Xalq ta’limi tizimi isloh qilinadi – Prezident farmoyishi

Jamiyat

image

Joriy yilning 3 fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Xalq ta’limi tizimini isloh qilish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoyishi qabul qilindi.

Xalq ta’limi tizimini yanada rivojlantirish, sohaga doir yangi tashabbuslarni ilgari surish va ularni qo‘llab-quvvatlash, ta’lim va tarbiya sifatiga bevosita va bilvosita ta’sir qilishi mumkin bo‘lgan masalalarni hal qilish, mas’ul vazirlik va idoralar, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining bu boradagi faoliyatini muvofiqlashtirib borish maqsadida mazkur yo‘nalishda quyidagilar tashkil etiladi:

  • Xalq ta’limi tizimini isloh qilish bo‘yicha milliy kengash;
  • xalq ta’limi tizimini isloh qilish bo‘yicha Qoraqalpog‘iston, viloyatlar va Toshkent shahar kengashlari (keyingi o‘rinlarda — hududiy kengashlar);
  • xalq ta’limi tizimini isloh qilish bo‘yicha tuman (shahar) kengashlari (keyingi o‘rinlarda — tuman (shahar) kengashlari).

Milliy kengashning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilandi:

  • milliy ta’lim tizimini yo‘lga qo‘yish, darslik va o‘quv qo‘llanmalarini zamon talablari asosida takomillashtirish hamda ularning yangi avlodini yaratish, o‘quv dasturlarini ilg‘or xorijiy tajriba asosida optimallashtirish bo‘yicha ishlarni muvofiqlashtirish;
  • o‘qituvchi kasbining maqomi va obro‘sini ko‘tarish, ularning moddiy va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlanishini ta’minlash, samarali mehnat faoliyati uchun munosib sharoitlar yaratish;
  • Yangi O‘zbekiston taraqqiyoti, boy madaniy-tarixiy meros, milliy urf-odat, vatanparvarlik va umuminsoniy qadriyatlar g‘oyalari asosida ma’naviy yetuk avlodni tarbiyalashning samarali pedagogik shakl va metodlari tatbiq etilishini tashkillashtirish;
  • umumiy o‘rta ta’lim muassasalari bino va inshootlarini qurish, rekonstruksiya qilish, joriy va mukammal ta’mirlash bo‘yicha ishlarni muvofiqlashtirish va monitoringini olib borish, mazkur ishlarda zamonaviy texnologiyalar va energiya tejamkor materiallar qo‘llanilishini ta’minlash;
  • xalq ta’limi sohasidagi ishlarning ahvolini tizimli tahlil va monitoring qilish, mas’ul vazirlik, idora va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlarining bu borada qilingan ishlar bo‘yicha hisobotlarini tinglash, shu asosda ularni rag‘batlantirish yoki javobgarlikka tortish bo‘yicha choralar ko‘rish;
  • xalq ta’limi sohasidagi davlat dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirishni tashkillashtirish, mazkur sohadagi qonunchilik hujjatlarini va huquqni qo‘llash amaliyotini yanada takomillashtirish va boshqalar.

Hududiy kengashlarga tuman (shahar) kengashlari bilan birgalikda 2022 yil 15 fevralga qadar umumiy o‘rta ta’lim muassasalari direktorlari, pedagog kadrlar, o‘quvchilarning ota-onalari, malakali mutaxassislar va xorijiy ekspertlarni jalb qilgan holda xalq ta’limi tizimini isloh qilish bo‘yicha tuman (shahar) kesimida yillik hududiy dasturlarni ishlab chiqish va keng muhokama qilish uchun rasmiy veb-saytlar, OAV va ijtimoiy tarmoqlarda joylashtirish topshirildi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

307

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing