, ko‘chirilish hamda fuqarolik infratuzilmasi vayron bo‘lishining oldini olish eng muhim vazifa bo‘lishi kerak. Men barcha tomonlarni jangovar harakatlarni to‘xtatishga hamda zo‘ravonlik uchun emas, balki muloqot uchun sharoitlar yaratishga chaqiraman”, deyiladi Oliy komissar bayonotida.

Oliy komissar har qanday harbiy harakatlarning kuchayishi inson huquqlari, shuningdek, xalqaro gumanitar huquqning buzilish xavfini oshirishini ham eslatib o‘tgan.

2,9 millionga yaqin odam yordamga muhtoj

BMT Gumanitar masalalarni muvofiqlashtirish boshqarmasi Matbuot kotibi Yens Lerkening ta’kidlashicha, u Ukraina sharqida jangovar harakatlar avj olgani haqidagi xabarlardan xavotirga tushgan. Ushbu o‘ta beqaror vaziyatda aholi va fuqarolik infratuzilmasini himoya qilish uchun hamma narsani qilish kerak. Xususan, BMT ham mintaqada gumanitar operatsiyalarini davom ettirmoqda.

Yens Lerkega ko‘ra, ayni vaqtda Ukrainada 2,9 millionga yaqin odam xalqaro gumanitar yordamga muhtoj. Ular, asosan, sharqdagi mojarodan jabr ko‘rgan va hukumat nazorati ostida bo‘lmagan hududlarda istiqomat qiladi. 

Ukrainadagi gumanitar hamjamiyat xolislik, mustaqillik va betaraflikni ko‘rsatib, aholining yordamga bo‘lgan mavjud hamda potensial ehtiyojlarini hal qiladi.

Bugungi kunda vaziyatni oldindan aytib bo‘lmaydi 

BMTning Qochqinlar bo‘yicha Oliy komissarligi boshqarmasi Matbuot kotibi Shabia Mantuning qayd etishicha, Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining (JSST) Yevropa mintaqaviy byurosi BMT tizimidagi boshqa idoralar bilan birgalikda Ukraina sharqidagi inqirozning kuchayishidan chuqur xavotir bildirgan. 

“Biz ko‘p yillardan buyon ushbu mintaqadamiz. Bugungi kunda vaziyatni oldindan aytib bo‘lmaydi, lekin biz hukumatlar va boshqa manfaatdor tomonlarning qochqinlarni himoya qilish hamda ko‘chirilgan odamlarga yechim topish bo‘yicha sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlashga tayyormiz”, deydi Shabia Mantou.

JSST zarur tibbiy yordamni o‘z vaqtida ko‘rsatilishini ta’minlashi lozim

“Har bir inson salomatligi va farovonligini himoya qilish JSSTning barcha vaziyatlarda, jumladan, gumanitar inqiroz va mojarolarda asosiy vazifasi hamda majburiyatidir”, deyiladi bayonotda.

Ta’kidlanishicha, JSSTning Ukrainadagi vakolatxonasi va BMTning Ukrainadagi doimiy koordinatori idorasi mamlakatning inqirozdan jabr ko‘rgan hududlari aholisiga zarur xizmatlar ko‘rsatishda Ukraina Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan yaqin hamkorlikni davom ettirmoqda.

Bayonotda JSST sog‘liqni saqlash tizimlarini himoya qilish, ayniqsa, hozirgi qiyin paytlarda zarur tibbiy yordamni o‘z vaqtida ko‘rsatish, COVID-19 va boshqa yuqumli kasalliklarning tarqalishi oldini olish bo‘yicha sa’y-harakatlarni davom ettirishda muhim ahamiyat kasb etishi ham eslatib o‘tilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

68

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing