Kampirobod uchun O‘zbekiston qancha yer beryapti?

Jamiyat

“Kampirobod” suv ombori – Tyan-Shan tog‘ tizmalarining 5 irmog‘idan paydo bo‘luvchi Qoradaryo o‘zaniga qo‘yilgan gidrotexnika inshooti. 
1962 yili loyihalashtirilib, 1968-1982 yillarda qurib bitkazilgan bu suv omborining umumiy maydoni – 55 kv km, suv sig‘imi – 1 mld 950 m3 bo‘lib uzoq yillar davomida O‘zbekiston-Qirg‘iziston o‘rtasida talash bo‘lib kelayotgan edi.

 
Joriy yilning 26 sentyabr kuni O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov Qirg‘izistonga borib, chegara borasida kelishuvni boshlash to‘g‘risidagi bayonnomani imzolagandi.

6 oktyabr kuni, Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov o‘zaro chegaralarni kelishish davomida rasmiy Bishkek bahsli yerlarning 99 foizini olganini va o‘z yerlarini O‘zbekistonga bermaganini aytib chiqdi.

Buni eshitib g‘azab otiga mingan o‘zbekistonliklarni esa faqat 10 oktyabr kuni Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi rahbari Qamchibek Tashiyev Qirg‘izistonga jami 19 ming gektardan ortiq yer o‘tib, O‘zbekistonga esa Kampirobod suv ombori akvatoriyasidagi 4485 gektar yer berilishini ma’lum qilgani tinchlantira oldi. Ya’ni, Suv omborining katta qismi O‘zbekistonga o‘tadi va uni ikki davlat birgalikda boshqarishiga kelishib olindi.

Biroq, 23 oktyabr kuni qirg‘iz birodarlarimiz Kampirobod suv omborini O‘zbekistonga berilishiga qarshi chiqib namoyish o‘tkazishdi. Shundan so‘ng, namoyishga chiqqanlarning 22 nafari hibsga olindi.

Bugun, 14 noyabr kuni bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida esa O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov ilk bor Kampirobod suv ombori qanday qilib O‘zbekistonga o‘tayotganiga aniqlik kiritdi.

Majlisda O‘zbekiston-Qirg‘iziston chegarasidagi so‘nggi o‘zgarishlar, xususan, Bosh vazir Abdulla Aripov va Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi Qamchibek Tashiyev tomonidan imzolangan shartnoma masalasi muhokama qilindi. 

Deputatlar tomonidan “O‘zbekiston Respublikasi bilan Qirg‘iziston Respublikasi o‘rtasida o‘zbek-qirg‘iz Davlat chegarasining alohida uchastkalari to‘g‘risidagi Shartnomani (Bishkek, 2022 yil 3 noyabr) ratifikatsiya qilish haqida”gi hamda “O‘zbekiston Respublikasi Hukumati bilan Qirg‘iziston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi o‘rtasida Andijon (Kampirobod) suv omborining suv resurslarini birgalikda boshqarish to‘g‘risidagi Bitimni (Bishkek, 2022 yil 3 noyabr) ratifikatsiya qilish haqida”gi qonun loyihalari ko‘rib chiqildi.

Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov ushbu kelishuv bo‘yicha tushuntirish berdi. U gapni chegaralar bo‘yicha ishlash jarayoni oson kechmayotganini aytishdan boshladi.

“Kezi kelganda shuni aytish lozimki, qo‘shni davlatlar bilan chegara masalasida muzokaralar o‘tkazish oson bo‘lmayapti. Uzoq tortishuvlar va mashaqqatli yo‘llar bilan chegarada qadamba-qadam yurib, bir necha bor Hukumatlararo komissiyalar yiig‘ilishlarini o‘tkazib, arxiv hujjatlarini o‘rganib, shundan keyiin takliflar tayyorlanyapti”, deydi Aripov.

Bosh vazirning qayd etishicha, Prezident Shavkat Mirziyoyevning qo‘shni Qirg‘iz Respublikasi bilan o‘zaro do‘stona aloqalarni mustahkamlash tashabbusi asosida kelishilmay qolayotgan 35 ta uchastkalar – jami 302 km kelishish jarayoni yakuniy bosqichga yetkazilgan.

“Bu kelishuvga erishish uchun 5 yildan oshiq vaqt sarf qildik. Bugun sizlarga taqdim qilinayotgan qonun loyihasi bilan tasdiqlanayotgan shartnomaga ham osonlikcha erishilgani yo‘q. Imzolangan shartnomada respublikamiz uchun strategik ahamiyatga ega bo‘lgan bir qator muhim masalalar o‘z yechimini topmoqda”, deydi Hukumat raisi. 

Bosh vazir Abdulla Aripovga ko‘ra, Qirg‘iz Respublikasi hududidagi Andijon (Kampirobod) suv ombori respublika qishloq xo‘jaligi uchun juda muhim strategik ob’ekt hisoblanadi. 

“Hozirda vodiy viloyatlarimizdagi 175 ming gektardan ortiq hamda Qirg‘iz Respublikasining 25 gektar qishloq xo‘jaligi yer maydonlari ushbu suv ombori orqali sug‘oriladi. Suv omborining sig‘imi 1 mlrd 576 million kub metr. Egallagan hududi 4957 gektarni tashkil etadi. Biz ushbu suv omborini egallagan maydon o‘rniga, Andijon viloyati Qo‘rg‘ontepa tumani Poshaxo‘r uchastkasidan 1019 gektar yaylov-yer maydoni ajratishni taklif etyapmiz. Sobiq Ittifoq davrida 4127 gektar yer maydoni O‘zbekiston SSSR hududidan suv ombori uchun kompensatsiya sifatida berilgan”, deydi Bosh vazir.
Unga ko‘ra, suv ombori egallagan hudud va to‘g‘onga xizmat ko‘rsatish uchun yana 19,5 gektar maydon Qirg‘iziston hududidan O‘zbekiston hududiga o‘tkazilyapti. 

O‘z navbatida qo‘shnilarimiz bilan do‘stona aloqalarni saqlab qolish uchun suv omborini Qirg‘iziston fuqarolari ayrim maqsadda foydalanishi uchun ruxsat berilyapti.

Shu o‘rinda bir masalani aytib o‘tishimiz kerak: suv omborining linzasini 906 metrdan 900 metrgacha tushirish masalasida kelishdik . Qirg‘iziston tomoni ko‘proq tushirish masalani qo‘ygandi, lekin biz kelishganimiz bo‘yicha 900 metrda qoldi. Shunda 1 mlrd 578 million kub metr suv sig‘imiga ega bo‘lgan suv ombori ishlash rejimi tashkil etiladi”, deydi Aripov. 

Shuni alohida ta’kidlash kerakki, “Kampirobod” bizga osonlikcha o‘tayotgani yo‘q. Kelajakdagi muammolarning oldini olish uchun biz ham qimmatli hududlarimizdan voz kechishimiz mumkin. Masalan, Namangan viloyati Pop va Chust tumanlaridagi G‘ovasoy uchastkasidan 12 ming 709 gektar yaylov-yer maydoni Qirg‘izistonga o‘tkazib berilishi mumkin. 

Bosh vazir Abdulla Aripovning qayd etishicha, Sobiq Ittifoq davrida O‘zbekiston SSSRning Kampirobod yoki Andijon suv ombori chap qirg‘oq kanalini qurib berish majburiyati bo‘lgan. Ammo bu bajarilmagan. 

“Sobiq Ittifoq davrida suv ombori qurilgan vaqtda O‘zbekiston tomonidan Kampirobod yoki Andijon suv ombori chap qirg‘oq kanalini qurib berish majburiyati olingan. Lekin, har xil sabablar bilan ushbu kanal qurilmay qolib ketgan. Aynan shu majburiyat bajarilmagani bois Qirg‘iziston tomoni uzoq yillar davomida katta miqdordagi – 8 mingdan oshiq gektar yer maydonlarini Burgandar massivida o‘zlashtirmay qolgan. Bu esa Qirg‘iz Respublikasi iqtisodiyotiga o‘zining salbiy ta’sirini ko‘rsatganini ta’kidlab kelishgan.

Kanal qurilmagani sababli ushbu o‘zlashtirilmay qolgan yer maydonlarini kompensatsiya qilib berish maqsadida oldindan bahsli bo‘lgan – Namangan viloyati Pop va Chust tumanlaridagi G‘ovasoy uchastkasidan 12709 gektar yaylov-yer maydonini Qirg‘izistonga o‘tkazib berish taklif etilyapti”, deydi Aripov.

Shuningdek, Bosh vazirning aytishicha, bugungi kunda Namangan viloyati Kosonsoy va Chust tumanlaridagi 27 ming gektardan ortiq qishloq xo‘jaligi yerlarini sug‘orishda asosiy manba bo‘lib hisoblanadigan, sig‘imi 165 million kub metr bo‘lgan Kosonsoy suv omboridan foydalanilyapti. Qirg‘iziston hududida 850 gektar yer maydonida joylashgan ushbu suv ombori to‘liq O‘zbekiston ehtiyojlari uchun ishlatib kelinayotgani sababli Qirg‘iziston tomoniga Namangan viloyatining Chust, Kosonsoy va Yangi Qo‘rg‘on tumanlari hududlaridan 477 gektar yer maydonini kompensatsiya tartibida ajratish taklif etilyapti.

Aripovning urg‘ulashicha, Chust tumanidan ajratilishi taklif etilayotgan 105 gektar yer maydoni Qirg‘iziston fuqarolari istiqomat qilib kelayotgan bahsli hudud bo‘lgan Qoraqo‘rg‘on massivi hisoblanadi.

Bundan tashqari, ko‘rib chiqilayotgan qonun loyihasi bilan qabul qilinayotgan shartnomaga ko‘ra, O‘zbekiston 4957 gektar maydonni egallagan Kampiobod suv ombori evaziga Andijon viloyati Qo‘rg‘ontepa tumani Poshaxo‘r uchastkasidan 1019 gektar yaylov-yer maydoni ajratishni taklif qilyapti.

Qirg‘iz va O‘zbekiston fuqarolarining yoqalashishiga sabab bo‘lgan Chashma bulog‘i bo‘yicha O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasida Hukumatlararo Bitim tuzishga kelishib olindi. Bunda Chashma bulog‘idan birgalikda foydalanish, tozalash va boshqa masalalar yechimini nazarda tutuvchi O‘zbekiston va Qiirg‘iziston manfaatlaridan kelib chiqqan alohida Bitim imzolanishi ko‘zda tutilmoqda. 

Qolaversa, Aripov ikki davlat o‘rtasida tuzilgan shartnomada Qirg‘iziston Respublikasi “G‘ovasoy” daryosining tabiiy oqimiga to‘sqinlik qiladigan hech bir gidrotexnik va boshqa inshootlarni qurmaslik, shuningdek, “G‘ovasoy” daryosi suvining texnik ifloslanishiga yul qo‘ymaslik majburiyatini olishi belgilanganligini ma’lum qildi.

Muhokamalardan so‘ng qonun loyihalari deputatlar tomonidan qabul qilindi. Endi navbat ushbu qonunni Senatda ko‘rib chiqishga.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

170

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made