Qazzofiyning mahv etilishi: Afrika qirollari qirolining o‘ldirilganiga 10 yil to‘ldi
Bu qiziq
−
20 Oktabr 2021
27142“Demokratiya bilan boshboshdoqlikning orasi bir qadam”
Napoleon Bonapart
2010-2011 yillarda arab mamlakatlarida hokimiyat boshqaruviga qarshi “Arab bahori” deb nomlangan norozilik namoyishlari boshlanib ketdi. Bu tartibsizliklar siyosatchilar va davlat rahbarlari uchun kutilmagan voqea bo‘ldi. Arab dunyosiga yoyilgan bu inqilobiy harakatlar Tunisda Ben Ali, Misrda Husni Muborak hokimiyatini bir kechada qulatdi. Galdagi nishon Liviya edi. Biroq, mamlakat rahbari polkovnik Muammar al-Qazzofiy taslim bo‘lishni istamadi. Bu esa birinchi navbatda AQSH hamda uning ittifoqchilari Buyuk Britaniya va Fransiyaga yoqmadi.
2011 yil 19 mart tush vaqti AQSH va NATO harbiy samolyotlari havoga ko‘tarildi. Ularning nishoni Beng‘ozi shahri bo‘lib, u yerda Liviya rahbari Muammar al-Qazzofiyning asosiy qo‘shinlari joylashgan edi. Hujum natijasida, Qazzofiy kuchlari tag-tugi bilan yo‘q qilib tashlandi. 20 oktyabr kuni ikki oyog‘idan yaralangan davlat rahbari qo‘lga olinib, xalqqa topshirildi. Yig‘ilgan ongsiz olomon o‘z davlat rahbarini shafqatsizlarcha urib o‘ldirdi. Bugungi maqolamizda, bundan roppa-rosa o‘n yil avval, tashqi kuchlar aralashuvi bilan hokimiyatdan ag‘darilgan Liviya diktatori Muammar al-Qazzofiyning ayanchli qismati haqida so‘z yuritamiz.
Qazzofiyning hokimiyatga kelishi
Liviyadagi fuqarolar urushining sabablarini yaxshiroq tushunish uchun Qazzofiyning hokimiyat tepasiga kelgan vaqtdan boshlab, 2011 yilgacha bo‘lgan mamlakat tashqi va ichki siyosatini tahlil qilish lozim.
1969 yilgacha Liviyada konstitutsion monarxiya tuzumi hukmron edi. Qirol Idris G‘arb mamlakatlari qo‘lidagi bir qo‘g‘irchoq hisoblangan. Chunki, Liviya Ikkinchi jahon urushidan oldin Italiya mustamlakasi bo‘lgan. Urushda Italiya mag‘lubiyatga uchradi. Shundan so‘ng, Liviya yerlari Fransiya va Buyuk Britaniya nazoratiga o‘tdi. 60-yillarning oxiriga kelib, ayrim arab davlatlarida sotsialistik tuzum o‘rnatildi. Xususan, 1952 yilda Misrda, 1963 yilda Suriyada SSSR namunasidagi davlat tuzildi. Bu harakatlar Liviyaga ham o‘z ta’sirini o‘tkazdi. Mamlakatdagi bir guruh harbiylar Liviyada sotsialistik tuzum o‘rnatishga harakat boshlashdi. Polkovnik Muammar Qazzofiy bu harakatga boshchilik qildi.
1969 yil 1 sentyabr kuni, qirol Idris Turkiyada davolanayotgan bir vaqtda, 28 yoshli polkovnik Muammar Qazzofiy boshchiligidagi “Ozod ofitserlar” guruhi Liviyada davlat to‘ntarishi uyushtirdi. Bu inqilobni maxfiy tarzda SSSR va Misr kuchlari qo‘llab turdi. Shunday qilib, qo‘g‘irchoq qirol taxtdan ag‘darildi.
Qazzofiyning ichki siyosati
Liviyada hokimiyat, inqilobiy qo‘mondonlik kengashi qo‘liga o‘tgach, mamlakat nomi Liviya Arab Respublikasi deb e’lon qilindi. Kengash boshqaruvi Qazzofiy qo‘liga o‘tdi. 1970 yilda Muammar Qazzofiy Liviya Bosh vaziri va Mudofaa vaziri lavozimini egalladi. Davlat boshqaruvini o‘z qo‘liga olgan polkovnik Liviya hududidagi Buyuk Britaniya va AQSH harbiy bazalarini chiqarib yubordi. 1970 yildan boshlab mamlakatdagi barcha xorijiy banklar va neft zavodlari milliylashtirildi.
1977 yil 2 mart kuni Liviyaning Sebxa shahrida bo‘lib o‘tgan Liviya umumxalq kongressining navbatdan tashqari sessiyasida “Sebha deklaratsiyasi” qabul qilindi. Unga ko‘ra, mamlakatda “Jamaxiriya”, deb nomlangan yangi davlat boshqaruv shakli joriy etildi. Davlat nomi Sotsialistik Xalq Liviya Arab Jamahiriyasi, deb e’lon qilindi.
Liviyada monarxiya ag‘darilishidan oldin, mamlakat aholisining 27 foizi savodli edi. Inqilobdan o‘n yil o‘tib, mamlakatda 220 ta kutubxona, 20 ta oliy o‘quv yurti ochildi. 1977 yilga kelib aholining savodxonlik darajasi 51 foizga ko‘tarildi. 1980 yilda 180 mingdan ortiq uy-joy qurildi. Bu boshpanasiz yashab kelayotgan muhtojlarning qariyb 80 foizini zamonaviy uy-joy bilan ta’minlash imkonini berdi.
Liviya asosan neftga boy hudud hisoblangan. Bundan tashqari Qazzofiy mamlakatning cho‘l hududlariga suv yetkazib berish uchun “Buyuk sun’iy daryo”, deb nomlangan yirik sug‘orish loyihasini ishlab chiqdi. Loyihaga ko‘ra, ichimlik suvi 500 metr chuqurlikdagi 1300 ta quduqdan qazib chiqarilishi kerak edi. Muammar Qazzofiy bu daryoni dunyoning “sakkizinchi mo‘jizasi” deb atadi.
Qazzofiy yuritgan tashqi siyosat
Muammar Qazzofiy davrida Liviya Yaqin Sharq va Afrika davlatlaridagi muammolariga faol aralashdi. Xususan, Falastindagi terroristik guruhlarga yordam berdi. Bundan tashqari, Liviya hukumati qo‘shni davlat Chadga hududiy da’volarni e’lon qildi. Qazzofiy da’vo ortidan Chadga qo‘shin kiritdi. Bu o‘z navbatida Xalqaro kuchlarning noroziligiga sabab bo‘ldi.
Tashqi siyosatda Liviya hukumati inqilobiy va terroristik tashkilotlarga, ayniqsa panislomizm g‘oyalariga rioya qiluvchi guruhlarga yordam ko‘rsatdi. Qazzofiy shuningdek, Irlandiya Respublikachilar armiyasini, Filippindagi musulmon qo‘zg‘olonchilarni va Afrika milliy kongressini qo‘llab-quvvatladi. 80-yillarning boshida Qazzofiy nomi terrorizmga homiylik qiluvchi shaxs sifatida yoyildi. AQSH Prezidenti Ronald Reygan Liviya rahbarini “Yaqin Sharqning quturgan iti” deb atab, uni xalqaro terrorizmga sheriklikda aybladi.
1988 yil 21 dekabr kuni Frankfurt-London-Nyu York-Detroit yo‘nalishida parvoz qilayotgan “Boeing 747” samolyoti Lokerbi shahri ustida portladi. 1991 yilgi tergov jarayonida bu portlashga Liviya razvedkasining daxldor ekanligini aniqlandi. AQSH va Buyuk Britaniya hukumati Qazzofiydan aybdorlarni berishni talab qildi. Biroq, mamlakat rahbari bunga rad javobini berdi. Shundan so‘ng, AQSH va Yevropa davlatlari Liviyaga qarshi iqtisodiy sanksiyalar joriy qildi. G‘arb dunyosida Qazzofiy nomi yanada qoralandi.
Afrika qirollari qiroli
1998 yilda Liviya rahbarining tashabbusi bilan tinchlik, xavfsizlik va barqarorlikni mustahkamlash, shuningdek mintaqada global iqtisodiy rivojlanishga erishish maqsadida sahro davlatlari hamjamiyati (CENSAD) tuzildi. 2001 yilda Qazzofiyning tashabbusi bilan 54 ta Afrika davlatlarini birlashtirgan Afrika Ittifoqi tuzildi. Bundan tashqari, U Afrika Qo‘shma Shtatlarini yaratish tashabbusini ko‘tara boshladi. Qazzofiy butun Afrika mamlakatlarini bir maqsad yo‘lida, bir musht qilishga harakat qildi. Bu esa o‘z navbatida AQSH va G‘arb dunyosiga yoqmadi. Chunki, Afrikadagi katta neft, oltin, olmos konlari aynan g‘arb mamlakatlariga qarashli edi.
2008 yilning avgust oyida Afrikaning 200 dan ortiq qirollari, sultonlari, amirlari, shayxlari va qabila boshliqlarining yig‘ilishida Muammar Qazzofiy “Afrika qirollari qiroli”, deb e’lon qilindi.
G‘arb bilan yaqinlashuv
2000 yillarga kelib Qazzofiy Yevropa mamlakatlari bilan yaqinlasha boshladi. Yevropa magnatlariga Liviyaga kirishi uchun ruxsat berildi. Bu harakatlar mamlakatning iqtisodiy siyosiy hayotini biroz liberallashtirishga olib keldi.
2003 yilning iyun oyida, Milliy kongressda Muammar Qazzofiy mamlakatning “xalq kapitalizmi” deb nomlangan yangi siyosiy yo‘nalishini e’lon qildi. Liviya rahbari neft va gaz konlarini xususiylashtirishga ruxsat berdi. 2003 yilning dekabr oyida Liviya ommaviy qirg‘in qurollarining barcha turlaridan voz kechganini e’lon qildi. 2004 yilning 23 aprelida AQSH Liviyaga qarshi iqtisodiy sanksiyalarni qisman bekor qildi. Tez orada, Liviya yillik inflyatsiya darajasi eng past bo‘lgan mamlakat sifatida Ginnes rekordlar kitobiga kirdi.
Qazzofiyga qilingan suiqasdlar
Muammar Qazzofiyning hukmronlik davrida unga nisbatan ko‘p marta suiqasd amalga oshirilgan. Xususan, 1975 yilning iyul oyida harbiy parad vaqtida Liviya rahbari turgan shohsupaga o‘t ochishga urinish muvaffaqiyatsizlikka uchradi. 1981 yilda Liviya harbiy havo kuchlaridagi fitnachilar Qazzofiy SSSRdan Tripoliga qaytayotgan samolyotni urib tushirishga urinishdi. 1981 yilning dekabr oyida Xalifa Qodir Muammar Qazzofiyga o‘q uzdi. Liviya yetakchisi yelkasidan yaralandi. 1989 yilda Suriya Prezidenti Hafiz Asadning Liviyaga tashrifi chog‘ida Qazzofiyga qilich bilan qurollangan harbiy hujum qildi. U darhol soqchilar tomonidan otib tashlandi. 1996 yilda Sirt shahri ko‘chasida Qaddafiy korteji o‘tayotganda mashina portilatildi. Liviya yetakchisi jarohat olmagan, lekin suiqasd oqibatida olti kishi halok bo‘lgan. Tekshiruvlar natijasida, bu suiqasdlar ortida AQSH va uning shotirlari turgani e’lon qilingan.
Qazzofiyning yo‘q qilinishi
2010-2011 yillarda arab mamlakatlarida mavjud tuzumga qarshi “Arab bahori”, deb nomlangan norozilik namoyishlari boshlandi. Arab dunyosiga yoyilgan bu inqilobiy harakatlar Tunisda Ben Ali, Misrdagi Husni Muborak hokimiyatini bir kechada qulatdi. Galdagi nishon Liviya edi. 2011 yil 15 fevral kuni Liviyada ham Qazzofiy boshqaruviga qarshi bo‘lgan muxolif kuchlar bosh ko‘tardi. Ular, Qazzofiydan iste’foga chiqishini talab qildi. Mamlakatda fuqarolik urushi boshlandi. 20 fevral kuni Liviya poytaxti Tripolida muxoliflar tomonidan miting o‘tkazildi. 22 fevral kechqurun, Muammar Qazzofiy davlat televideniyesi orqali chiqish qilib shunday dedi:
“Muammar Qazzofiyning ketish niyati yo‘q. U prezident emas, u inqilobning yetakchisi va u bu yerda qoladi. Giyohvandlik ta’siri ostida bo‘lgan bir guruh yoshlar politsiya bo‘limlariga hujum qilib, qurol o‘g‘irlashdi. Xorijiy kalamushlar Misr va Tunisda bo‘lib o‘tgan voqealarni Liviyaga ko‘chirib, uni Afg‘onistonga aylantirmoqchi! Biz ularga qarshi hali kuch ishlatmadik, Agar norozilik namoyishlari davom etaversa, har bir uy tozalanadi. Qurolini tashlamaganlar qatl qilinadi”.
Ertasi kuni Beng‘ozi shahrida mahalliy xalq kengashi a’zolarining qo‘shma favqulodda yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishda Qazzofiyga qarshi Milliy Kengash tuzilib, unga mamlakatning sobiq adliya vaziri Mustafo Muhammad bosh bo‘ldi. Tez orada, fuqarolar urushi mamlakatning katta qismini qamrab oldi. 26 fevral kuni BMT Xavfsizlik Kengashi Liviyaga qurol va har qanday harbiy material yetkazib berishni taqiqlovchi sanksiya e’lon qildi. Shuningdek, Qazzofiyning xorijiy aktivlarini muzlatib qo‘ydi.
2011 yil 27 iyun kuni Liviyadagi fuqarolar urushi vaqtida Xalqaro jinoyat sudi Muammar Qazzofiyni qotillik va turli jinoyatlarda ayblab qo‘lga olish uchun ruxsat berdi. Shundan so‘ng, AQSH va NATO boshchiligidagi xalqaro koalitsiya kuchlari Liviyaga kirdi.
Bir necha oylik janglardan so‘ng, 20 avgust kuni isyonchilar poytaxt Tripoliga hujum qilishdi. NATOning havo hujumi natijasida Tripoli yer bilan yakson qilindi. Inqilobchilar Qazzofiyning tirigini yoki jasadini yangi hokimiyatga topshirganlarga 1,6 million dollar mukofot e’lon qildi. 9 sentyabr kuni Xalqaro jinoyat sudi talabiga binoan Muammar Qazzofiy Interpol tomonidan xalqaro qidiruvga berildi. Poytaxt qulagach, faqat Bani Valid va Sirt shaharlari Qazzofiyning nazorati ostida qoldi. Bu shaharlar atrofida ham shiddatli janglar davom etdi.
O‘sha vaqtda, Liviy rahbarining yonidan bo‘lgan Ichki xavfsizlik xizmati boshlig‘i general Mansur Dao Qazzofiyning Tripoli olingandan keyingi ahvoli haqida shunday deydi:
“U xafa bo‘ldi, g‘azablandi, ba’zida biz uni aqldan ozgan deb o‘yladik. Ko‘pincha, u g‘amgin edi. Unga poytaxt qulaganini aytganimizdan keyin ham Liviya xalqi uni hali ham yaxshi ko‘rishiga ishondi”.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Liviya rahbari so‘nggi kunlarda bir xonadan chiqmasdan, daftarga nimalarnidir yozib o‘tirgan. Muammar Qazzofiy barchasini tugagani sezdi. Hatto, qo‘riqchilari qochishni taklif qilganda u “ meni hech bir mamlakat qabul qilmaydi. Men qochishdan ko‘ra, o‘z ona xalqimning qo‘lida o‘lishni afzal ko‘raman”, deb javob bergan.
2011 yil 20 oktyabr kuni AQSH va NATO harbiylari Sirt shahriga hujum qildi. Ikkala oyog‘idan yaralangan Qazzofiy qo‘lga olinib, xalqqa topshirildi. Shunda so‘ng, yig‘ilgan ongsiz olomon Muammar Qazzofiyni urishni, haqoratlashni boshladi. G‘azablangan xalq Qazzofiyni urib o‘ldirdi. Keyinchalik, Inqilob yetakchisining murdasi Misrat shahrida muzlatgichga solinib xalqqa namoyish etildi. Fitnachilar Qazzofiyning murdasini suratlarga olib, o‘sha vaqtdagi AQSH davlat kotibi Xillari Klintonga yuborishadi. Muammar Qazzofiyning murdasini ko‘rgan davlat kotibi xursand bo‘lib ketadi.
Muammar Qazzofiyning 42 yillik hukumronlik davrida Liviya neft sotishda ko‘p daromad oldi. Xalq diktator davrida tinch yashadi. Biroq ongsiz xalq oxir-oqibat tashqi kuchlarning demokratiya qurish va’dalariga uchib, o‘z davlatini parokandalikka olib keldi. Liviya Muaamar Qazzofiydan keyin o‘zini o‘nglay olmadi. Liviya G‘arbning ta’sir doirasiga tushib qoldi. Oxir-oqibat, ularning qo‘g‘irchog‘iga aylandi.
Muammar Qazzofiy rejimi ag‘darilganidan so‘ng, Liviya ikki qisimga bo‘linib ketdi. Mamlakatning G‘arbiy qismini Fayez Sarraj boshchiligidagi Milliy kengash hukumati boshqarmoqda. Sharqni esa feldmarshal Xalifa Xaftal qo‘mondonligi ostidagi Liviya milliy armiyasi nazorat qilmoqda. Hozirda Liviya aholisining katta qismi qashshoqlikda kun kechiradi.
LiveBarchasi