Kamharakatlilik o‘limga yaqinlashtiradimi?
Salomatlik
−
03 noyabr 2020
6010Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotiga ko‘ra, kamharakatlilikdan yiliga 5 million nafardan ortiq odam hayotdan ko‘z yumadi. Sog‘lom turmush tarzining asosiy qoidalaridan biri — jismoniy faolikka rioya qilishdir. Bu haqida tibbiyot fanlari doktori, professor, Tibbiy xodimlarni kasbiy malakasini rivojlantirish markazining Valeologiya kafedrasi mudiri Shuhrat Irgashev fikr yuritdi.
“Kamharakatlilik butun dunyoda o‘tkir muammoga aylandi. Holsizlik, uyquning buzilishi, diqqat-e’tiborni jamlay olmaslik, xotiraning pasayishi, sababsiz charchash hissi, semizlik kabi belgilar har bir kishida uchraydi. Lekin kamdan-kam odamlar bu holatlarni kamharakatlilik bilan bog‘laydi. Ko‘pchilik kun davomida qilgan ishlarini misol keltirib, “biz jismoniy tarbiya mashg‘ulotlarini bajarmasak ham bo‘ladi”, deb aytishadi. Ammo bu ishlarni bajarayotganda aqlimizni faol ishlatamiz. Shuning uchun bu jismoniy tarbiya mashg‘ulotlariga kirmaydi. Jismoniy tarbiya mashg‘ulotlarida esa miya dam olib, faqatgina jismoniy harakatni amalga oshirishimiz kerak”.
Mutaxassis fikricha, kechki ovqatdan so‘ng 3-4 kilometr piyoda sayr qilish taomning yaxshi hazm bo‘lishiga foyda beradi. Shuningdek, kishining jismoniy faolligini ham oshirib, ko‘p kasal bo‘lishning oldini oladi. Ertalabki yarim soatlik yengil jismoniy mashg‘ulot kun davomidagi tetiklikni ta’minlaydi.
“Haftada atigi 2,5 soatlik jismoniy faollik erta o‘lim holatlarini 28 foizga, yurak kasalliklariga chalinish ehtimolini 20 foizga kamaytiradi. Bundan tashqari, jismoniy faollik natijasida organizmda biosintez jarayoni faollashadi, qon aylanish jarayoni 4-5 marta kuchayadi, yurak qisqarishlari soni tezlashadi, bu esa organizmda yangi energiya hosil bo‘lishiga olib keladi. Shu bois ham jismoniy faollik sog‘lom turmush tarzining eng asosiy qoidalaridan biri hisoblanadi”, deydi Shuhrat Irgashev fikri yakunida.
Dinara Yusupova
LiveBarchasi