“Kosmik YTH”. Qo‘shni yulduz tizimida ikki sayyora to‘qnashuvi yuz berdi

Bu qiziq

image

AQSH, Irlandiya va Buyuk Britaniya astronomlari kichikroq sayyoraning boshqa bir kattaroq sayyora bilan to‘qnashishi oqibatida fazoga atmosferasi ajralib chiqishi holatiga duch keldi. Bu haqda “Nature” jurnali yozmoqda.

Qayd etilishicha, kosmik miqyosdagi falokat taxminan 200 ming yil oldin Yerdan 95 yorug‘lik yili uzoqlikda joylashgan HD 172555 yulduz tizimida sodir bo‘lgan. 

Astronomlar 2000-yillardayoq ushbu falokat to‘g‘risidagi ma’lumotlarga ega bo‘lgan. O‘shanda ular oyning kattaligidagi samoviy jismning Merkuriy kabi sayyoraga soniyasiga 10 kilometr tezlikda urilganini taxmin qilgan. 

66 ta radio teleskopdan olingan yangi ma’lumotlarga ko‘ra, katta sayyora Yerning hajmi bilan teng bo‘lib, karbonat angidridli atmosferaga ega edi. 

Ma’lumot o‘rnida, yirik osmon jismlari ko‘pincha 12 million yillik HD 172555 kabi yosh yulduz tizimlarida bir-biriga to‘qnashadi. Bunday to‘qnashuvlar natijasida sayyoralar odatda oxirgi shakliga keladi. To‘rt milliard yildan ko‘proq vaqt oldin, Quyosh sistemasida ham osmon jismlari to‘qnashgandi. Buning ortidan Oy Yerdan ajralib chiqqan, Uran yon tomoniga “qulab tushgan”, Venera esa teskari yo‘nalishda aylana boshlagan.

Hozirda Quyosh tizimidagi sayyoralarning to‘qnashuvi ehtimoldan yiroq – ularning orbitalari barqaror va bir-biri bilan kesishmaydi. Asosiy tahdid kometalar va katta asteroidlardir, ularning yo‘li vaqti-vaqti bilan sayyora orbitalari bilan kesishishi mumkin: masalan, 2009 yilda Yupiterga diametri 500 metr bo‘lgan kometa tushib, uning atmosferasida Tinch okeani kattaligi bilan teng keladigan teshik hosil qilgan. Olimlarning fikricha, bunday kattalikdagi osmon jismlari Yerga har 100 ming yilda bir marta tushadi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

451

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing