Katta sinov oldidagi o‘zbek futboli – Sport dayjesti

Sport

Sensatsiyaga sabab bo‘lgan O‘zbekiston milliy terma jamoasi, Osiyo o‘yinlarida Abbosbek Fayzullayevsiz ishtirok etadigan olimpiyachilar, Jahon chempionatida Ispaniyaga qarshi o‘ynaydigan o‘zbekistonlik o‘smir futbolchilar, Marokashdagi tabiiy ofat jabrlanuvchilariga yordam qo‘lini cho‘zayotgan sport yulduzlari bugun e’tiborimiz markazida bo‘ladi. Assalomu alaykum. Yakunlayotgan haftaning eng muhim yangiliklari bilan QALAMPIR.UZ’da sport dayjesti.

Sensatsion O‘zbekiston

Ummon ortida o‘quv yig‘in mashg‘ulotlarini o‘tkazgan futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi AQSH va Meksikaga qarshi o‘rtoqlik o‘yinlarida ishtirok etdi. 10 sentyabr kuni O‘zbekiston va AQSH terma jamoalari o‘rtasida xalqaro o‘rtoqlik uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Ushbu o‘yinda Srechko Katanets shogirdlari 3:0 hisobda mag‘lubiyatga uchradi.

O‘yin Toshkent vaqti bilan tungi soat 2:30 da start oldi. Milliy terma jamoa o‘yinni ko‘rish uchun shirin uyqusidan voz kechgan minglab o‘zbekistonlik ishqibozlarning ishonchini oqlay olmadi. AQSH terma jamoasida safida dastlabki golni Liberiya davlati prezidentining o‘gli Timoti Vea kiritdi. Ikkinchi bo‘limga qo‘shib berilgan daqiqalarda esa AQSH jamoasidan Rikardo Pepi va Kristian Pulishich O‘zbekiston darvozasiga gol kiritishga muvaffaq bo‘ldi. Shunday qilib, o‘yin 3:0 hisobda AQSH foydasiga hal bo‘ldi.

13 sentyabr tongida esa O‘zbekiston terma jamoasi futbolchilari Atlanta shahridagi “Mercedes-benz” arenada Meksika terma jamoasiga qarshi saf tortdi va AQSHga qarshi o‘yindagi natijadan so‘ng tanqidlarni to‘g‘ri qabul qilganini isbotlay oldi. FIFA reytingida 12-o‘rinni band etib turgan jamoaga qarshi bahsda Katanets shogirlari jangovar 3:3 hisobiga imzo chekdi. Tarkibida Gilermo Ocho, Raul Ximenes kabi nomdor futbolchilari bor jamoaga O‘zbekiston terma jamoasidan gollarni Bobur Abduholiqov, Azizbek Turg‘unboyev va Otabek Shukurovlar kiritdi. Ayniqsa bahsning so‘nggi daqiqalarida “Fatih Karagyumruk” jamoasi a’zosining kiritgan goli o‘yinning kulminatsiyasini, FIFA kunlarining sensatsiyasini keltirib chiqardi. Dunyo OAV bu o‘yinni juda ko‘p muhokama qildi, jumladan Meksika mediasi ham O‘zbekiston bilan o‘yindagi durang natijani juda og‘ir, kerak bo‘lsa Meksika futboli uchun sharmandali holat deb qabul qildi, har holda Meksika amaldagi KONKAKAF kubogi g‘olibi sanaladi. Ma’lumot uchun, O‘zbekiston terma jamoasi keyingi o‘rtoqlik o‘yinlarini oktyabr oyida Xitoy va Vetnamga qarshi o‘tkazadi.

O‘zbekiston Osiyo o‘yinlarida Fayzullayev va Rahmonaliyevsiz ishtirok etadi

12 sentyabr kuni 23 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasida Osiyo kubogi saralash bosqichi 3-turi doirasida O‘zbekiston terma jamoasi Eronga qarshi maydonga tushdi. Mazkur uchrashuvda Timur Kapadze shogirdlari 1:0 hisobida g‘alabaga erishdi. 

Uchrashuvning birinchi bo‘limida hisob ochilmadi va jamoalar dastlabki 45 daqiqalikda maydonni nursiz durang bilan tark etdi.

Ikkinchi taymni faol boshlagan O‘zbekiston vakillari 47-daqiqada raqib darvozasiga yo‘l topdi. SSKA a’zosi Abbosbek Fayzullayev Lans himoyachisi Abduqodir Husanovning zargarona uzatmasini golga aylantirib, hisobni ochdi.

Bahs davomida Fayzullayevning goli yagonaligini saqlab qoldi va yakunda o‘zbekistonlik futbolchilar guruhda yuz foizlik natija qayd etib Osiyo kubogi yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. Eron esa keyingi yili Qatarda o‘tkaziladigan qit’a birinchiligiga chiqa olmadi.

Ta’kidlash joiz, Timur Kapadze qo‘l ostidagi aynan mana shu jamoa bir necha kundan so‘ng Xitoyning Xanchjou shahrida o‘tkaziladigan Osiyo o‘yinlarida ham ishtirok etadi. 15 sentyabr kuni Timur Kapadze Xitoyda O‘zbekiston sharafini himoya qiladigan tarkibni e’lon qildi.

E’tiborlisi, tarkibdan O‘zbekistonning U-23 Osiyo kubogiga chiqishi uchun muhim rol o‘ynagan futbolchilar Abbosbek Fayzullayev va Umarali Rahmonaliyev joy olmagan. Buning sababi esa hozircha bizga qorong‘u. Yakuniy ro‘yxatga esa asosan “Olimpik” klubining futbolchilari jalb qilingan.

Tarkib iqtidorlarga boy, lekin SSKA va “Rubin” klubi a’zolarining yo‘qligi savollarni keltirib chiqaradi? Javobni esa jamoaning Osiyo o‘yinlarida namoyish etadigan o‘yinlaridan qidirgan ma’qul.

O‘zbekiston Ispaniya bilan o‘ynaydi. U-17 Jahon chempionatiga qur’a tashlandi

15 sentyabr kuni Shveysariyaning Syurix shahrida futbol bo‘yicha U-17 terma jamoalari o‘rtasida o‘tkaziladigan Jahon chempionatining guruh bosqichiga qur’a tashlandi.

Qur’a natijalariga ko‘ra, Jamoliddin Rahmatullayev boshchiligidagi O‘zbekiston terma jamoasining guruh bosqichidagi raqiblari nomi ma’lum bo‘ldi. O‘zbekiston mundialning “B” kvartetidan joy oldi.

Rahmatullayev shogirdlariga guruhda Ispaniya, Mali va Kanada raqiblik qiladi.

U-17 Jahon chempionati 10 noyabrdan 2 dekabrga qadar Indoneziyada o‘tkaziladi. O‘zbekiston jamoasi shu yili Tailandda o‘tkazilgan Osiyo chempionatida yarim finalga chiqib, kichik mundialga yo‘llanmani qo‘lga kiritgandi.

Mashhur futbolchilar Marokashdagi zilzila jabrlanuvchilariga yordam qo‘lini cho‘zmoqda

9 sentyabrga o‘tar kechasi Marokash davlatining Marrakesh shahri yaqinida 6,9 magnitudali zilzila sodir bo‘ldi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, tabiiy ofat oqibatida qariyb 3 ming kishi halok bo‘lgan.

Marokash terma jamoasi futbolchilari, murabbiylar va xodimlar Afrika Millatlar Kubogi boshlangunga qadar o‘tkazilgan o‘yinlar uchun bonuslarini mamlakatdagi zilziladan jabrlanganlarga xayriya qiladi. Bu haqda Marokash terma jamoasi sardori Romen Saiss o‘z Instagram sahifasida ma’lum qildi.

“Biz siz bilanmiz va dardingizga sherikmiz. Marokash bizni birlashtiradi”, deydi Saiss.

Shuningdek, Marokash qirollik futbol federatsiyasi 12 sentyabr kuni Burkina-Fasoga qarshi 1:0 hisobidagi o‘rtoqlik o‘yini uchun sotilgan barcha chiptalardan tushgan daromad zilzila oqibatlarini bartaraf etishga sarflanishini bildirgan.

Zilziladan so‘ng jahon hamjamiyati, shu jumladan, futbol olamining yetakchilari ham ushbu ofatdan jabr ko‘rgan aholiga yordam berish uchun harakat qilmoqda. PSJ o‘yinchilari ham qon topshirish orqali bunga o‘z hissasini qo‘shdi. Ashraf Hakimi terma jamoadagi futbolchilar bilan birgalikda jarohatlanganlarga yordam berish uchun donor sifatida qon topshirdi.

“Qon berish - imkon qadar ko‘proq hayotni saqlab qolish demak. Bu har bir kishining mas’uliyatidir”, deb yozgan Hakimi o‘zining X sahifasida.

Jahon futboli yulduzi Krishtianu Ronaldu ham Instagram sahifasida Marokash aholisiga hamdardlik bildirdi. OAVda Ronaldu o‘ziga tegishli bo‘lgan Marokashdagi “Pestana” nomli to‘rt yulduzli mehmonxonasini jabr ko‘rganlarga boshpana uchun berdi degan mazmundagi xabarlar ham tarqaldi, biroq biroz vaqt o‘tgach mehmonxona rahbariyati bu xabarlarni rad etdi.

“Bu yolg‘on ma’lumot. Hozirda bizda dam olayotgan mijozlarning barchasi odatiy rejimda joy band qilgan”, degan “Pestana“ mehmonxonasi xodimi.

Nima bo‘lgan taqdirda ham Marokashdagi voqealar hamon butun dunyo e’tiborining markazida bo‘lib turibdi. Tabiiy ofat insoniyatni qalban birlashtirmoqda, og‘ir vaziyatda esa ko‘pgina taniqlilar yordam qo‘lini cho‘zishayotgani ham e’tiborga molik jihat.

Husanov “Lans”ning Yevropa Chempionlar ligasi uchun qaydnomasiga kiritildi

“Lans” klubining yangi mavsum Yevropa Chempionlar ligasi (YeCHL) uchun qaydnomasi ma’lum bo‘ldi. Unda jamoaning o‘zbekistonlik futbolchisi Abduqodir Husanov ham bor.

Jamoa YeCHLda “B” guruhidan joy olgan. Guruh bosqichida Fransiya klubiga Angliyaning “Arsenal”, Ispaniyaning “Sevilya” va Niderlandiyaning PSV jamoalari raqiblik qiladi. 

“Lans” guruhdagi dastlabki o‘yinini 20 sentyabr kuni safarda “Sevilya”ga qarshi o‘tkazadi. 3 oktyabr kuni esa Fransiya klubi o‘z uyida Londonning “Arsenal”i bilan kuch sinashadi.

“Lans”ning YeCHL uchun qaydnomasi:

Darvozabonlar:

Jan-Lui Leka, Bris Samba, Yannik Pandor.

Himoyachilar:

Ruben Agilar, Deyver Machado, Kevin Danso, Fakundo Medina, Fetu Mauassa, Massadio Xaydara, Jonatan Gradit, Abduqodir Husanov, Pshemislav Frankovski.

Yarim himoyachilar:

Salis Abdul Samed, Pereyra da Kosta, Andi Diuf, Nil Al-Aynaui, Nampali Mendi, Adriyen Tomasson, Fode Silla.

Hujumchilar:

Florian  Sotoka, Ele Vaxi, Anjelot Fuljini, Uesli Said,Morgan Gilavogi, Ayanda Sishuba.

Futzal “Gvardiola”si O‘zbekistonga keladi

Dunyoga mashhur futzal mutaxassisi Xose Venansio Lopes O‘zbekistonga keladi. Bu haqda O‘zbekiston Futbol assotsiatsiyasi matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, 2024 yilda O‘zbekistonda o‘tkazilishi rejalashtirilgan futzal bo‘yicha jahon chempionati musobaqasiga munosib tayyorgarlik ko‘rish va milliy jamoani muhim turnir oldidan yanada yuqori darajaga olib chiqish maqsad qilingan.

Jumladan, yaqin kunlarda jahonda yuksak mavqega ega mutaxassis Xose Venansio Lopesning O‘zbekistonga kelishi hamda O‘FA rahbariyati bilan o‘zaro hamkorlik shartnomasini tuzish bo‘yicha muzokaralar o‘tkaziladi.

Ma’lumot uchun, Venansio ikki bor Ispaniya terma jamoasini Yevropa chempioniga aylantirgan va Jahon chempionati finaliga olib chiqqan. U klublar o‘rtasida Yevropa va Ispaniya chempioni, 3 karra kubok egasi hamda 3 karra superkubok sovrindori hisoblanadi. Mutaxassis shuningdek, 5 bor dunyoning eng yaxshi murabbiyi deb topilgan.

O‘zbekistonlik jahon chempionlari soni yana bir nafarga ko‘paydi

Saudiya Arabistonida o‘tkazilayotgan og‘ir atletika bo‘yicha Jahon chempionatida o‘zbekistonlik Muhammadqodir Toshtemirov oltin medalga ega chiqdi. Toshtemirov dast ko‘tarish mashqida 164 kg natija bilan oltin medalni naqd qildi. O‘zbekistonlik sportchi ikki kurash hisobida ham sovrindorlar qatoridan joy oldi. Siltab ko‘tarishdagi 188 kg Toshtemirovga mazkur yo‘nalishda medal taqdim qilmagan bo‘lsa ham, yakunda ikki kurashda O‘zbekiston vakili 3-o‘rinni egalladi.  Ar-Riyod shahrida o‘tayotgan musobaqa 17 sentyabrga qadar davom etadi. Medallar uchun asosiy da’vogar bo‘lgan O‘zbekiston vakillari Ruslan Nuriddinov va Akbar Jo‘rayev hali o‘z ishtiroklarini boshlamadi. Demak, Toshtemirovning natijasi chempionatda O‘zbekiston uchun yagona ijobiy natija bo‘lmasligi ehtimoli yuqori.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing