Qo‘rqinchli ofat. 2019-2020 yillarda kuzatilgan eng dahshatli zilzilalar

Olam

image

24 yanvar kuni Turkiyada magnitudasi 6,8 bo‘lgan dahshatli zilzila sodir bo‘ldi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, tabiiy ofat oqibatida 19 kishi halok bo‘lgan, 922 kishi jabrlangan. Hozirga kelib ular soni oshib borayotgani ta’kidlanmoqda. Vayronalar ichidan qidiruv-qutqaruv ishlari hamon davom etmoqda.

Insoniyat tarixida vayronagarchilik keltirib chiqargan halokatli zilzilalar juda ko‘p bo‘lgan. Ana shunday zilzilalar 2020 yilning dastlabki oyidayoq ikkita davlatda qayd etildi. Ulardan biri yanvar oyining boshida Puerto-Rikoning Karib dengizidagi orollarida sodir bo‘ldi. Oqibatda elektr ta’minot tizimi ishdan chiqdi, juda ko‘plab uylar vayronaga aylandi. O‘shanda zilzila magnitudasi 6,6 ballni tashkil etgan edi. 14 yanvar kuni Puerto-Riko hukumati mamlakatda favqulodda vaziyat e’lon qildi. Qator zilzilalar sabab 20 ming odam o‘z uyini tashlab ketishga majbur bo‘ldi. Tabiiy ofat keltirgan zarar 110 million dollarni tashkil etdi.   

Xo‘sh, 2019 yil ana shunday halokatli, vayronakor zilzilalar qaysi davlatlarda kuzatilgan edi?

Filippin

22 aprel. Filippin poytaxti Maniladan uncha uzoq bo‘lmagan hududda 6,3 balli yer silkinishi kuzatildi. Bundan eng ko‘p Pampanga provinsiyasi zarar ko‘rdi. Tabiiy ofat natijasida bir nechta inshoot, jumladan, ikkita cherkov shikastlandi. Klark xalqaro aeroporti bir kunga yopib qo‘yildi. Shuningdek, ushbu provinsiya aholisi ommaviy elektr ta’minotisiz qoldi.

27 iyul kuni Filippinning Itbayyat orolida magnitudasi 5,9 bo‘lgan zilzila sodir bo‘ldi. Bundan uch soat oldin oroldan uch kilometr uzoqlikda 5,4 balli yer silkinishi kuzatilgandi. Tabiiy ofat oqibatida 5 kishi halok bo‘ldi, 12 kishi turli darajada tan jarohati oldi.

Shu yilning 29 va 31 oktyabr kunlari mamlakatning Mindan orolida ikkita kuchli zilzila sodir bo‘ldi. Ularning magnitudasi 6,6 va 6,5 ballni tashkil etdi. Oqibatda 21 kishi halok bo‘ldi, 432 kishi jabrlandi. Tabiiy ofat 30 mingga yaqin ob’ektni, jumladan, deyarli mingta maktabni, o‘nlab diniy inshootni va tibbiyot markazini vayron qildi. Shuningdek, 20 dan ziyod yo‘l va ko‘priklar yaroqsiz holatga kelib qoldi. 

Filippinda 15 dekabr kuni tag‘in yer silkinishi kuzatildi. Uning magnitudasi 6,8 ballni tashkil etdi. Zilzilaning o‘chog‘i Magsaysay aholi punktidan besh kilometr janubi-sharqda bo‘lgani aytildi. Yer silkinishi oqibatida Davao Del Sur provinsiyasidagi deyarli 1,5 ming uy vayronaga aylandi. Tabiiy ofat oqibatida 12 kishi halok bo‘ldi, 200 dan ziyod kishi jabrlandi.

Albaniya

2019 yil, 26 noyabr. AQSH Geologiya xizmati (USGS) Albaniya poytaxti Tiranadan uncha uzoq bo‘lmagan hududda magnitudasi 6,4 balli zilzila sodir bo‘lgani haqida xabar qildi. Seysmologlarning ma’lum qilishicha, uning ortidan magnitudasi 5 bo‘lgan aftershoklar kuzatildi. Yerosti silkinishlari Tirana, shuningdek, Durres shahrida sezildi. Tabiiy ofat 50 kishining umriga zomin bo‘ldi, 900 dan ziyod kishi jabrlandi. 

21 sentyabr kuni mamlakat yana bir bor ushbu tabiiy ofat bilan yuzma-yuz keldi. Bu safar ikkita yer silkinishi ketma-ket qaytarildi. Birinchi silkinish mahalliy vaqt bilan 14:04 da bo‘ldi. Afina Universiteti seysmologiya laboratoriyasi dastlab zilzilaning magnitudasini 5,6 ball bo‘lganini aytdi. So‘ngra 6,0 ekanligini ma’lum qilindi. O‘chog‘ Durres shahridan 6 kilometr shimolda qayd etildi. Oradan bir necha daqiqa o‘tgach, 5,3 balli ikkinchi silkinish sodir bo‘ldi. Uning ortidan magnitudasi 3,1 dan 4,1 gacha bo‘lgan uchta aftershok kuzatildi. Silkinishlar 22 sentyabr tunigacha davom etdi. Halok bo‘lganlar kuzatilmagan bo‘lsa-da, jabrlanganlar soni 105 nafarga yetdi.

Eron

2019 yil, 8 avgust. Masjidi Sulaymon shahri. Aynan shu kuni ushbu hududda magnitudasi 5,7 ball bo‘lgan yer silkinishi kuzatildi. Oqibatda bir kishi nobud bo‘ldi, 64 nafari jabrlandi.

8 noyabr. Shu kuni tunda mamlakatda magnitudasi 5,9 bo‘lgan zilzila kuzatildi. Uning o‘chog‘i Tabrizdan (Sharqiy Ozarboyjon provinsiyasi) 156 kilometr janubi-sharqda qayd etildi. Hodisa oqibatida 6 kishi halok bo‘ldi, 529 kishi jabrlandi.

Indoneziya

2019 yilning 17 mart sanasi. Mamlakatda 5,5 magnitudali zilzila bo‘ldi. Uning ortidan kelgan ko‘chkilar oqibatida 5 kishi halok bo‘ldi va 30 kishi jabrlandi. Shuningdek, 40 kishi sayohlar orasida mashhur bo‘lgan Tiu Kelep sharsharasida qolib ketdi.

14 iyul Indoneziya uchun unutilmas kunga aylandi. Shu kuni mamlakatda magnitudasi 7,3 bo‘lgan dahshatli zilzila sodir bo‘ldi. Uning o‘chog‘i Shimoliy Maluku provinsiyasidan 102 kilometr shimoli-sharqda deya qayd etildi. 5 kishi halok bo‘ldi, yana bir kishi evakuatsiya vaqtida jon berdi.

2 avgust. Sumatra orolida magnitudasi 6,8 balli zilzila kuzatildi. Oqibatda 5 kishi halok bo‘ldi, 4 kishi jabrlandi. Banten va G‘arbiy Yava provinsiyalaridagi 233 bino vayronaga aylandi.

Sentyabr oyining 26-sanasi. Shu kuni mamlakatda magnitudasi 6,5 bo‘lgan zilzila sodir bo‘ldi. Uning o‘chog‘i Kayratu shahridan (Seram oroli) 8 kilometr janubi-sharqda aniqlandi. 30 kishi halok bo‘ldi, 156 kishi jabrlandi. 25 mingga yaqin fuqaro o‘z uyidan chiqib ketishga majbur bo‘ldi.

Xitoy

2019 yil, 17 iyun. Xitoyning Sichuan provinsiyasida zilzila bo‘ldi. Boshida magnitudasi 6,0 bo‘lgan yer silkinishi Ibin shahar okrugining Channin uyezdida kuzatildi. Oradan 40 daqiqa o‘tib, 5,1 balli zilzila xuddi shu okrugning Gun uyezdida qayd etildi. Ertasi kuni 17 ta silkinish sodir bo‘ldi. Tabiiy ofat oqibatida 13 kishi qurbon bo‘ldi, 199 kishi jabrlandi.

8 sentyabr Yana shu Sichuan provinsiyasida magnitudasi 5,4 bo‘lgan yirik zilzila sodir bo‘ldi. Tabiiy ofat bir kishini hayotdan olib ketdi. 63 kishi jabrlandi. Hodisa joyida bo‘lgan 10 ming kishining barchasi moddiy talofatga uchradi.

Peru

2019 yil, 26 may kuni Peruda magnitudasi 8,0 bo‘lgan kuchli yer silkinishi bo‘ldi. Bir kishi halok bo‘ldi, 15 kishi jarohatlandi. 291 ta bino yer bilan yakson bo‘ldi. 337 tasi yashashga yaroqsiz deb topildi.

Sarvar Anvar o‘g‘li


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

59

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing