Kurs UZS

USD

12 938.11

18.11

EUR

14 076.66

-25.52

RUB

149.99

0.47

Kelloggning Kiyevga tashrifi nima olib keldi?

Tahlil

image

19 fevral kuni ertalab Kiyevdagi Markaziy temiryo‘l vokzalida poyezddan tushar ekan, AQSH Prezidenti Donald Trampning Ukraina va Rossiya bo‘yicha maxsus vakili Kit Kellogg shunday dedi:

“Biz tinglaymiz. Biz kerakli narsani berishga tayyormiz”.

Uning ta’kidlashicha, tashrif “yaxshi potensial muzokaralar o‘tkazish imkoniyati” va uning vazifasi tinglash va AQSH Prezidenti Donald Trampga ma’lumot yetkazishdir.

Ukrainaga qaytganimdan xursandman – Kellogg

Kellogg Ukrainaga safari davomida ko‘p jamoatchilikka izoh bermadi. Shu vaqt ichida u X ijtimoiy tarmog‘idagi ikkita qisqa post bilan cheklandi.

20 fevral kuni  ertalab Kit Kellogg shunday deb yozgan edi:

“Ushbu shafqatsiz urushni tugatish uchun ko‘p ish qilishimiz kerak, biroq Qo‘shma Shtatlar mustahkam tinchlik o‘rnatishga ko‘maklashish uchun og‘ir ishlarni qilishga sodiqdir. Bugun Andrey Yermak (Ukraina Prezidenti devoni rahbari) kabi rasmiylar bilan foydali suhbatlar bo‘ladi”.

Shuningdek, u “Ukrainaga qaytishdan xursand ekanini” qo‘shimcha qildi.

Qayd etish joiz, 2023 yilda Kellogg Ukrainaga oddiy fuqaro sifatida tashrif buyurdi. O‘sha paytda u Xarkov meri Igor Terexov bilan uchrashgan hamda bosib olingan va frontga yaqin shaharlarga borgan.

Trampning maxsus vakili bilan uchrashgandan so‘ng, Yermak shunday dedi:

“Ukraina uchun u frontda sodir bo‘layotgan voqealar haqida, shu yillar davomida o‘zgarmagan millatimizning matonat va ruhi haqida to‘liq ma’lumot olishi, buni o‘z ko‘zi bilan ko‘rishi va barcha tafsilotlarni olishi muhimdir. Biz Amerikaning mamlakatimizni doimiy qo‘llab-quvvatlashiga ishonamiz. Biz mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlar ochiq bo‘lib qolishini, ishonch va o‘zaro muvaffaqiyat tamoyillariga asoslanishini istaymiz”, deydi Yermak.

O‘sha kuni Kit Kellogg Ukraina Qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Aleksandr Sirskiy, razvedka va maxsus xizmatlar rahbarlari bilan ham gaplashgan. Biroq bu uchrashuvlar tafsilotlari ommaga oshkor etilmadi.

“Ukraina oliy rahbariyati bilan uzoq va qizg‘in kun. Urushdagi xalqning jasur, jangovar rahbari Vladimir Zelenskiy va uning milliy xavfsizlik bo‘yicha iqtidorli jamoasi bilan keng ko‘lamli va ijobiy muhokamalar”, deb yozdi Kellogg kecha, 21 fevral kuni.

Matbuot anjumani bekor qilindi

20 fevral kuni Kellogg Ukraina Tashqi ishlar vaziri Andrey Sibiga, so‘ng Ukraina Prezidenti qarorgohi, Mariinskiy saroyida Vladimir Zelenskiy bilan uchrashdi.

Suhbatning boshlanishi jurnalistlar, televideniye va fotokameralar ko‘z o‘ngida ostida bo‘ldi. Zelenskiy qo‘l berib ko‘rishib, bir-birlarining yelkasiga urib qo‘yganidan so‘ng, Kellogga tashrif uchun minnatdorlik bildirdi, shundan so‘ng ikkalasi muzokara stoliga o‘tirdi va kameralar o‘chdi.

Uchrashuvdan so‘ng matbuot anjumani o‘tkazilishi kutilgan edi, biroq Ukraina Prezidenti matbuot kotibi Sergey Nikiforov u bekor qilinganini aytdi.

“Amerika tomonining iltimosiga ko‘ra, tadbir formati protokolli tasvirga olish tarzida bo‘ladi. Bayonotlar, savol-javoblar taqdim etilmaydi”, dedi Nikiforov.

“Umidni tiklaydigan uchrashuv”

Keyinchalik Vladimir Zelenskiy Kellogg bilan suhbatga izoh berib, uni “yaxshi” deb atadi.

“Biz jang maydonidagi vaziyat va barcha asirlarimizni qanday qaytarish, shuningdek, samarali xavfsizlik kafolatlarini batafsil muhokama qildik. Ukraina bu urushning birinchi soniyasidan boshlab tinchlikka intilmoqda va biz tinchlikni ishonchli va uzoq muddatli qilishimiz mumkin va qilishimiz kerak, shunda Rossiya hech qachon urush bilan qaytmaydi”, deb ta’kidladi Zelenskiy.

Keyinchalik, kechki videomurojaatda u Kellogg bilan uchrashuv “umidni qayta tiklashini” qo‘shimcha qildi va yana AQSH bilan kelishuvlarni esladi:

“Men ularga tez va juda ehtiyotkorlik bilan ishlashni buyurdim. Iqtisodiyot va xavfsizlik har doim yonma-yon borishi kerak va shartnomalar tafsilotlari muhim: tafsilotlar qanchalik yaxshi yozilsa, natija shunchalik katta bo‘ladi”.

“Tramp bilan aloqa kanalidan foydalanish”

Bu tashrif natijalarini hozircha baholash qiyin. Oliy Radaning tashqi siyosat va parlamentlararo hamkorlik qo‘mitasi raisi Aleksandr Merejkoning aytishicha, Kellogg Donald Tramp ma’muriyati va Ukraina o‘rtasidagi munosabatlardagi tanqidiy pallaga kelgani va Trampning so‘nggi bayonotlari munosabati bilan “juda qiyin vaziyatga tushib qolgan”.

“Menimcha, bu Kellogg uchun ham kutilmagan bo‘ldi. Ya’ni, u bitta messej bilan kelgandi, lekin u yetib kelganida butunlay boshqa narsalar boshlandi. Uning bunga tayyor ekaniga ishonchim komil emas”, dedi Merejko.

Biroq, uning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina uchun hozirgi tanqidiy pallada xabarlar va dalillarni takrorlash uchun Tramp bilan aloqa kanalidan foydalanish muhim. Merejkoning fikricha, bu tashrif so‘nggi paytlarda yuzaga kelgan “tushunmovchiliklarni” biroz bo‘lsa-da yumshatishga va Trampning Ukrainaga tashrifi esa Vashington va Kiyev o‘rtasidagi munosabatlarni normallashtirishga yordam beradi.

Kiyev iqtisodiyot universiteti prezidenti Timofey Milovanovning so‘zlariga ko‘ra, Kellogg va Zelenskiy matbuot anjumanining bekor qilinishi ikki sababga ko‘ra sodir bo‘lgan bo‘lishi mumkin.

“Yoki aytadigan gapi yo‘q, yoki tomonlardan biri ko‘p narsa aytmoqchi bo‘lgan. Ammo u buni keyinroq, hatto bugun ham qila oladi. Bevosita yoki bilvosita boshqa manbalar orqali. Hozircha bu menga xunuk savdolashuv kabi ko‘rinadi. Agar bu to‘g‘ri bo‘lsa, tez orada (munosabatlarda) ilish bo‘ladi. Agar bu yaqin 5-10 kun ichida amalga oshmasa, bizda yangi diplomatik dushman paydo bo‘ladi va Yevropa tomonidan qo‘llab-quvvatlash sezilarli darajada oshadi. Men birinchisini kutaman, lekin men optimistman”, deb yozdi Milovanov Facebook'da.

“Zelenskiyni Rossiya bilan urushni tugatishga ishontirish”

Ayni paytda AQSH Prezidentining milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Maykl Uolts Kellogg Zelenskiy bilan uchrashib, uni Rossiya bilan urushni tugatishga ko‘ndirganini aytdi.

“Bu haqiqatan ham Ukraina manfaatlariga mosmi? Yoki Yevropa manfaatlariga? Bu urush abadiy davom etishi Rossiya yoki Amerika xalqi manfaatlariga mos emas, albatta. Demak, uning suhbatining asosiy qismi Prezident Zelenskiyga bu urush tugashi kerakligini tushunishga yordam berdi”, dedi Uolts Oq uydagi brifingda.

Uning ta’kidlashicha, amerikaliklar AQSH Prezidenti Donald Trampning “nafaqat Putin bilan muomala qila olishiga, balki bu qiyin urushni tugatishiga ham shubha qilmayapti”.

“Yaxshi texnik suhbat”

“Ukraina prizmasi” tashqi siyosat kengashi eksperti Aleksandr Krayev Kit Kelloggni AQSHning yangi ma’muriyatidagi eng ukrainaparast amaldor deb ataydi va uning tashrifi muvaffaqiyatli o‘tdi hamda bu Ukraina va AQSH o‘rtasida muzokaralar olib borilayotganidan dalolat beradi, deb hisoblaydi.

“U Ukrainaga Rossiya va AQSH vakillari Saudiya Arabistonida muhokama qilgan masalalar bo‘yicha bizning tomonimizni tinglash va Tramp ma’muriyati amalga oshiradigan rejaning yakuniy jihatlarini biz bilan muhokama qilish uchun kelgan. Bu bosqichda ommaviy ravishda e’lon qiladigan hech narsa yo‘q edi, shuning uchun matbuot anjumani ham bo‘lmadi, chunki, qoida tariqasida, bu ommaviy suhbat emas edi va ayniqsa ommaviy tashrif emas edi. Aniqki, agar u – Trampning kechagi so‘zlaridan keyin – Zelenskiy bilan matbuot anjumaniga chiqadigan bo‘lsa, ulardan faqat Tramp nima degani haqida so‘rashgan bo‘lardi”, dedi Krayev “Deutsche Welle” bilan suhbatda.

Milliy strategik tadqiqotlar instituti tashqi siyosatni o‘rganish markazi bosh maslahatchisi Ivan Usning aytishicha, Ukraina tomoni va Kit Kellog o‘rtasida “yaxshi texnik suhbat” bo‘lgan, ya’ni Kellogg asta-sekin vaziyatga kirib bormoqda va Ukrainaning kayfiyati va ehtiyojlarini kuzatib borishni xohlaydi.

“O‘ylashimcha, AQSH shunchaki monitoring o‘tkazishni, nima bo‘layotganini tushunishni va keyin texnik vakillar darajasida iloji bo‘lsa, Ukrainani qo‘llab-quvvatlashni davom ettirish zarurligini tushuntirmoqchi”, deydi ekspert.

Uning fikricha, Trampning bayonotlari hali AQSHning harakatlari emas.

“Tramp dunyoda ro‘y berishi kerak bo‘lgan muhim o‘zgarishlardan manfaatdor va u, aytishayotganidek, hamma narsani ostin-ustun qiladi va shu nuqtai nazardan, men uning Ukraina haqidagi bayonotini ham his qilaman. U hammaga tahdid solayotganga o‘xshaydi, lekin hali hech qanday jiddiy qadamlar qo‘yish nuqtasiga etib bormadi. Ammo bu yerda hech kim Tramp aslida biror narsa qiladigan chegara qayerda ekanligini bilmaydi”, deb ta’kidladi Ivan Us.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Rossiya Donal'd Tramp Rossiya-Ukraina Ukraina Kit Kellogg

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing