Kelgusi yil yakunigacha O‘zbekiston Konstitutsiyasida yirik o‘zgarishlar qilinadi

Jamiyat

image

2022 yil – O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 30 yilligi arafasida mamlakat bosh qomusiga yirik o‘zgartirishlar kiritiladi. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyevning Konstitutsiya qabul qilinganining 29 yilligi munosabati bilan O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan bayram tabrigida so‘z borgan. 

“Taraqqiyot strategiyasida o‘z aksini topayotgan, adolatli va xalqparvar davlat barpo etishda muhim ahamiyat kasb etadigan vazifalarni amalga oshirish uchun, avvalo, yangi konstitutsiyaviy makon hamda yanada mustahkam qonunchilik bazasi kerak bo‘lishini, o‘ylaymanki, barchamiz yaxshi tushunamiz. Shu ma’noda, Asosiy qonunimizni jamiyatdagi bugungi real voqelikka, shiddatli islohotlarimiz mantig‘iga moslashtirish, Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi uchun mustahqam huquqiy poydevor yaratish muhim vazifaga aylanmoqda”, deyiladi Prezident nutqida.

Davlat rahbari mamlakat Konstitutsiyasida o‘zgartirishlarga asos bo‘ladigan 9 holatni sanagan. 

Birinchidan, ilgari amal qilib kelgan “davlat – jamiyat – inson” tamoyilini “inson – jamiyat – davlat” deb o‘zgartirish, uni milliy qonunchiligimiz va huquqiy amaliyotimizda mustahkamlash zarur.

Ikkinchidan, iqtisodiy islohotlar jarayonida inson manfaatlarini ta’minlash bosh mezon bo‘lishi kerak. Bu – xalqparvar davlat barpo etishning eng muhim shartidir.

Uchinchidan, “Jamiyat – islohotlar tashabbuskori” degan ezgu g‘oya doirasida Asosiy qonunimizda fuqarolik jamiyati institutlarining o‘rni va maqomini konstitutsiyaviy jihatdan mustahkamlash ham davr talabidir.

To‘rtinchidan, Bosh qomusimizda oila institutini rivojlantirish, ezgu insoniy qadriyatlarimizni kelgusi avlodlarga bezavol yetkazish, millatlararo totuvlikni yanada mustahkamlash bo‘yicha konstitutsiyaviy asoslarni belgilab qo‘yishimiz zarur.

Beshinchidan, farzandlarimiz Yangi O‘zbekiston bunyodkorlari sifatida maydonga chiqayotgan bugungi kunda Konstitutsiyamizda yoshlarning huquq va manfaatlarini to‘la ta’minlash maqsadida yoshlar sohasidagi davlat siyosati, o‘g‘il-qizlarimizni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash masalasi, ularning huquq va burchlari konstitutsiyaviy darajada o‘z aksini topishi kerak.

Oltinchidan, hozirgi kunda O‘zbekiston ijtimoiy davlat va adolatli jamiyat qurish sari dadil bormoqda. Shu sababli “Yangi O‘zbekiston – ijtimoiy davlat” degan tamoyilni konstitutsiyaviy qoida sifatida muhrlashning vaqti-soati yetdi, deb o‘ylayman.

Yettinchidan, inson huquqlarini himoya qilish bo‘yicha amaldagi tizimning samarasini oshirish maqsadida Konstitutsiyamizda bolalar mehnatiga yo‘l qo‘ymaslik, nogironlar, keksa avlod vakillarining huquqlarini ishonchli himoya qilish masalalari ham o‘z aksini topishi zarur.

Sakkizinchidan, hozirgi vaqtda ko‘plab rivojlangan davlatlar, tabiatdagi global o‘zgarishlarni hisobga olib, o‘z konstitutsiyasiga ekologiyaga oid maxsus boblar kiritmoqda. O‘zbekiston Konstitutsiyasida ham ushbu dolzarb masalaga doir huquqiy normalar ustuvor o‘rin egallashi lozim.

To‘qqizinchidan, Uchinchi Renessansning to‘rt uzviy halqasi bo‘lmish bog‘cha, maktab, oliy ta’lim va ilm-fan sohalarini rivojlantirish masalalarini konstitutsiyaviy darajada mustahkamlab qo‘yish ham maqsadga muvofiqdir.

Prezidentga ko‘ra, Konstitutsiyani yangilashdek g‘oyat muhim, strategik vazifani hal etishda yetti marta emas, yetmish marta o‘ylab, xalqbilan har tomonlama maslahatlashgan holda, ichki va tashqi ilg‘or tajribalarni chuqur o‘rganib, aniq qaror qabul qilish zarur.

“Oliy Majlis palatalari, hurmatli deputat va senatorlarimiz, muhtaram nuroniylar, xotin-qizlar, yoshlar jamoatchiligi, huquqshunos va siyosatshunos olimlarimiz, ilm-fan namoyandalari, ijodkor ziyolilarimiz, butun xalqimiz bu masalada o‘zining aniq fikr va qarashlarini bildiradilar, deb ishonaman”, deydi Prezident.

U o‘z so‘zida davomida atoqli davlat va siyosat arbobi Uinston Cherchillning “Yaxshi bo‘lish uchun – o‘zgarish kerak, yaxshilarning yaxshisi bo‘lish uchun esa yanada ko‘proq o‘zgarish kerak”, degan so‘zlarini iqtibos sifatida keltiradi. 

“Darhaqiqat, bugungi shiddatli davr bizdan zamonga mos harakat va o‘zgarishlarni talab etmoqda. Ana shunday talabga javob beradigan mukammal Konstitutsiyaga ega bo‘lish uchun Asosiy qonunimizning yangi loyihasini tayyorlashimiz, uni umumxalq muhokamasiga qo‘yib, bildirilgan takliflar asosida takomillashtirish, ushbu muhim siyosiy hujjatni 2022 yil O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 30 yillik bayrami nishonlanadigan kunlarda qabul qilish, o‘ylaymanki, milliy davlatchilik an’analarimizga, xalqimiz manfaatlariga munosib ish bo‘ladi”, deydi Mirziyoyev.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

119

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing