“Qo‘ylar namoyishi”ga sabab bo‘lgan hokim qarori bekor qilindi
Jamiyat
−
07 aprel 2021
10583Avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda Nurobod tumani hokimligi binosi oldida 6 ming bosh qo‘y haydab kelingani haqida video va xabarlar tarqalgani haqida xabar bergan edik. Keyinchalik Samarqand viloyati Ichki ishlar boshqarmasi voqea yuzasidan izoh berdi. Samarqand viloyati Nurobod tumani “Ag‘ron” mahallasida yashovchi fuqaro J.Ya. ning murojaati Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan ham o‘rganildi. Bu haqda Agentlik Matbuot xizmati xabar bermoqda.
Ma’lum qilinishicha, fuqaro o‘z murojaatida Nurobod tuman hokimligi va tuman kadastr bo‘limi mas’ullari tomonidan Toshquduq massividagi 2118k, 2119k, 2120k, 2121k va 2122k konturlardagi 40 gektar ekin ekilmagan yaylov yer maydonlari soxta hujjatlar asosida lalmikor yer maydonlari sifatida “A. I. S.” MCHJga berilgani hamda Nurobod tuman hokimining 2020 yil 23 dekabrdagi 905-Q-son qarori korrupsion holatlar asosida chiqarilganini ma’lum qilgan.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan tegishli hujjatlarni o‘rganish davomida, Nurobod tuman hokimining mazkur qarori qabul qilinishida qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarni berish va yaylovlardan foydalanish tartibini belgilovchi normativ-huquqiy hujjatlar talablariga rioya etilmagani ma’lum bo‘lgan.
Jumladan, Nurobod tuman hokim qaroriga asosan, “A.I.S.” MCHJga Nurobod tumani Toshquduq massividagi 2118k, 2119k, 2120k, 2121k va 2122k konturlarda joylashgan yaylov yer maydonlari lalmikor yer sifatida g‘allachilik bilan shug‘ullanish uchun ajratilgan. Ushbu konturlardagi yer maydonlari O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Kadastr agentligining joriy yil 27 martdagi 01002-sonli xatida uzoq yillardan buyon foydalanilmagan va ekin ekilmagan yaylov yer maydonlari ekani ham ko‘rsatilgan.
O‘rganishlar va Nurobod tuman hokimligi mas’ullari bilan olib borilgan tegishli harakatlar natijasida tuman hokimining qarori bekor qilinib, Nurobod tumani Toshquduq massivida joylashgan yaylov yer maydonlari tuman hokimligi zaxirasiga olingan.
LiveBarchasi