“Ketishga tayyor edim”. Ronaldu mojaro yuzasidan bayonot berdi
Sport
−
09:33 2570 2 daqiqa
Hujumchi Krishtianu Ronaldu 2026 yilgi Jahon chempionatidan keyin Portugaliya terma jamoasidagi faoliyatini yakunlashga tayyor bo‘lgan va hatto bu haqda bayonot ham tayyorlagan. Biroq Portugaliya futbol federatsiyasi rahbariyati hamda terma jamoaning yangi bosh murabbiyi Jorje Jezus futbolchini bu qaroridan qaytargan. Bu haqda Ronaldu Instagram sahifasida ma’lum qildi.
“2026 yilgi Jahon chempionatidan keyin men Portugaliya xalqiga maktub tayyorlagan edim. Unda terma jamoani butunlay tark etayotganimda aytishni istagan so‘zlarim bor edi. AQSHdan qaytayotganimda federatsiya prezidenti mendan ketish qarorimni qayta ko‘rib chiqishimni so‘radi va talab qildi. Shundan so‘ng u mendan o‘sha paytda ko‘rib chiqilayotgan bosh murabbiy nomzodlari, jumladan, hozirgi murabbiy haqidagi fikrimni so‘radi. Men bu to‘g‘ri tanlov bo‘lishini aytdim. Shuning uchun hozirgi bosh murabbiy menga tanishtirilgan kuni uning tanlovidan chin dildan mamnun bo‘ldim. Bu to‘g‘ri qaror edi, natijalar ham buni tasdiqlamoqda”, deydi Ronaldu.
Ronaldu Millatlar ligasi yangi mavsumining Uelsga qarshi dastlabki o‘yinida 1:0 hisobidagi g‘alabada ishtirok etdi. Keyin esa Norvegiyaga qarshi 2:1 hisobida yakunlangan uchrashuvda zaxirada qoldirildi.
Futbolchining so‘zlariga ko‘ra, uning dastlab Norvegiyaga qarshi bahsda maydonga tushishi rejalashtirilmagan. Biroq murabbiy undan 30 daqiqaga tayyor turishni so‘ragan va futbolchi qizib olish uchun chigalyozdi mashg‘ulotlarni amalga oshirgan, ammo yakunda zaxirada qolgan. Ronalduning aytishicha, murabbiy bu holatni o‘yindan keyingi matbuot anjumanida tushuntirishi kerak edi, ammo buni amalga oshirmagan.
Avvalroq, Ronalduning terma jamoani tark etish niyati borligi haqida xabar berilgan. Keyinchalik esa CNN Portugal nashri, toki Jorje Jezus bosh murabbiy bo‘lib qolar ekan, futbolchi Portugaliya terma jamoasi safida o‘ynash niyatida emasligini ma’lum qilgan.
Portugaliya futbol federatsiyasining intizom qoidalariga ko‘ra, terma jamoa yig‘inini ruxsatsiz tark etish futbolchining bir oydan olti oygacha muddatga o‘yinlardan chetlatilishi va 500 dan 1000 yevrogacha jarimaga tortilishiga sabab bo‘lishi mumkin.
Ma’lumot uchun, 41 yoshli Krishtianu Ronaldu besh karra Chempionlar ligasi g‘olibi, Yevropa chempioni va ikki karra Millatlar ligasi g‘olibi hisoblanadi. U milliy terma jamoalar, Yevropa chempionatlari, Chempionlar ligasi hamda klublar o‘rtasidagi Jahon chempionati tarixida eng ko‘p gol urgan futbolchilardan biri hisoblanadi. Ronaldu 2022 yil dekabridan buyon Saudiya Arabistonining “Al-Nasr” klubi sharafini himoya qilib kelmoqda. U faoliyati davomida 979 ta gol urgan bo‘lib, ularning 146 tasi Portugaliya terma jamoasi, 833 tasi esa klublar safida kiritilgan.
Live
Barchasi