Karimovlar oilasida to‘polon – Hafta tahlili

Tahlil

Biz inson huquqlari, inson qadri deb ayyuhannos soladigan, jurnalistlardan davlat idoralari bosimlaridan himoya kutadigan, ammo bitta hayvonga ham shafqati yo‘q, ongsiz va himoyasiz jonzotning qo‘lidan Yaratgan bergan yashash huquqini oladigan vahshiy odamlarmiz. Biz bolamizni koyigani uchun borib o‘qituvchini ham savalashdan tap tortmaydigan, ammo o‘zimizga ziyon yetsa dunyoni ostin-ustin qiladigan, bir necha soniyalik huzur uchun hayvonlarning terisini shiladigan bezorilarmiz. Biz insonmiz! Ta’bir joiz bo‘lsa, eng xavfli mavjudot. Assalomu alaykum! 

*-*-*-*-*-*-*-*-*-*-*

Odam yonsa nima bo‘ladi, ayniqsa, qafasda yonsa. Menimcha, buni ko‘z o‘ngingizga ham keltirolmaysiz. Qo‘rqasiz. Ammo oramizda shunday odamlar paydo bo‘lyaptiki, har qanday vahshiylikdan qo‘rqmayapti va buni ojiz jonzotlarda sinab ko‘ryapti.

Farg‘ona viloyati Quvasoy shahar Qaramko‘l qishlog‘ida yashovchi fuqarolar mushukni vahshiylarcha tiriklayin yana kamiga qafasga solib yoqib yubordi. Kamiga ushbu tomoshasini videoga olib, tarqatgan ham. 

Kurakda turmaydigan bu ishni shu qishloqda yashovchi erkak va uning sheriklari sodir etgan. Ularga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 111-moddasi bilan ma’muriy tartibda hujjatlar rasmiylashtirilib, jarima jazosi qo‘llanilgan. Javobgarlikka tortilgan shaxs nari borsa 1 millionlik jarima bilan qutilib qolgan. Qaniydi, hayvonlarga ozor bergan shunday odamlarni juda bo‘lmaganda qafasga solib qo‘yish mumkin bo‘lsa. 

Hayvonlarga nisbatan qabih munosabatda jizzaxlik fuqaro ham qolishgani yo‘q. Do‘stlik tumani Alisher Navoiy mahallasida yashovchi erkak  itning burnini elektr arra bilan kesib tashlagan. 

U ham  jarima bilan qutilib qolgan. 

*-*-*-*-*-*-*-*-*-*-*-*

Yevropa mamlakatlarida Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anga nisbatan murosasizlik urchib bormoqda. Oldinroq Shvetsiyada Erdo‘g‘an ko‘rinishidagi qo‘g‘irchoq markazda joylashgan ko‘prikka oyog‘i osmondan qilib ilib ketilgan bo‘lsa, endi esa Erdo‘g‘an aksidagi qo‘g‘irchoq va Turkiya bayrog‘i Shveysariyaning Syurix shahrida yoqib yuborildi. 

Qayd etilishicha, mazkur namoyish Syurix shahridagi UBS banki binosi oldida Syurix inqilobiy ish tashlashlar jamoasi nomli guruh tomonidan amalga oshirilgan. Shu bilan birga “Erdo‘g‘anni (o‘ldir)” deya yozilgan banner ham ko‘tarilgan.

Ushbu holat ortidan Shveysariyaning Anqaradagi elchisi Jan-Daniel Rux Turkiya Tashqi ishlar vazirligiga chaqirtirildi. U bilan vazir o‘rinbosari Mehmet Kamol Bo‘zbay uchrashgan va mamlakat Prezidentiga qarshi har qanday xatti-harakatlarni qabul qilib bo‘lmasligini aytib, elchidan mazkur holatga aloqador shaxslarni aniqlash uchun tergov o‘tkazilishini talab qilgan.

Aytganimdek, bu Yevropada Erdo‘g‘anga nisbatan birinchi tahqirlash emas. Xususan, Shvetsiya Erdo‘g‘anga o‘xshash qo‘g‘irchoq oyog‘idan osilgach, Turkiya rahbarining advokati Husayn Oydin Anqara prokuraturasiga Shvetsiyada Turkiya rahbariga qarshi namoyish tashkilotchilariga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atish talabi bilan murojaat qilgandi. Turkiya hukumati esa Shvetsiya mudofaa vaziri Pol Yonssonning 27 yanvarga mo‘ljallangan Turkiyaga tashrifini Stokgolmda bo‘lib o‘tgan namoyishlar tufayli bekor qilgandi. Bundan tashqari mamlakatning o‘sha paytdagi Tashqi ishlar vaziri Mavlud Chavusho‘g‘li Shvetsiyaning Stokgolmda o‘tkazilgan mitingni qoralashi yetarli emasligini aytgandi.

Erdo‘g‘an esa alamidan chiqayotgani yo‘q. U Shvetsiyaning NATOga a’zo bo‘lishiga hamon qarshi chiqmoqda. Shvetsiyaning oldida esa ikki yo‘l bor. Yo Erdo‘g‘an terrorchi deyotgan PKK/PYD va YPG hamda 2016 yilning 15 iyul kuni davlat to‘ntarishiga urinishni amalga oshirishda ayblanayotgan shaxslarni Turkiyaning qo‘liga topshiradi, yo NATOga a’zolik orzusida yashashda davom etadi. 

*-*-*-*-*-*-*-*-*-*-*-*

Joriy haftani hech ikkilanmasdan yongan, kuygan hafta dayjesti deb atash mumkin. Garchi yong‘inlar ancha oldindan, o‘tgan haftadayoq boshlangan bo‘lsa¬da bu hafta uning azobini tortadigan, talafotlarini to‘ldiradigan hafta bo‘ldi. Gap qo‘shni Qozog‘iston haqida ketmoqda. 12 iyun kuni Qozog‘istonda milliy motam kuni deb e’lon qilindi.  Bu avvalroq Qozog‘iston sharqidagi Abay viloyatida tabiiy o‘rmon yong‘ini avj olgani, qurbonlar soni esa so‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, 15 kishiga yetgani bilan bog‘liq. 

8 iyunda boshlangan mazkur yong‘inning dastlabki maydoni 60 ming gektardan ortiqni tashkil qilgan. Yong‘in tufayli hududdagi 316 kishi evakuatsiya qilingan. Hukumat va Abay viloyati hokimligiga halok bo‘lganlarning oila a’zolariga barcha zarur yordamni ko‘rsatish topshirilgan. Yong‘in tufayli evakuatsiya qilingan aholi uchun Semeyda 9 ta punkt tayyorlandi. Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev esa 11-13 iyun kunlariga mo‘ljallangan Vetnamga rasmiy tashrifini qoldirgan. 

Shuningdek, Abay viloyatida yuz bergan o‘rmon yong‘ini bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atildi va holatga aybdor mansabdorlarning xatti-harakatlariga qonuniy baho beriladi. 

“8 iyun kuni Abay viloyatidagi o‘rmon hududida sodir bo‘lgan yong‘in bo‘yicha Qozog‘iston Respublikasi Jinoyat kodeksining 292-moddasi 3-qismi (yong‘in xavfsizligi talablarini buzish, ehtiyotsizlik oqibatida ikki yoki undan ortiq shaxsning o‘limiga sabab bo‘lish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Davlat rahbari nomidan jinoyat ishini maxsus prokurorlar o‘z zimmasiga oldi”, deyiladi mamalakat Bosh prokuraturasi xabarida. 

Keltirilishicha, ushbu hodisa bo‘yicha huquqni muhofaza qilish va maxsus idoralarning tajribali xodimlaridan iborat idoralararo tergov-tezkor guruhi tuzilgan.

Bundan tashqari, odamlarning o‘limiga sabab bo‘lgan va atrof-muhitga jiddiy zarar yetkazilgan og‘ir oqibatlarni inobatga olib, maxsus prokuror tomonidan ehtiyotsizlik fakti bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Mazkur holat yuzasidan olib borilgan tergov-surishtiruv ishlari doirasida mas’ul mansabdor shaxslarning harakatlariga tegishli huquqiy baho beriladi. 

Yong‘in ortidan O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qozog‘istonda sodir bo‘lgan o‘rmon yong‘inida halok bo‘lganlar yuzasidan To‘qayevga ta’ziya bildirgan.

Ammo Qozog‘istonga hamdardlik bildirib turilgan bir paytda O‘zbekistonning boshiga ham o‘t balosi keldi. Bunga birozdan keyin to‘xtalamiz. 

*-*-*-*-*-*-*-*-*-*-*-*-*-*

Farg‘ona viloyati Qo‘qon shahrida joylashgan, xalq tilida “optom bozor” deb ataluvchi eng katta bozorda 12 iyun kuni kechki payt soat 19:00 atrofida yong‘in chiqdi. 10 ta yong‘in-qutqaruv ekipaji soat 19:25 da voqea joyiga yetib borib, yong‘inni o‘chirish ishlarini boshlagan. Ammo yong‘inni o‘chirish oson kechmagan. Alanga boshlanganidan bir soatdan oshiq vaqt o‘tganidan keyingina, ya’ni 20:25 da qurshab olinib, yong‘in naq 4 soatda, 23:30 da butanlay  bartaraf etilgan.

Farg‘ona viloyati hokimligi Qo‘qon shahridagi savdo majmuasida yong‘inda yonib ketgan do‘konlar 15 kun ichida bozor ma’muriyati tomonidan qayta qurib berilishini va’da qildi. Aytilishicha, yongan do‘konlarning barchasi bozor balansida bo‘lgan. Shu sabab do‘konlarni qurib berish bozor ma’muriyati hisobidan amalga oshiriladi.

Shuningdek, viloyat hokimligi tomonidan qurilish ishlari 15 kun muddatda yakunlanishi, buning uchun yetarli quruvchilarning jalb etilishi ta’minlanishi va jarayon nazoratga olinishi bildirilgan.

Falokatdan Prezident Mirziyoyev ham xabar topgan, albatta. U qo‘qonlik tadbirkorlarni xotirjamlikka chorlab,  hech kimni o‘z holiga tashlab qo‘yilmasligini aytdi.
Qo‘qondagiga o‘xshash yong‘inlar joriy haftada O‘zbekistonning boshqa hududlarida ham sodir bo‘ldi. 

Sirdaryo viloyati Guliston shahridagi avtobekatda, Toshkentda joylashgan qurilishi bitmagan ko‘p qavatli binoda, Jizzaxda esa 7 qavatli “dom”da yong‘in sodir chiqdi.  Bundan tashqari, Andijonda ham bir-biriga tutash uchta uy yonib ketdi.

Ko‘pchilikning uyi yo do‘koni kulga aylangan bo‘lsa ham, muhimi sog‘lig‘iga ziyon yetmadi. Lekin bu haftani o‘limlarsiz, fojialarsiz bo‘ldi deb aytolmaymiz, afsuski. Bo‘lganda ham ayollar o‘limi ko‘p bo‘ldi.

*-*-*-*-*-*-*-*-*-*-*-*-*-*

Ba’zan kuzatuvchilarimizdan “nima uchun o‘ldi, so‘ydi, chopib tashladi degan xabarlarni ko‘p chiqarasizlar, odamlarga yomon o‘rnak bo‘lyapsizlar” degan e’tirozlar kelib turadi. A nima qilaylik, O‘zbekistonda kunda-kunora odamlar bir-birini o‘ldirayotgan bo‘lsa, erlar xotinlarini chopib tashlayotgan bo‘lsa, bizda nima ayb? Bunday xabarlarni biz o‘rnak oling deb emas, ogohlikka chorlash, xulosa chiqarish, bunday ishning oqibati qanday bo‘lishini ko‘rsatish uchun beramiz, aslida. Ayniqsa o‘limlarning orasida ayol-qizlarning o‘limi ko‘pligi bugun uyida qiz o‘stirayotgan har bir ota-ona uchun, xususan, men uchun ham juda xavotirli holat.

Mana qarang, Farg‘onada er xotinini bo‘g‘ib o‘ldirib qo‘ydi. 

Bosh prokuratura matbuot xizmatining QALAMPIR.UZ'ga ma’lum qilishicha,  joriy yilning 10 iyun kuni soat 04:30 larda Beshariq tuman Ichki ishlar boshqarmasi navbatchilik qismiga murojaat kelib tushgan. Unda tumanning “Yangihayot” mahallasi Saxovat ko‘chasida yashovchi 2007 yilda tug‘ilgan bola xonadonida otasi o‘zini osib, joniga qasd qilganini va o‘gay onasi jonsiz holatda topilganini aytgan. 

Ma’lumotlarga ko‘ra, erkak muqaddam jazoni ijro etish muassasasidan ozod qilinganidan so‘ng, joriy yilning fevral oyidan boshlab marhuma ayol bilan qonuniy nikohdan o‘tmay yashay boshlagan. Bu orada ularning munosabatlari sovuqlashib, tez-tez janjallashishgan. 

Shu yilning 9 iyun kuni soat 23:00 larda ular yana janjallashgan va tortishuv davomida erkak ayolining yuz va tana sohalariga qo‘l hamda oyoq bilan urib, bo‘g‘ib o‘ldirgan. 

Shundan so‘ng, erkak uyining devoriga o‘rnatilgan temir jismga oq matodan sirtmoq yasab, o‘zini osgan. 

Holat yuzasidan 10 iyun kuni Beshariq tuman prokuraturasi tomonidan erkakka nisbatan Jinoyat kodeksining 97-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. 

*-*-*-*-*-*-*-*-*-*-*-*-*-*

Andijonda ham er ayolining boshiga temir truba bilan urib, qasddan o‘ldirdi.

Rasmiy xabarlarga ko‘ra, 12 iyun kuniga o‘tar kechasi soat 01:30 larda Bo‘ston tumani “Nurafshon” mahallasida yashovchi 1971 yilda tug‘ilgan erkak turmush o‘rtog‘i bilan oilaviy kelishmovchiliklar sababli o‘zaro janjallashib qolgan. Janjal vaqtida er temir truba bilan rafiqasining bosh qismiga bir necha marotaba urib, uni qasddan o‘ldirgan. Shundan so‘ng u sodir qilgan ushbu harakatlaridan pushaymonlik bildirib, o‘zi soat 04:00 larda tuman Ichki ishlar boshqarmasiga murojaat qilgan.

Mazkur holat yuzasidan Bo‘ston tuman prokurori tomonidan erkakka nisbatan Jinoyat kodeksining 97-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. U Jinoyat-protsessual kodeksining 221-moddasi tartibida ushlangan.

*-*-*-*-*-*-*-*-*-*-*

Buxoroda esa talaba qiz o‘zini ijarada yashagan uyining 6-qavatdan tashlab, vafot etdi. Bunga nima sabab bo‘lgani, voqea qachon yuz bergani hozircha noma’lum. Ammo marhumaning o‘z joniga qasd qilishiga sabab bo‘lgan taxminlar ishlab chiqilib, tekshirilmoqda. Holat yuzasidan prokuratura tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

Shuningdek, marhumaning o‘limi bo‘yicha sudga oid tibbiyot ekspertizasi tayinlangan. 

*-*-*-*-*-*-*-*-*-*-*-*-*-*

Falokat oyoq ostida deydi keksalar. Mana yana bitta falokatlardan biri. Toshkent viloyatida 9-sinf o‘quvchisi rasmga tushaman deb, oyog‘i toyib daryoga tushib ketgan.  Mazkur hodisa joriy yilning 11 iyun kuni Bo‘stonliq tumanida yuz bergan. Tuman hududida joylashgan maktablardan birining 9-sinf o‘quvchilari o‘qituvchisi boshchiligida tog‘ yonbag‘riga aylangani chiqqan. 

O‘quvchi qiz suratga tushish uchun daryo sohilidagi tosh ustiga chiqqan vaqtida ehtiyotsizlik tufayli suvga yiqilib, oqib ketgan. Oradan biroz vaqt o‘tgach, qizning jasadi topilgan.

Holat bo‘yicha Bo‘stonliq tumani prokuraturasi holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilayotganini ma’lum qilgan.

*-*-*-*-*-*-*-*-*-*-*-*-*-*

Eh go‘dakkina-ya, nima qilarding shu tosh ustida rasmga tushib, demasmidik tirik bo‘lganda. Bolalarimizni qarovsiz qoldirganimiz uchun qarang qanday falokatlar yuz beryapti. Ha aytgancha, bola deganimga esimga tushdi, 12 iyun Xalqaro bolalar mehnatiga qarshi kurashish kuni ekanini bilarmidingiz?  Yo‘qmi? Nima ham derdik, vijdoningiz uncha qiynalmasin, bu kunni yuqoridagilar ham unutdi chog‘i. Na bir yaxshi tashabbus, na bir kurashning aniq namunasini ko‘rdik bu kunda. Ammo QALAMPIR.UZ sayti bu kunga uzoq tayyorgarlik ko‘rdi. Ayniqsa, yoz mavsumida avj oladigan bolalar mehnati, uning sabablari haqida tahliliy video material tayyorladi. Bu video bolalari bozorda arava sudraydigan, ko‘chada nam sochiqchalar sotadigan, dalada ketmon chopadigan mamlakat haqida. 

Ajablanarlisi shundaki, biz buyoqda mazkur tahliliy videomiz orqali “O‘zbekiston bolalarini boqolmaydimi?” deb mas’ullarga savol berib tursak, boshqa tomondan Bola huquqlari bo‘yicha ombudsmani Aliya Yunusova O‘zbekistonda bolalar mehnatiga chek qo‘yilgan deb qolsa bo‘ladimi?

Uning aytishicha, Xalqaro mehnat tashkiloti a’zosi bo‘lgan O‘zbekistonda ham bolalar mehnatiga chek qo‘yishga qaratilgan barcha choralar ko‘rilgan va bu borada ijobiy natijaga erishilgan. Bolalar mehnati va majburiy mehnatga yo‘l qo‘ymaslik uchun yetarli normativ-huquqiy baza shakllantirilgan. 

Yunusovaning aytishicha, O‘zbekistondagi bolalar mehnatiga qarshi kurashish jahon hamjamiyati, xususan, XMT, Jahon banki va Yevroparlament tomonidan yuqori baholangan.

Bundan tashqari, u bolalarning huquqlari himoyasi yo‘lida izchil ishlar amalga oshirilayotgani, bolalarga adolatli munosabatda bo‘lish ko‘nikmasini shakllantirish bo‘yicha ham tushuntirish, targ‘ibot ishlari olib borilayotganini qo‘shimcha qilgan. Bu gaplarni o‘qib Yunusova yarim kechasi do‘kon atrofidagi nam sochiq, taqvim sotib yurgan yoki tilanchilik qilayotgan bolalarni uchratmaydi, yo bolalar kattalardan ham o‘tib saydo qilayotgan Chorsuga bormaydi deb o‘ylab qoldim. 

O‘rtoqlar, rostini aytinglar, Aliya opa aytayotgan O‘zbekiston bilan biz aytayotgan O‘zbekiston boshqa-boshqa emasmi? Biz bilgan O‘zbekistonda bolalar mehnati har kuni sodir etilayotgan bo‘lsa, bu haqda odamlar, yurist va boshqalar ham aytayotgan bo‘lsa, qanaqasiga bolalar mehnatiga chek qo‘yilgan bo‘ladi? Ishonmasangiz, biz tayyorlagan videoni tomosha qiling.

*-*-*-*-*-*-*-*-*-*-*-*-*-*

Ba’zan do‘ppini yechib, bir chekkaga qo‘yib o‘ylab qolaman. Bizdan bolalarimizga nima qolyapti, deyman o‘zimga o‘zim. 

Italiyaning katta figuralaridan biri, sobiq Bosh vazir Silvio Berluskoni 12 iyun kuni 87 yoshida Milandagi shifoxonada vafot etdi. Undan esa uning 5 nafar farzandi va 16 nabirasiga salkam 5 milliard yevrolik meros qoldi. 

Berluskoni so‘nggi yillarda sog‘lig‘i bilan bog‘liq bir nechta muammolarga duch kelgan. Xususan, u ko‘p yillar davomida yurak stimulyatori bilan yashagan, 2016 yilda aorta qopqog‘ini almashtirish uchun yurak operatsiyasini o‘tkazgan, shuningdek, prostata saratonini yenggan. 2020 yilda esa COVID-19ʼdan tuzalgan. 

Buncha mablag‘lar unga qanday kelib qoldi dersiz. 1936 yil 29 sentyabrda Milanda tug‘ilgan Silvio Berluskonining mehnat faoliyati ancha uzoq davom etgan. U to‘rt marotaba Italiya Vazirlar Kengashiga raislik qilgan. Berluskoni Italiyaning eng boy odamlaridan biri, sug‘urta magnati, banklar va ommaviy axborot vositalarining egasi, Fininvest aksiyalarining nazorat paketi egasi hisoblangan.

1970 yillar oxirida u Yevropada birinchi yirik tijorat televizion tarmog‘ini yaratgan. 1986 yildan 2016 yilgacha 30 yil davomida “Milan” futbol klubining xo‘jayini bo‘lgan. 

Berluskoni Italiya Respublikasida bosh vazirlik muddati bo‘yicha rekordchi hisoblanadi. Shuningdek, Berluskoni jahon siyosiy tarixida ajoyib rekordga ega: 1994 yil yanvar oyida o‘zining birinchi partiyasi “Olg‘a, Italiya”ga asos solib, atigi 60 kundan keyin Italiyada bo‘lib o‘tgan milliy parlament saylovlarida g‘alaba qozongan.

Ammo uning boyliklari yuqori lavozimlari bilan bog‘liq bo‘lmasligi mumkin. Berluskoniga tegishli boylikning asosiy ulushi 4,89 milliard yevroga baholangan “Fininvest” oilaviy holdingiga to‘g‘ri keladi, uning tarkibiga “Mediaset” telekompaniyasining 50 foizi va “Mondadori” nashriyotining 53 foizi, shuningdek, “Mediolanum” banki kiradi. Bunda besh farzandning har biri 7,65 foizga egalik qiladi. Birinchi nikohdan bo‘lgan ikki nafar katta farzandlari – Marina va Per Silvio – u yerda asosiy o‘rinlarni egallaydi.

“Forbes” jurnalining so‘nggi reytingiga ko‘ra, Berluskoni Italiyaning eng boy odamlari ro‘yxatida uchinchi o‘rinni egallagan. Ba’zi yillarda u birinchi o‘ringa chiqqan. Jurnal uning boyligini 6,9 milliard yevroga baholagan.

Berluskoni biznesdan tashqari, bir nechta villa, saroy va uylarga ega bo‘lgan. Uning Milan yaqinidagi eng mashhur qarorgohi Arkordagi Villa San Martino bo‘lib, u yerda kecha, 13 iyun kuni siyosatchi bilan vidolashuv yakka tartibda, faqat yaqinlari uchun bo‘lib o‘tgan. Shuningdek, Berluskonining yana bir mashhur qarorgohi – Sardiniya orolidagi yozgi Sertosa hisoblanadi.

Berluskoni Milan yaqinida yana bir nechta villaga, shuningdek, Rimdagi qadimiy Appian yo‘lidagi uyga egalik qilgan. Gazeta, shuningdek, siyosatchinining xorijdagi, jumladan, Kann, Bermud va Antiguadagi mulki haqida ham xabar bergan.

*-*-*-*-*-*-*-*-*-*-*-*-*-*

Italiyada sobiq bosh vazirning vorislari katta merosga ega chiqqan bo‘lsa, O‘zbekistonda birinchi prezidentning o‘g‘li vorislikka da’vo qilmoqda. Joriy yilning 26 iyun kuni Fuqarolik ishlari bo‘yicha Yakkasaroy tumanlararo sudida O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimovning turmush o‘rtog‘i Tatyana Karimovaga nisbatan fuqarolik ishi ko‘rib chiqiladi. Da’vogar Islom Karimovning Natalya Kuchmi bilan birinchi turmushidan o‘g‘li Pyotr Karimov ekani aytilmoqda. Da’vo predmeti sifatida vorislik huquqidan kelib chiqqan nizo ekani ko‘rsatilgan. 

O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti, marhum Islom Karimovning ikki nikohdan uch farzandi bor. Katta o‘g‘li Pyotr Karimov hozir Moskva viloyatida yashaydi. O‘z vaqtida “Asia-Invest Bank” boshqaruvi raisi o‘rinbosari bo‘lib ishlagan. Ammo may oyida Rossiyaning Krasnogorsk shahrida xotinini kaltaklaganlikda gumonlanib, qo‘lga olingan edi. Shundan so‘ng uning meros bo‘yicha sudda ishtirok etish uchun O‘zbekistonga kelmoqchiligi haqida xabarlar bolalagandi.

Karimovning Tatyana Akbarovna bilan turmushidan to‘ng‘ich qizi, 21 yashar Gulnora Karimova esa hozirda qator moliyaviy jinoyatlarda ayblanib, qamoqda saqlanmoqda. Oilaning kenjasi Lola Karimova-Tillyayeva esa allaqachon turmush o‘rtog‘i va farzandlari bilan AQSHga ko‘chib o‘tgan. Hozirda ijtimoiy tarmoqlarda Gulnora va Lolaning qizlari Imon va Maryam ancha mashhur. Darvoqe, ular opa singil Karimovlar o‘rtasidan o‘tgan olamushuk sabab ancha yillar aloqa kilmagan. Chamasi bir yillar burun xolavachchalarning aloqasi tiklandi. 

*-*-*-*-*-*-*-*-*-*-*-*-*-*

Eshitdingizmi, O‘zbekistonda kamdan kam sodir bo‘ladigan voqea yuz berdi. Amaldor o‘lmasidan, kasal bo‘lmasidan, hech qanday qovun tushirmasidan, majlislarda sazoyi qilinmasidan avval nafaqaga chiqdi. Gap – sobiq tashqi ishlar vaziri, Markaziy Osiyo xalqaro instituti direktori 68 yoshli Vladimir Imomovich Norov haqida ketmoqda.

Norov 2022 yil 30 dekabrdan hozirgacha Markaziy Osiyo xalqaro instituti direktori vazifasida ishlab kelayotgan edi. 

Nega buni sensatsion xabar deyapmiz, avvalo amaldorlarning nafaqaga chiqishi kamyob hodisa, bunaqa shaklda ketish umuman bo‘lmagan, menimcha. 

*-*-*-*-*-*-*-*-*-*-*-*-*-*

“Gazprom” 2023 yilning to‘rtinchi choragida Qozog‘iston orqali O‘zbekistonga gaz yetkazib berishni boshlashi mumkin. Bu bo‘yicha Sankt-Peterburg xalqaro iqtisodiy forumida xolding va O‘zbekiston o‘rtasida shartnoma imzolandi. 

Ma’lum qilinishicha, 16 iyun kuni Sankt-Peterburg xalqaro iqtisodiy forumi doirasida “Gazprom” rahbari Aleksey Millerning O‘zbekiston Bosh vaziri o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev va O‘zbekiston energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov bilan ishchi uchrashuvi bo‘lib o‘tgan.

Unda gaz sohasida hamkorlikning joriy va istiqbolli masalalari ko‘rib chiqilgan. Tomonlar Rossiya gazini O‘zbekiston Respublikasiga yetkazib berish bo‘yicha shartnoma va O‘zbekiston gaz uzatish tizimini Rossiya gaz quvuri gazini qabul qilish va tashishga tayyorlash bo‘yicha “yo‘l xaritasi”ni imzolagan. Rossiya tabiiy gazini Qozog‘iston hududi orqali O‘zbekistonga eksport qilishni boshlashning rejalashtirilgan sanasi 2023 yilning IV choragidir.

“Gazprom” rahbari Aleksey Miller, shuningdek, Qozog‘iston energetika vaziri Almasadam Satkaliyev va “QazaqGaz” boshqaruvi raisi Sanjar Jarkeshov bilan uchrashuv o‘tkazgan. Unda ular gaz yetkazib berish, qayta ishlash va tashish sohasidagi hamkorlikni muhokama qilgan hamda Rossiya gazini Qozog‘iston orqali O‘zbekiston iste’molchilari uchun tashish bo‘yicha shartnoma imzolagan.

*-*-*-*-*-*-*-*-*-*-*-*

Jizzax viloyati bo‘yicha Milliy gvardiya boshqarmasida muddatli harbiy xizmatni o‘tagan 19 yoshli askar vafot etdi. 6 iyun kuni sog‘lig‘i yomonlashgan askar 7 iyun kuni Samarqand harbiy gospitaliga olib ketilgan va 15 iyun kuni o‘tkir yurak qon-tomir yetishmovchiligidan vafot etgan.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, Milliy gvardiya Jizzax viloyati boshqarmasida muddatli harbiy xizmatni o‘tagan 19 yoshli oddiy askar tibbiyot bo‘limi feldsheriga oshqozonida og‘riq borligi bilan murojaat qilgan.

7 iyun kuni Boshqarma tibbiyot bo‘limi boshlig‘i tomonidan Samarqand harbiy gospitaliga olib borilib, tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilgan. Mutaxassis-terapevt vrachning surunkali oshqozon kasalligi qo‘zish davri tashxisi bilan terapiya bo‘limiga stansionar davolanish uchun yotqizilgan.

15 iyun kuni askarning sog‘lig‘i yomonlashib, harbiy gospitalda vafot etgan. O‘tkazilgan sud-tibbiy ekspertiza xulosasiga ko‘ra, unda o‘tkir yurak qon-tomir yetishmovchiligi sababli to‘satdan o‘lim holati qayd etilgan.

Mazkur holat yuzasidan Samarqand viloyati Harbiy prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilayotgani ma’lum qilingan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing