Kelasi yil yangi tartibdagi attestatsiyadan 2514 ta maktab o‘tkaziladi

Jamiyat

image

Hukumatning joriy yil yil 7 iyundagi 470-sonli qarori bilan tasdiqlangan "Davlat ta’lim muassasalari hamda nodavlat ta’lim tashkilotlarini attestatsiyadan va davlat akkreditatsiyasidan o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizom"ga ko‘ra, attestatsiya jarayonlari mutlaqo yangi tartib asosida tashkil etilishi belgilandi.

Bu haqda kecha, 24 oktyabr kuni poytaxtning Uchtepa tumanidagi 238-umumta’lim maktabida o‘tkazilgan "Umumiy o‘rta va maktabdan tashqari ta’lim tashkilotlarini attestatsiyadan o‘tkazish – ta’lim sifatini oshirishning muhim omili" mavzuidagi  respublika seminarida aytib o‘tildi.

Qayd etilganidek, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi va Xalq ta’limi vazirligi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda umumiy o‘rta ta’lim maktablarini attestatsiyadan va davlat akkreditatsiyasidan o‘tkazishdagi yangicha tartiblar qo‘llaniladi.

Xususan, umumiy o‘rta ta’lim maktablarini attestatsiyadan o‘tish davriyligi 9 yildan 5 yilga, attestatsiya davomiyligi esa 10 kundan 3 kungacha qisqartirildi.

Mazkur nizomga muvofiq umumiy o‘rta ta’lim maktablarini 2020-2024 yillarda attestatsiyadan o‘tkazish grafigi tasdiqlandi hamda attestatsiyadan o‘tkazish mezonlari ishlab chiqildi.

Ushbu grafik va mezonlar asosida 2020 yil davomida 2 ming 514 ta umumiy o‘rta ta’lim maktablari attestatsiya va davlat akkreditatsiyasidan o‘tkaziladi.
Seminarda so‘zga chiqqan xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov bugungi kunga qadar umumta’lim maktablari faoliyatini baholash bo‘yicha yaxlit samarali tizim bo‘lmaganini ta’kidlar ekan, attestatsiyadan o‘tkazish jarayonini qog‘ozbozlikdan holi va adolatli ko‘rinishda tashkil etish lozimligini aytib o‘tdi.

Ta’lim inspeksiyasi boshlig‘i Ulug‘bek Toshkenboyev yangi baholash mezonlari ilg‘or xalqaro tajribadan foydalangan holda YUNISEF ekspertlari bilan hamkorlikda ishlab chiqilganligini aytib, ushbu jarayondagi bir qator yangiliklar haqida ma’lumot berdi. 

Xususan, umumiy o‘rta ta’lim maktablarini attestatsiyadan o‘tkazuvchi komissiya tarkibi tubdan qayta ko‘rib chiqilgan. Endilikda attestatsiya komissiyasi tuman (shahar) hokimligi tomonidan emas, balki bevosita xalq ta’limi bo‘limi tomonidan boshqarilishi belgilangandi.

Inspeksiya bosh boshqarma boshlig‘i Asliddin Odilov umumiy o‘rta ta’lim maktablari faoliyatini baholash vositalari va mexanizmlari soddalashtirilib, attestatsiyadan o‘tkazish va akkreditatsiyalash jarayonlari elektronlashtirilganini ma’lum qildi.

Endilikda jahon tajribasidan kelib chiqqan holda ichki va tashqi attestatsiya o‘tkazilishi belgilanib, ta’lim muassasalarining bevosita o‘zini o‘zi baholashda ishtirok etishi ko‘zda tutilgan.


Maqola muallifi

Teglar

maktablar attestatsiyadan o'tkaziladi 2514 ta maktab

Baholaganlar

22

Reyting

2.8

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

Mavzuga doir yangiliklar