Kasalliklarni davolash uchun yagona tariflar belgilanadi
Jamiyat
−
28 mart 2022 7485 1 daqiqa
O‘zbekistonda davlat va xususiy shifoxonalar uchun kasalliklarni davolash bo‘yicha yagona tariflar belgilanadi. Bu haqda bugun, 28 mart kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida so‘z bordi.
“Yaqinda “order” tizimi isloh qilindi, bu borada xususiy sektor ishtiroki uchun ham imkoniyat yaratildi.
Lekin, barcha talablar aniq belgilangani bilan o‘tgan 6 oy davomida birorta xususiy shifoxonaga bemorlar uchun yo‘llanma berilmagan.
Yoki, respublika markazlarining ayrim filiallarida yuqori texnologik davolash yo‘lga qo‘yilgan bo‘lsa-da, boshqa hududdan bemor qabul qilinmayapti”, degan Shavkat Mirziyoyev yig‘ilishda.
Shu bois, Sog‘liqni saqlash va Moliya vazirliklariga ikki hafta muddatda davlat va xususiy shifoxonalar uchun kasalliklarni davolash bo‘yicha yagona tariflarni tasdiqlash topshirilgan.
Yig‘ilishda ochiq tanlov e’lon qilib, 15 mayga qadar yo‘llanma asosida tibbiy xizmatlar ko‘rsatadigan xususiy klinikalar ro‘yxatini shakllantirish vazifasi qo‘yilgan.
Shuningdek, 1 apreldan boshlab davlat hisobidan davolanish uchun yo‘llanmalar boshqa hududdagi davlat shifoxonalari uchun ham beriladi.
Yig‘ilish yakunida mutasaddilar ko‘tarilgan masalalar yuzasidan hisobot bergan.
Live
Barchasi