Kadastr tizimida 115 nafar xodim korrupsion jinoyatlarga qo‘l urgan
Jamiyat
−
24 avgust 2021
6134O‘tgan ikki yilda O‘zbekistonda kadastr tizimining naq 115 nafar xodimi korrupsiya bilan bog‘liq jinoyatlarga qo‘l urgan. Ular tomonidan jami 70 ta jinoyat sodir etilgani aniqlangan. Bu haqda bugun, 24 avgust kuni Senatning Axborot siyosati va davlat organlarida ochiqlikni ta’minlash masalalari qo‘mitasi tomonidan o‘tkazilgan navbatdagi yig‘ilishda so‘z bordi.
Yig‘ilishda Davlat soliq qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari — DSQ huzuridagi Kadastr agentligi direktori Fazliddin Umarov ishtirok etib, agentlik faoliyati haqida axborot berdi.
Yig‘ilishda qo‘mita raisi o‘rinbosari Farhod Boqiyev kadastr tizimida ro‘y bergan korrupsion holatlarni qattiq tanqid qildi.
“Biz Bosh Prokraturadan tahllilarni oldik. Ma’lum bo‘lishicha 2020 yilning o‘zida Kadastr agentligining 67 nafar xodimiga nisbatan 46 ta, 2021 yilning 6 oyida esa 48 nafar mansabdor shaxslarga nisbatan 24 ta jinoyat ishi ochilgan. Buning oqibatida davlat va jamiyat manfaatlariga 1,3 mlrd so‘m miqdorida zarar keltirilgan”, deydi Boqiyev.
Senat qo‘mitasi raisi o‘rinbosariga ko‘ra, korrupsiya holatlarini aniqlash, ularga nisbatan chora ko‘rish mumkin, ammo odamlarning tizimga nisbatan yo‘qolib borayotgan ishonchini tiklash alohida masala.
“Bugun o‘lchovi yo‘q bo‘lgan, biz o‘lchay olmaydigan hodisa borki, bu xalqimizning davlat idoralariga, xususan kadastr tizimiga bo‘lgan ishonchi. Mana shu nuqtayi nazardan ham bu masalaning muhimligi va kun tartibiga chiqqanligini ko‘rish mumkin”, deydi u.
Yig‘ilishda ta’kidlanishicha, bugun kadastr sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarga qaramasdan tizimli muammolar mavjud va bu ayrim ob’ektiv hodisalarda o‘z isbotini topmoqda.
“Bu o‘zboshimchalik bilan sug‘oriladigan yerlarni egallab olish, yer uchastkalarida noqonuniy uy-joylar qurib olish, qolaversa bugun kadastr agentligi bazasiga kiritilmagan, egalik huquqi belgilanmagan ko‘chmas mulklarning soni 2 mlndan oshiqni tashkil etayotganidir. Ushbu holatlar o‘z-o‘zidan o‘ylashni va tizimda katta islohotlarni amalga oshirish kerakligini bildiradi”, dedi Farhod Boqiyev.
Ma’lumot o‘rnida, kadastr bazasida davlat ro‘yxatidan o‘tmagan, o‘zboshimchalik bilan qurilgan 2 mln 746 mingdan ortiq ko‘chmas mulk ob’ektlarining egalik huquqi belgilanmagan.
2021 yil 5 avgust holatiga ko‘ra, respublikada 90 ming 690 ta fermer xo‘jaligidan 29 ming 169 tasi bilan ijara shartnomasi to‘liq rasmiylashtirilmagan.
LiveBarchasi