Xalqaro hamjamiyatning Afg‘on muammosiga e’tibori susaydi – Norov

Jamiyat

image

Joriy yilning iyul oyi oxirida Toshkent shahrida Afg‘oniston bo‘yicha oliy darajadagi xalqaro konferensiya tashkil etiladi. Bu haqda O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Vladimir Norov Dushanbe shahrida bo‘lib o‘tyotgan MDH Tashqi ishlar vazirlari Kengashining majlisidagi nutqida ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, Toshkentda o‘tkazilishi rejalashtirilgan konferensiyada Afg‘onistonning bugungi kuni va kelajagi, mamlakatning og‘ir ijtimoiy muammolarini hal qilish bilan bog‘liq masalalar muhokama qilinadi.

Vladimir Norovga ko‘ra, hamdo‘stlik hududida, birinchi o‘rinda “Shimol-Janub” yo‘nalishidagi mintaqalararo va transkontinental transport yo‘laklari tizimini, shu jumladan “Termiz – Mozori-Sharif – Qobul – Peshavor” yo‘nalishidagi temir yo‘lini diversifikatsiya qilish bo‘yicha sa’y-harakatlarni birlashtirish muhim.

“Afsuski, xalqaro hamjamiyatning Afg‘onistondagi vaziyatga e’tibori susayganiga guvoh bo‘lmoqdamiz. Ayni paytda u yerdagi vaziyat og‘ir iqtisodiy inqiroz va qiyin gumanitar vaziyat keskinligicha qolib, mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikka tahdidlar saqlanib qolmoqda”, deydi Norov.

Unga ko‘ra, hamjamiyat ushbu mamlakatning bugungi kuni va kelajagi uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olishi hamda Afg‘onistonning og‘ir ijtimoiy muammolarini hal qilishda yordamni davom ettirishga qaratilgan aniq choralarni ko‘rishi kerak. 

“Joriy yil iyul oyi oxirida Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan Afg‘oniston bo‘yicha oliy darajadagi xalqaro konferensiya ushbu masalalarni dolzarblashtirish va har tomonlama muhokama qilish uchun qulay imkoniyat yaratadi”, deya ta’kidladi siyosatchi. 

Shuningdek, Vladimir Norov MDH Tashqi ishlar vazirlarini Afg‘on muammosini hal etish borasidagi sa’y-harakatlarni birlashtirish maqsadida ushbu muhim tadbirda ishtirok etishga taklif qildi.

Ma’lumot uchun, Muqaddas Ramazon hayiti arafasida O‘zbekistondan Afg‘onistonga 58 vagondan iborat, 4 ming tonnadan ortiq oziq-ovqat, dori-darmon va kiyim-kechak yuklangan yana bir gumanitar yordam poyezdi jo‘natildi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

74

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing