“Kamroq go‘sht iste’mol qiling”. Islom Karimovning kenja qizi Lola Karimova bilan eksklyuziv intervyu
Intervyu
−
01 iyul 2022
112958Kuni kecha O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimovning kenja qizi Lola Karimova-Tillyayeva Instagram’dagi onlayn moda do‘koniga jonli efirda intervyu berdi. Suhbat avvalida Lola Islomovna attorlik buyumlari brendi asoschisi, yozuvchi va xayriyalar faoli sifatida tanishtirildi. Quyida ushbu suhbatni e’tiboringizga havola etamiz.
Lola Karimova-Tillyayeva – O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovning to‘ng‘ich qizi. U 1978 yilning 3 iyulida tug‘ilgan. 2016 yil, otasining vafotidan keyin Lola Karimova turmush o‘rtog‘i Timur Tillyayev va farzandlari bilan AQSHga ko‘chib o‘tdi. U AQSHdan turib Islom Karimov nomidagi Respublika jamoat fondi faoliyatiga vasiylik qilmoqda. Shuningdek, “The harmonist” attorlik mollari brendiga ham asos solgan.
2018 yil 2 fevralda O‘zbekistonning YUNESKOdagi elchisi lavozimi, 6 mart kuni esa O‘zbekiston gimnastika federatsiyasi prezidenti lavozimini tark etdi. Uch farzandning onasi: Maryam, Safiya va Umar.
Gender tengligi va biznes olamidagi ayollar
— Biz bugungi kunda erkaklar uchun bunyod etilgan dunyoda yashayapmiz. Bilasizmi, hatto, ofislardagi xona harorati ham erkaklar uchun mo‘ljallangan. Ya’ni ayollar o‘zlarini qulay his qilishlari uchun salqinroq, erkaklar uchun esa mo‘’tadil harorat xalqaro standart sifatida tanlangan. Atrofimizdagi narsalar esa erkaklar uchun moslashtirilgan.
Biz ham qachonlardir bola bo‘lganmiz. Men kichik qizaloqlarga qarab ular qanchalik faol, aqlli va mas’uliyatli ekanini ko‘raman. Ular oliygohlarda ham a’lochi bo‘lishadi, ammo keyinchalik o‘zlarini ko‘rsata olmasliklarining ko‘plab faktorlari bor. Bu bilan kurashish va vaziyatni yaxshilash uchun ta’limga yordam berish kerak. Shunday gap bor, agar erkakka ta’lim bersangiz bir odamni o‘qitasiz, agar ayolni o‘qitsangiz butun millat o‘qimishli bo‘ladi. Qizlarga biz ko‘proq yordam berishimiz kerak, ayniqsa, ta’limda. Qachonki, qiz bolada bilim va malaka kuchliroq bo‘lsa, u va uning oilasi ko‘proq daromad ko‘radi. Ularga omadli va daromadi yuqori ayollarni namuna qilib ko‘rsatish kerak. O‘z faoliyatida yutuq va natijaga erishgan ayollar namunasi ular uchun foydali. Bunday misollar esa ko‘p.
Sevgi
— Men bu haqida hatto o‘ylab ko‘rmagan ekanman. Fikrlarimni jamlab olishim uchun menga ikki soniya bering.
Sevgi bu sizning muhabbatingiz ob’ekti. Aslida sevgini biror qolipga solib bo‘lmaydi. Sababi biz tilimiz bilan gapirar ekanmiz zabonimiz qandaydir standart va strukturalar bilan chegaralangan. Sevgi siz aqlingiz bilan his etolmaydigan tuyg‘u. Sevgini faqatgina yurak va qalb bilan his etish mumkin.
An’analar
— Inson hayotining go‘zalligi shundaki biz hamisha o‘zgarib boramiz. Kecha senga yoqqan narsalar bugun qiziqish uyg‘otmay qo‘yadi. Menimcha, biz yangi tajribalar uchun ochiq bo‘lishimiz kerak. Men kofeni faqat bir finjonda ichaman, deyish mening tasavvurimda foydali emas. Masalan siz itingizni sayrga olib chiqqan bo‘lsangiz, har safar bitta yo‘ldan yurmasdan, boshqa yo‘llarni ham sinab ko‘rishingiz kerak. Bizning tajribalarimiz yangilangani sari zukkolashib boraveramiz. Bitta ishni har xil usulda bajarish mumkin.
Uy hayvonlari
— Ha, men uy hayvonlarini sevaman. Itlarimdan birining laqabi “Harry”. U bizga katta tajriba bo‘lgan va qizimdan qolgan ikkinchi kuchukcha “Tuchchy”. U biz uchun xuddi kenja farzandimizdek bo‘lib qolgan.
Uy hayvonlari hayotimizni qiziqarliroq qiladi va biz his etishga qodir emasmiz, degan hissiyotlarni tuyish imkonini beradi. Agar imkoningiz bo‘lsa, uy hayvonlarini parvarish qiling.
Shaxsiy hayot
— Bizda odamlar shaxsiy mazmundagi savollarni yaxshi ko‘rishadi. Shaxsiy hayotga qiziquvchilar va boshqa bir insonning shaxsiy hayotida “yashovchilar”ga men shunday degan bo‘lardim: bu dunyo shu qadar qiziqarli va sarhadsizki, u boshqa bir insonning shaxsiy hayotidan qiziqarliroq. Yaxshisi, o‘z e’tiboringizni va vaqtingizni boshqalarni muhokama qilishga sarflamang.
Albatta, men aytadigan gaplar tavsiya xarakteriga ega, sababi har bir inson o‘z qiziqishlari maydonini o‘zi tanlash huquqiga ega. Menga beriladigan shaxsiy hayotimga oid savollarga esa men javob bermayman. Sababi shaxsiy hayot bu o‘z nomi bilan shaxsiy. Uni muhofaza qilish uchun bizda oyna va eshiklarimizda qulflar bor. Agar kimdir xohlasa o‘z shaxsiy hayotini ko‘rsatishi, gapirib berishi, hatto, buning ortidan daromad ko‘rishi ham mumkin.
Vegetarian
— Men so‘ngi olti yildan buyon veganman. Menda nima uchun avvalroq vegan bo‘lmagan ekanman, degan xayol ham o‘tadi. Qayd etishim lozim, men fanat emasman. Men har qanday fanatizmga qarshiman. Biz bir narsani tushunishimiz kerak, go‘shtni har kuni yoki haftada bir necha marotaba iste’mol qilish zararli. Go‘sht inson organizmida yallig‘lanish chaqiradi. U esa natijada saraton yoki boshqa xavfli kasalliklarga olib kelishi mumkin. Go‘shtni sotish uchun uni reklama qilishgan. Go‘sht iste’mol qilish kerak, degan faraz keng tarqalgan. Odamlar go‘shtni oqsilning yagona manbasi deb o‘ylashadi, aslida unday emas. Go‘sht ikkilamchi oqsil, xolos. Agar siz sog‘lig‘ingizga e’tiborli bo‘lishni istasangiz, go‘sht iste’molini qisqartiring.
O‘tmishga e’tibor qaratsangiz, go‘sht tansiq taom bo‘lganligini ko‘rasiz. Ajdodlarimiz har kuni mamontlarni o‘ldirishmagan, ular har kuni qo‘ylarni so‘yishmagan. Go‘sht faqatgina qandaydir bayramlar, tantanalar vaqtida talab etilgan. Itimni misol tariqasida olaylik. Hayvonlarda ham his-tuyg‘u bor. Ular quvonishi, xafa bo‘lishi va qo‘rqishlari mumkin. Bu haqida o‘ylab ko‘ring. Kamroq go‘sht iste’mol qiling. Aytgancha, mening Olimpiadada chempion bo‘lgan do‘stim bor va u ham vegan.
LiveBarchasi