Kaddafiyning ayanchli o‘limi: G‘arb va NATO Liviyada nimalar uyushtirgandi?

Tahlil

image

Yuzlab bombalar va raketalar, minglab qurbonlar, G‘arb harbiy mashinasining to‘liq ustunligi – bundan o‘n yil muqaddam, 2011 yil 19 mart kuni NATO mamlakatlari armiyalari Liviyadagi fuqarolar urushiga aralashdi. Kaddafiy nazorati ostidagi qo‘shinlar ularga hech qanday qarshilik ko‘rsata olmadi – alyans aviatsiyasi har qanday qarshilikni bir zumda bostirdi. Operatsiya 31 oktyabr kuni yakuniga yetdi. Natijada, bir vaqtlar gullab-yashnagan davlat Liviyada osoyishta hayot batamom to‘xtadi. Ushbu mamlakat hududida janglar haligacha davom etmoqda.

Eski hisob-kitoblar

2011 yil fevral oyida odamlar Liviyadagi aholi soni bo‘yicha ikkinchi shahar – Bingazi shahri ko‘chalariga chiqib, hukumat tomonidan hibsga olingan advokat va huquq faoli Fathi Terbilning ozod etilishini talab qildi. Bir necha kundan keyin butun mamlakat bo‘ylab hukumatga qarshi keng ko‘lamli namoyishlar boshlandi. Bugungi kunda ko‘pgina mutaxassislar ushbu Shimoliy Afrika davlatidagi fuqarolar urushining asl sababi Kirenaika va Tripolitaniya qabilalari o‘rtasidagi ziddiyat, deb hisoblaydi.

Mahalliy aholi vakilidan bo‘lgan Muammar Kaddafiy 40 yildan ortiq vaqt davomida bemalol hukmronlik qilayotgandi.

Kaddafiyning xavfsizlik kuchlari qurol ishlatishga o‘tdi. Tartibsizliklar ko‘cha janjaliga aylanib ketdi. Qurbonlar soni o‘nlab kishiga yetdi. Muxolifat bir nechta qurol-yarog‘ omborini egallab oldi va Bingazi shahrini qo‘lga kiritdi.

Mart oyining boshlarida Kaddafiyning muxoliflari “Tripoliga yurish” e’lon qildi. Poytaxtga besh mingga yaqin harbiy hujum qildi, ammo ular mag‘lubiyatga uchradi. O‘sha paytda Kaddafiy armiyasida tanklar, artilleriya va juda kuchli samolyotlar bor edi, muxolifatda esa faqatgina pulemyot bilan pikaplar bor edi. 18 martga qadar hukumat kuchlari Bingazi shahriga kirib, isyonni tugatishga tayyorlandi. Biroq, BMT Xavfsizlik Kengashi qirg‘indan qo‘rqib, xalqaro hamjamiyatga Liviyada kuch ishlatishga ruxsat berdi.

G‘arb hukumatlari azaldan Kaddafiyga tishlarini qayrab kelayotgandi va fursatdan foydalanib, eski shikoyatlarga javob olindi. 1969 yilgi davlat to‘ntarishidan keyin Liviya ko‘pincha Yevropa va AQSH bilan to‘qnashuvga kirishdi. Vashington Kaddafiyni xalqaro terrorizmni qo‘llab-quvvatlashda aybladi. Biroq, noroziliklardan keyin ham Kaddafiy iste’foga chiqish haqida o‘ylamadi. Birlashgan Millatlar Tashkilotining qaroridan so‘ng aralashuv boshlandi.  

“Men hech qachon Liviya tuprog‘ini tark etmayman, oxirgi tomchi qonimga qadar kurashaman va bu yerda ota-bobolarim bilan shahid bo‘lib o‘laman”, dedi u odamlarga yuzlanib.

Uchish taqiqlangan hudud

Amaliyotning bosh kuratori va tashkilotchisi bo‘lgan Pentagon Liviya qirg‘oqlariga ta’sirchan kuchlarni keltirdi: doimiy tayyorgarlik amfibiya hujumi guruhi tarkibida to‘rt ming dengiz piyoda askari, 22 dengiz piyoda ekspeditsiya korpusi, “Arli Berk” guruhidagi ikkita esminets, ikkita “Los-Anjeles” atom suvosti kemasi, “Ogayo” strategik atom suvosti kemasi tarkibda bor edi.

Shuningdek, amerikaliklar kuchli zarba beruvchi va bombardimonchi samolyotlarni tayyorladi. Intervensiyaning eng faol ishtirokchilari bo‘lgan fransuzlar to‘rtta fregat va Sharl de Goll aviatashuvchisini joylashtirdi. NATOning boshqa a’zolari ham o‘zlarining hissalarini qo‘shdi. Umuman olganda, operatsiyaga 18 mamlakat harbiy xizmatchilari u yoki bu darajada jalb qilingandi.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining rezolyutsiyasida faqat Liviya ustidan uchish taqiqlangan rejim ko‘zda tutilgan bo‘lsa-da, NATO samolyotlari avvalo quruqlikdagi nishonlarga zarba berdi. 19 mart kuni Fransiya harbiy havo kuchlarining 20 ga yaqin samolyoti Bingazi yaqinida hukumat armiyasining ko‘plab zirhli mashinalariga hujum qildi. Xuddi shu kuni Amerika va Buyuk Britaniya dengiz kuchlari Liviyadagi nishonlarga 114 ta qanotli raketalarni uchirdi. Rasmiy Tripolining xabariga ko‘ra, ushbu hujumlar oqibatida 64 kishi halok bo‘lgan va 150 kishi jarohat olgan. NATO samolyotlari o‘nlab ko‘priklarni vayron qilgan, yo‘llarni buzgan va ko‘plab fuqarolik infratuzilmasini ko‘rib bo‘lmas ahvolga keltirgan.

Keyingi kunlarda ham bombardimon davom etdi. Mamlakatga minglab turli xil kalibrli o‘q-dorilar yog‘dirildi. 23 mart kuni Britaniya havo kuchlari qo‘mondoni Greg Begvill Liviya havo kuchlari endi yo‘qligini e’lon qildi. BMT qaroriga binoan aralashuv shu yerda tugashi kerak edi. Biroq, G‘arb to‘xtash haqida o‘ylamadi.

Liderning o‘limi

Liviya ustidan havo ustunligini qo‘lga kiritib, uchish taqiqlangan zonani yaratgan NATOning qiruvchi samolyotlari Kaddafiy armiyasining jihozlari, ishchi kuchi va infratuzilmasini metodik ravishda yo‘q qila boshladi. Amerikaliklar hattoki, operatsiyada “og‘ir otliqlar”dan, B-1B va B-2 strategik bombardimonchilaridan, shuningdek, AS-130 “uchar batareyasi”dan foydalangan. NATO aviatsiyasi deyarli yo‘qotishlarsiz harakat qildi – eskirgan Liviya havo hujumiga qarshi mudofaa tizimi zamonaviy samolyotlarga dosh berolmadi.

Shunday qilib, 10 aprel kuni Shimoliy Atlantika alyansi samolyotlari bir vaqtning o‘zida 25 ta Liviya tankini yo‘q qildi. May oyida NATO samolyotlari Tripolini bombardimon qila boshladi. Ular Muammar Kaddafiy qarorgohiga bir necha bor zarba bergan, ammo har safar u qochishga muvaffaq bo‘lgan.

Uning yashirin joylaridan biri mamlakat shimolidagi Sirt shahri bo‘lgan. 2011 yil kuziga kelib, ushbu aholi punkti rasmiy Tripoli tomonidan nazorat qilinadigan kam sonli joylardan biri bo‘lib qoldi. Oktyabr oyining boshlarida qurollangan muxolifat bo‘linmalari hujumga kirishdi. PNS deb ataladigan tarafdorlar – O‘tish davri milliy kengashi Kaddafiy Sirtda yashirinayotganini bilgan va uni har qanday yo‘l bilan qo‘lga olishga harakat qilgan.

Ular Liviya yetakchisini 20 oktyabr, shahar egallab olingan kundan so‘ng ushladi. Kaddafiy atrofida olomon paydo bo‘ldi. Hamma uni urish, haqorat qilishga, unga og‘ir narsalarni otishga urindi. Olomon uch soatdan ko‘proq vaqt davomida “bezorilik” qildi, shundan keyin Kaddafiy avtomobilda olib ketilib, kasalxonaga yotqizildi. Ammo bu vaqtga kelib, u allaqachon vafot etgandi. Shunday qilib, NATO bloki o‘z vazifasini bajarib, operatsiyani 31 oktyabr kuni yakunladi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

630

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing