Kanndagi O‘zbekiston Milliy paviloni yangi loyihalar muhokamasi markaziga aylandi

Biznes

image

Shu kunlarda 75-Xalqaro Kann kinofestivali davom etmoqda.

Keng ko‘lamli tadbirda O‘zbekiston Milliy paviloni uchinchi bor ishtirok etmoqda. Kann kinofestivali yildan yilga turli mamlakatlarning kino mutaxassislarini muntazam birlashtirib kelmoqda.

Festival mehmonlari 18 maydan 22 mayga qadar dunyodagi eng taniqli va yirik kino bozori – mashhur Kruazet qirg‘og‘ida muntazam o‘tkaziladigan Marché Du Film’da ochilgan O‘zbekiston paviloniga tashrif buyurish imkoniyatiga ega. Uning yonida qolgan davlatlar, jumladan, AQSH, Xitoy, Avstriya va boshqa mamlakatlarning milliy pavilonlari joylashgan.

Ushbu maydoncha yangi loyihalar bilan tanishish va hamkorlik istiqbollarini muhokama qilish, respublikamizda filmlar va media mahsulotlarni suratga olishda butun dunyodan prodyuser va rejissyorlarni jalb qilish imkonini beradi.

O‘zbekiston betakror tarixiy obidalari, o‘ziga xos tarixi va madaniyatiga ega mamlakat sifatida kino san’ati vakillarida qiziqish uyg‘otishi mumkin.

Yurtimizda avval ham xorijlik tomoshabinlar uchun bir qator teledasturlar suratga olingan. O‘zbekistonning Kann festivalida ishtirok etishi, shuningdek, xalqaro maydonda mamlakat imiji shakllanishiga xizmat qiladi.

Har bir davlat rejissyor va prodyuserlarga suratga olish uchun o‘ziga xos shart-sharoitlarni taklif qilishga intilmoqda. Bu yil O‘zbekiston mamlakatimizda suratga olish istagida bo‘lgan kinokompaniya va telekanallar xarajatlarining bir qismini qoplab berish taklifi bilan chiqmoqda.

Professionallar hamjamiyatida bu taklif qiziqish uyg‘otib, pavilon ishining dastlabki kunidanoq faol muzokaralar boshlanib ketdi.

Xususan, kelib chiqishi Erondan bo‘lgan kanadalik taniqli rejissyor Mustafo Keshvari O‘zbekiston maydonchasiga tashrif buyurib, yurtimizda film suratga olish imkoniyatlarini muhokama qildi. 2019 yilgi Kann kinofestivalida uning “Child Bride” qisqa metrajli filmi premerasi bo‘lib o‘tgandi.

Keshvarining filmlari bir necha bor nufuzli kinomukofotlarga munosib ko‘rilgan. Mustafo Keshvari so‘nggi olti oydan buyon Umar Xayyom haqidagi film ustida ishlamoqda. O‘zbekiston Milliy pavilonida xorijlik rejissyor va O‘zbekiston Milliy PR markazi bilan o‘tkazilgan muzokaralar natijasida uning joriy yil iyul oyida Buxoro va Qoraqalpog‘istonga joy tanlash masalasida tashrif buyurishi haqida kelishuvga erishildi. Suratga olish ishlari 2022 yilning sentyabriga rejalashtirilmoqda.

Mamlakatimizning Kann shahridagi Milliy paviloniga Gonkong kinoyarmarkasi – “Hong Kong Film Mart” vakili Mishel Jurdan (Michel Jourdan) ham tashrif buyurdi. U bilan mart oyida o‘tkaziladigan Gonkong kinoyarmarkasida O‘zbekiston Milliy pavilonini tashkil etish masalasi muhokama qilindi.

U yerda Xitoy, Koreya, Yaponiya, Singapur va boshqa davlatlar vakillari ham o‘z kino mahsulotlarini namoyish etishni rejalashtirgan. “Hong Kong Film Mart” vakili Osiyo kino bozorida O‘zbekistonning salohiyatini namoyish etishga katta qiziqish bildirdi va Gonkong kinoyarmarkasi “Xitoy darvozasi” ekanini ta’kidladi. O‘zbekiston vakillariga mazkur xalqaro tadbirda qatnashish uchun yaratilgan imtiyozli shartlar haqida ham ma’lumot berishdi.

Janubiy Afrika taraqqiyot agentligi – “Songezo Boyisi Africa” vakili ushbu mamlakat hududida o‘z media mahsulotlarini suratga olish niyatida bo‘lgan O‘zbekiston kino va telekompaniyalari uchun imkoniyatlar haqida so‘zlab berdi. Xususan, Afrika mamlakatlarida amalga oshirilishi mumkin bo‘lgan teleloyihalar va ularni xalqaro kino bozorida ilgari surish istiqbollari muhokama qilindi.

Shveysariya festivali vakili Adolfo Edoardo Bader (Adolfo Edoardo Bader) O‘zbekistonning jangovar janrdagi filmlari namoyishiga qiziqish bildirar ekan, mamlakatimizda xorijlik suratga olish guruhlarini qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan tashabbuslarni ham alohida e’tirof qildi.

Xorijiy suratga olish guruhlarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha hukumat tashabbuslarining jahon reytingini yurituvchi “Olsberg SPI” agentligi vakillari O‘zbekistonning rivojlanish salohiyati, mamlakatimizda yaratilgan sharoitlar haqida ma’lumot olishdi. Shuningdek, ular O‘zbekistonni ushbu nufuzli reytingga kiritish masalasiga qiziqish bildirishdi.

Shuningdek, “Vesoul International Film Festival of Asian Cinema” festivali direktori Jan-Mark Teruan (Jean-Marc Therouanne) bilan fransiyalik tomoshabinlarining yurtimiz filmlariga bo‘lgan qiziqishi, shuningdek, respublikamiz hududida filmlar suratga olinganidan keyin sayyohlar tashrifining ko‘payishi kabi ijobiy natijalar muhokama qilindi. Xorijlik ekspertlar boshqa mamlakatlar tomoshabinlarining O‘zbekistonga bo‘lgan qiziqishi, ayniqsa, qator filmlar namoyish etilganidan keyin ortganini ta’kidlashdi.

Kann kinofestivalidagi O‘zbekiston Milliy paviloni bu yil ham o‘tgan yillardagi kabi O‘zbekiston Milliy kinokomissiyasi tomonidan Turizm va madaniy meros vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi va O‘zbekistonning Fransiyadagi elchixonasi bilan hamkorlikda tashkil etildi.

O‘zbekiston Milliy paviloni bosh homiysi – “Orient Group” kompaniyasi. Delegatsiyaning Fransiyaga uchib kelishi milliy avia tashuvchi – “Uzbekistan Airways” tomonidan tashkillashtirilgan. Mehmonlarning yashashi va joylashtirilishi bilan bog‘liq masalalarni “Asialux Travel” turoperatori o‘z zimmasiga olgan.

Pavilon ishi vaqtida Kann kinofestivali mehmonlariga “Uzbekistan’s club” global motivatsion platformasi taqdimoti namoyish etildi. Mazkur platforma loyihalaridan biri “O‘zbekistonlik” filmi bo‘lib, uning birinchi qismi 2022 yilning martida taqdim etilgan va keng tomoshabinlar auditoriyasi va OAVda katta shov-shuvlarga sabab bo‘lgan.

Pavilon ishida asosiy e’tibor Orolbo‘yi muammosi va mintaqani yangi “Aral Dream” kreativ loyihasi yordamida jahon axborot makonida ilgari surishga qaratilgan.


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

65

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing