Kamola Xarris Filippinga bordi
Olam
−
21 noyabr 2022 3967 2 daqiqa
Amerika Qo‘shma Shtatlari vitse-prezidenti Kamola Xarris bugun, 21 noyabr kuni Filippinga tashrif buyurdi. Bu haqda CNN nashri Oq uy ma’muriyatiga tayangan holda xabar berdi.
Xabarda aytilishicha, Xarris xonim Filippin prezidenti Ferdinand Markos bilan uchrashgan va AQSH tomonidan moliyalashtiriladigan 21 ta yangi loyihani, jumladan, Filippin atrofida hali oshkor etilmagan mudofaa ob’ektlarini muhokama qilgan.
“Loyihalar ikki davlat o‘rtasidagi “Mudofaa sohasida hamkorlik to‘g‘risida”gi bitimning bir qismi hisoblanadi. Ushbu bitim AQSH qo‘shinlariga Filippindagi kelishilgan joylardan xavfsizlik mashqlari va qo‘shma harbiy mashg‘ulotlar o‘tkazish maqsadida foydalanish imkonini beradi”, deyiladi Oq uy bayonotida.
Bugungi jurnalistlar bilan uchrashuvda Xarris Vashingtonning shartnomaga “shaksiz” sodiqligini yana bir bor tasdiqladi va “Janubiy Xitoy dengizida Filippin Qurolli Kuchlarining jamoat kemalari yoki samolyotlariga qurolli hujum bo‘lsa, bu AQSHning o‘zaro mudofaa majburiyatlarini talab qiladi”, deb ta’kidladi.
Prezident Markos ham o‘z o‘rnida: “Ko‘p marta aytganman, men Filippinning kelajagini Amerika Qo‘shma Shtatlarisiz tasavvur qilmayman va bu AQSH bilan juda uzoq munosabatlardan kelib chiqqan holdir”, deya fikr bildirgan.
Qayd etish joiz, ikki davlat o‘rtasidagi aloqalar Filippinning sobiq prezidenti Rodrigo Duterte davrida buzilgan edi, u olti yillik boshqaruvi davrida Xitoy bilan yaqinroq munosabatlarga intilgan edi.
Vashingtondagi Strategik va xalqaro tadqiqotlar markazining dengiz xavfsizligi bo‘yicha eksperti Gregori Polingning aytishicha, AQSH va Filippin o‘sha “og‘ir yillardan” chekinmoqda.
Ma’lumot o‘rnida, vitse-prezident Kamola Xarris ertaga, 22 noyabr kuni Filippin harbiy bazasi joylashgan Pavalanga tashrif buyuradi.
Alibek Beyjanov
Live
Barchasi