Xarid cheklari bo‘yicha shikoyat qilish tartibi o‘zgardi
Jamiyat
−
30 may 2022
11397Joriy yilning 1 iyunidan boshlab, xarid cheklari bo‘yicha bir fuqaro tomonidan 24 soat ichida 2 tadan ortiq hamda 30 kalendar kuni davomida 1 ta shoxobcha bo‘yicha 1 martadan ko‘p murojaat yuborilishiga cheklov o‘rnatiladi. Bu haqda Davlat soliq qo‘mitasi Matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, joriy yilning 1 iyunidan boshlab, xarid cheklari bilan bog‘liq tizimda ayrim o‘zgarishlar bo‘ladi.
Unga ko‘ra, “Soliq” mobil ilovasi orqali mulkchilik shaklidan qat’i nazar, birinchi marotaba kelib tushgan murojaat bo‘yicha soliq to‘lovchi huzuriga borgan holda, profilaktik suhbat o‘tkazilib, tadbirkorlik sub’ektining qonun talablarida ish yuritishi to‘g‘risida rasman ogohlantiriladi. Unga nisbatan ta’sirchan moliyaviy jazo choralari ko‘rilmaydi.
Shuningdek, murojaat bo‘yicha sayyor soliq tekshiruvi o‘tkazilayotgan yoki o‘tkazilgan tekshiruv natijasi bo‘yicha qaror qabul qilish jarayonida ushbu sub’ekt bo‘yicha takroriy tushgan murojaatlar ko‘rib chiqilmaydi.
Jamoatchilik nazoratini kengaytirish maqsadida, bir fuqaro tomonidan 24 soat ichida 2 tadan ortiq hamda 30 kalendar kuni davomida 1 ta shoxobcha bo‘yicha 1 martadan ko‘p murojaat yuborilishiga cheklov o‘rnatiladi.
E’tiborga molik jihat shuki, bir fuqaro tomonidan yuboriladigan murojaatlarga cheklov kiritish va jamoatchilik nazoratini kengaytirish bir-biriga qanday bog‘langani tushunarsiz. Bu amalda jamoatchilik nazoratiga cheklov kiritish emasmi?
Davlat soliq xizmati organlari xodimlarining huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi murojaatlari mukofot to‘lanmaydigan murojaatlar sifatida qayd qilinadi.
LiveBarchasi