Kanada Xitoyga bosim o‘tkazish yo‘lini ma’lum qildi

Olam

image
0:00
0:00
download

Xalqaro hamjamiyat Pekinda bo‘lib o‘tadigan 2022 yilgi Olimpiya o‘yinlaridan inson huquqlari masalasida Xitoyga bosim o‘tkazish vositasi sifatida foydalanishi mumkin. Bu haqda kecha, 4 iyun kuni Kanada Bosh vaziri Jastin Tryudo “Toronto Star” gazetasiga bergan intervyusida aytib o‘tdi

“Xalqaro hamjamiyat tomonidan Xitoyga bosim hozirda yuqori, ayniqsa, kelgusi yil Pekinda bo‘lib o‘tadigan qishki Olimpiya o‘yinlari arafasida bosim yanada ortgan”, deydi u.

Tryudoga ko‘ra, agar faqat bir davlat inson huquqlari masalasini ko‘tarsa, Xitoy bunga, hatto, e’tibor ham qaratmasligi mumkin. 

“Bir mamlakat, masalan Qo‘shma Shtatlar ushbu mavzuni ko‘tarsa, Xitoy uchun [inson huquqlari masalasini] e’tiborsiz qoldirishi oson bo‘ladi. Ammo dunyo hamjamiyati birlashgan front sifatida harakat qilsa, unda Xitoy ushbu muammoni hisobga olishga majbur bo‘ladi”, deydi Tryudo.

Bundan tashqari, Kanada Bosh vaziri yaqinda bo‘lib o‘tadigan G7 (Group of Seven—katta yettilik: Kanada, AQSH, Buyuk Britaniya, Germaniya, Italiya, Fransiya va Yaponiya) sammitida Xitoyga bosim o‘tkazish masalasini ko‘tarish niyatida ekanini qo‘shimcha qilgan.

Tryudo, shuningdek Xitoyda hibsga olingan ikki Kanada fuqarosi masalasiga ham to‘xtalib, ularni ozod qilish “uzoq vaqt talab etishini” ta’kidlagan.

Eslatib o‘tamiz, 2018 yil dekabr oyida Vankuverda Huawei kompaniyasi moliyaviy direktori Men Vanchjou hibsga olinganligi sababli Kanada va Xitoy o‘rtasida diplomatik ziddiyatlar yuzaga keldi. Men Vanchjou firibgarlikda va Amerikaning Eronga qarshi qaratilgan sanksiyalarini buzganlikda ayblanmoqda.

Ko‘p o‘tmay, Xitoy hukumati Pekindagi ikki Kanada fuqarosini mamlakat milliy xavfsizligiga tahdid soluvchi harakatlar sodir etganlikda ayblab, hibsga oldi. Ularning sudi 2021 yilning mart oyida boshlangan va yopiq eshiklar ortida o‘tkazilgan. Rasmiy Ottava ularning hibsga olinishini noqonuniy deb hisoblaydi va Pekindan Kanada fuqarolarini darhol o‘z Vataniga qaytarishni talab qilmoqda.

G‘arb davlatlari XXR Shinjon-Uyg‘ur avtonom viloyati va Gonkongda inson huquqlarini buzganligi to‘g‘risida bir necha bor bayonot bergan. Pekin esa bu ayblovlarni rad etib kelmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

260

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing