Kamera ortidagilar “quloq”mi? Odamlar nima deydi?

Jamiyat

O‘zbekistonda yo‘l harakatini tartibga solish va qoidabuzarliklarni aniqlash uchun joriy qilinayotgan bir qator qonunlarning mohiyatiga e’tibor beradigan bo‘lsak, bu kimlar uchundir pul ishlashning yangi usuliga aylanib bormoqda. Shu bilan birgalikda jamiyatda bo‘linish yuzaga kelishiga va yana ko‘pchilik haydovchilarning noroziligiga ham sabab bo‘lyapti. Gap nima haqida ketayotganini tushungandirsiz? Ha, taxmin qilganingiz “Yangi O‘zbekiston”ning “yangi tadbirkor”lari haqida.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 20 sentyabrdagi "Yo‘l harakati sohasidagi huquqbuzarliklarga qarshi kurashish samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi 747-sonli qarori qabul qilindi. Ushbu qarorga muvofiq 2019 yil 1 iyuldan boshlab jismoniy va yuridik shaxslarning transportlarida o‘rnatilgan videoregistrator vositalarida qayd etilgan huquqbuzarlik holatlari aks etgan videoyozuvlar maxsus avtomatlashtirilgan foto va videoga olish texnikalarida qayd etilgan huquqbuzarlik holatlariga tenglashtirildi va video yuoborgan shaxslarni rag‘batlantirish yo‘lga qo‘yildi.

Yo‘ldagi qoidabuzarliklarni foto va video tasvirga olib, bu haqda YHXBBning tegishli platformasiga jo‘natish orqali jarimaning 10 foizini olayotgan ayrim "tadbirkor"lar ko‘payib borayotgani nafaqat haydovchilarning, balki piyodalarning ham noroziligiga sabab bo‘lib kelyapti. Mana shunday insonlarga nisbatan kirakashlarning qanday reaksiya bildirishi ma’lum. Shu o‘rinda biz qoidabuzarliklarni aniqlashda "yordam berayotgan” bu kabi dastyorlarga nisbatan YPX xodimlarining fikri qanday ekaniga qiziqdik. Xodimning aytishicha, buning ham yaxshi ham yomon tomoni bor.

"Yomon tomoni kimdir majburligidan yo‘l chetiga qo‘yib dorixonaga yoki shunga o‘xshash zarur joyga kirib ketishi mumkin. Bu holatda ularni tushunish kerak. Lekin, ba’zilar ataylab buzadi. Mashina qo‘yishga joy bo‘la turib, mumkinmas joyda to‘xtashadi. Bunday holatlarda esa o‘z vaqtida xabar berish yaxshi, albatta", deydi YPX xodimi.

Qoidabuzarliklar aks ettirilgan video lavhalarni jo‘natishning ham o‘z tartiblari bor. Jumladan, lavha 120 sekunddan oshmasligi va uch ish kunida jo‘natilishi, qoidabuzarlik joyi, vaqti va sanasi ko‘rsatilishi talab etiladi. Bu talablarga javob bermaydigan lavhalar ko‘rib chiqilmaydi. Tabiiyki, bular uchun rag‘bat ham yo‘q.

Shu o‘rinda statistik ma’lumotlarga to‘xtalsak. IIVning QALAMPIR.UZ’ga taqdim etgan ma’lumotiga ko‘ra, 2021 yil 1 yanvar kunidan 28 yanvar kuniga qadar Respublika bo‘yicha elektron jarima orqali 16 ming 97 ta qoidabuzarlik aniqlangan. Ushbu holat qaysidir ma’noda haydovchilarni yanada hushyor bo‘lishga, yo‘l harakati qoidalari talablarini bajarishga undasa, boshqalarning esa pul topish manbaasi yana bittaga ko‘payganini ko‘rsatadi.

Yangi usul va ularning qaysidir ma’noda yordam berayotgani o‘z yo‘liga. Nima bo‘lganda ham kimningdir "azasi ustiga bayram qilayotgan" ayrim tadbirkorlar buni tirikchilik manbaiga aylantirib olishlari qanchalik to‘g‘ri ekanligini balki o‘zlari o‘ylab ko‘rsalar ma’qul bo‘lar.

Ro‘zimurod Berdiyev


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

300

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing