Karimov haykali ortidagi mashmashalar: Davlat byudjeti havoga uchirilyapti...mi?

Tahlil

Avvalroq, O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma’rifiy yodgorlik majmuasida Islom Karimov xotira haftaligiga tayyorgarlik ko‘rilayotgani, 26 avgustdan haftalik start olishi, majmuada obodonlashtirish ishlari olib borilayotgani haqida xabar bergan edik. 

QALAMPIR.UZ “Oqsaroy”ga tashrif buyurdi. Hukumat ob’ektlariga xizmat ko‘rsatishga ixtisoslashgan boshqarmaning “Oqsaroy” bo‘limi xodimi kutib oldi (xodim o‘zi ismini aytishni istamadi).

O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti xotirasiga o‘rnatilgan basavlat haykal. U faoliyat yuritgan bino, necha yillar xalq hatto yaqin ham kelolmagan, Karimov vafotidan keyin esa quchoq ochib, bag‘riga chorlayotgan saroy. Bir qarashda hammasi risoladagidek, ammo bu savlat ortida ham muammolar talaygina. 

Islom Karimovni xotirlash marosimlari oldidan haykal atrofiga 25 ming dona gul ko‘chatlari ekilgan. Biroq, Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevning yordamchisi Anvar Umarov joriy yilning 22 avgust kuni hududga kelib, olib borilayotgan ishlar bilan tanishish chog‘ida, bu gullar unga ma’qul kelmagani, ularni olib tashlab, boshqasini ekish yuzasidan topshiriq berib ketgan. Xodimlar hokim yordamchisining bu topshirig‘ini bajarishdan bosh tortmoqda. Vaziyat qanday tugashi esa hozircha noma’lum. 

“Uvol emasmi? Bular mavsumiy gullar bo‘lsa. Axir davlat byudjetidan pul ajratilgan. Har birini o‘rtacha 2 ming so‘mdan olganda ham davlat g‘aznasidan 50 million sarflangan. Qolaversa, yetkazib berish, ekish haqi degandek... Bu mehnatni qadrlamaslikmi, ishchini mensimaslikmi yo uni oyoqosti qilishmi? Chiroyli, barvasta gullar bo‘lsa, hudud chiroyini ochib turibdi. Nimasi yomon ayting? O‘rniga boshqasini ekish, yana xarajat qilish nimaga kerak? Ustiga ustak bu gullarni boshqa joyga ko‘chirib bo‘lmaydi, yulib olindimi, tamom chiqindiga tashlanadi. Hokim yordamchilari esa kelib o‘zi istagan topshiriqni berib ketaveradi. Shunday ekan, nega avval boshdan aytishmaydi. Bugungi vaziyatda davlatning pulini ko‘kka sovurish kerakmi? Axir Prezidentimiz boshqacha siyosat yurityapti-ku”, deydi o‘zini tanishtirishni istamagan Obodonlashtirish xodimi.

Ma’lumotlarga qaraganda, hududga Salviya, Bigoniya, Tagetes, Geran nomli gullar ekilgan. 

“Hokim yordamchisi qishki mavsumga mo‘ljallangan gullarni ekishimizni byurdi. Men 18 yildan buyon shu ishda ishlayman, tajribam yetarli. Aytishim mumkinki, hali qishki mavsumdagi gullarni ekishga juda erta, oftobda qurib ketadi. “Oqsaroy” esa aynan aftob tig‘ida joylashgan. O‘zi haykal atrofiga ekilgan nozik gullarni ustiga mato yopib zo‘rg‘a saqlayapmiz. 

Bugun hokim yordamchisi kelib e’tiroz bildiryapti. Ertaga uning aytganini qilib boshqa gulni ekdik ham deylik, agar bu gul yana biror rahbarga yoki Bosh vazirga yoqmasa nima bo‘ladi?”

Suratda Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev va uning yordamchisi Anvar Tursunov

QALAMPIR.UZ manbasining xabar berishicha, bugun ushbu hududga Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev kelib, gullarni ekish bo‘yicha boshqa topshiriq berib ketgan. 

“Agar topshiriqlarni bajarmasak, nari borsa ishdan ayrilamiz. Lekin men mehnatning, gullarning, davlat byudjetining havoga uchirilayotganiga achinaman”, deydi suhbatdoshimiz so‘zi yakunida. 

Ma’lumot o‘rnida, Anvar Tursunov ko‘p yillardan buyon Toshkent shahar hokimi yordamchisi bo‘lib ishlab kelmoqda. U Rahmonbek Usmonov davrida ham yordamchi o‘laroq faoliyat yuritgan. 

Eslatib o‘tamiz, har yilgi an’anaga muvofiq, 2 sentyabr kuni O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma’rifiy yodgorlik majmuasida Islom Karimovni xotirlash tadbirlari o‘tkaziladi. Unda vazirlik va idoralar xodimlari ishtirok etadi. 


Maqola muallifi

Teglar

Islom Karimov haykali

Baholaganlar

519

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

Mavzuga doir yangiliklar