Qo‘rqayotgan Putin, Trampga “tarsaki” va Isroilga do‘st Qozog‘iston — Weekend
Tahlil
−
03 may 8739 20 daqiqa
Qozog‘istonga kelgan Isroil prezidenti Qirg‘izistonni sotqinlikda aybladi! Urush O‘zbekistonga yaqinlashyaptimi? Moskvada G‘alaba paradi keskin qisqartirilishi mumkin. Putin nimadan qo‘rqmoqda? Pedofil Epshteyn o‘zining jirkanch jinoyatlar sodir etgan orolida “masjid” qurdirgan. Bu ishda o‘zbekistonliklarning ham aloqasi bor! Tramp yana boshladi. U dunyo xaritasini o‘z ismi bilan o‘zgartirmoqchi. Buyuk Britaniya qiroli Charlz III esa Trampga tarsaki tushirdi — ramziy ma’noda. Shular va boshqa dunyo sahnida sodir bo‘lgan muhim voqealar tafsilotini ko‘rib chiqamiz
Epshteynning “masjidi” va O‘zbekiston koshinlari
Pedofillikda ayblanuvchi Epshteyn vahshiylik, jinsiy zo‘rlik hamda xo‘rliklar markaziga aylangan o‘z orolida, uning tili bilan aytganda, "masjid" qurdirgan va uni bezatish uchun O‘zbekistondan koshinlarni sotib olgan. “The New York Times” nashrining xabar berishicha, ko‘pchilik tomonidan yovuz mavjudot sifatida ko‘riluvchi bu shaxs nodir islom artefaktlarini sotib olishga qiziqqan. U ushbu buyumlarni o‘zining shaxsiy orolidagi g‘ayrioddiy binoni bezash va boy hamda nufuzli odamlar bilan aloqalar tarmog‘ini kengaytirish uchun xarid qilgan. Epshteyn shaxsiy suhbatlarda bu binoni har doim “masjid” deb atagan. Bu gumbazli, oq-ko‘k chiziqlardan iborat binoni siz ham ko‘rgan bo‘lsangiz kerak.
Uni bezash uchun Ka’badan Qur’on oyatlari tushirilgan kisvalar keltirilgan. Shuningdek, Epshteyn o‘z inshooti uchun O‘zbekistondan masjid koshinlarini hamda qadimgi Suriya me’morchiligi namunasi asosida yaratilgan oltin rangli metall gumbazni sotib olgan.
Yaqinda maxfiylikdan chiqarilgan va dunyo darajasidagi mashhur shaxslarning bir nechtasini titratib yuborgan hujjatlar Epshteynning Littl-Sent-Jeyms orolidagi sirli bino bilan bog‘liq ko‘p yillik jumboqqa oydinlik kiritgan. Ushbu bino ilgari musiqa xonasi, pavilon, ibodatxona yoki hatto okkultizm maskani sifatida ta’riflangan. Biroq Epshteynning o‘zi bu inshootni tez-tez “masjid” deb atab kelgan.
Hujjatlarga ko‘ra, muqaddas “qadamjo” barpo etish g‘oyasi unda fohishalikka jalb qilish ishi bo‘yicha aybiga iqror bo‘lib, qamoqda o‘tirgan vaqtida paydo bo‘lgan. 2009 yilda ozodlikka chiqishidan oldin, yozishmalarga ko‘ra, u atrofida “islomiy bog‘” bo‘lgan hammom loyihasi uchun arxitektorlarni yollagan. Keyinchalik esa Epshteyn bu rejadan voz kechib, “musiqa xonasi” qurish uchun ruxsat olishga harakat qilgan. Ammo qurilishga aloqador shaxslar bilan yozishmalarda u baribir “masjid” atamasini ishlatgan. NYT surishtiruvida aytilishicha, 2011 yilda Epshteyn O‘zbekistondagi aloqador shaxsiga haqiqiy koshinlar (plitka) topish iltimosi bilan xat yozgan.
Moliyachi tomonidan yollangan rumin rassomi Ion Nikola ham NYT’ga bergan intervyusida Epshteyn binoni muntazam ravishda o‘z “masjidi” deb ataganini tasdiqlagan. 2013 yilda u Nikolaga Halabdagi (Aleppo) Yalbug‘a hammomining suratini yuborib, shunga o‘xshash eskizlar tayyorlashni so‘ragan. Shu bilan birga, uning ushbu binodan haqiqatan ham masjid sifatida foydalanish niyati bo‘lgan-bo‘lmagani haqida dalillar yo‘q.
Ismini “abadiylashtirayotgan” Tramp
Deyarli butun dunyo mediasida har kuni bir marta bo‘lsa ham ismi zikr qilinadigan Tramp bu hafta ham jim turgani yo‘q. U Hormuzni “Tramp bo‘g‘ozi” deb o‘zgartirmoqchiligiga ishora qildi. AQSH Prezidenti Truth Social ijtimoiy tarmog‘iga “Tramp bo‘g‘ozi” deb nomlangan rasmni joylashtirdi. Va bunday ishora birinchisi emas.
Mart oyining oxirida Mayamida o‘tkazilgan investitsiya forumida Tramp hazil tariqasida Hormuz bo‘g‘ozini o‘z nomi bilan atab, “ular Tramp bo‘g‘ozini ochishga majbur bo‘ladi”, degan edi va bunday bayonotlar tasodifiy emasligini qo‘shimcha qilgan. Oradan ko‘p o‘tmay “New York Post” manbalarga tayanib, Tramp Hormuz bo‘g‘ozini “Amerika bo‘g‘ozi” deb qayta nomlash imkoniyatini ko‘rib chiqayotganini xabar qilgan. Bu harakatlar uni ikkiyuzlamachi deb atalishiga ko‘p bora sabab bo‘ldi. Chunki Eron tomoni bo‘g‘ozni ochgan paytida Tramp bu muhim suv yo‘lini Hormuz emas, “Eron bo‘g‘ozi” deb ham atagan edi.
Oq uyga qaytib, yana prezident bo‘lgach, Tramp muhim ob’ektlarni o‘z nomi bilan qayta nomlash tashabbuslarini faol ilgari surmoqda. Xususan, 2025 yilda Amerika Tinchlik institutini “Tramp nomidagi Amerika tinchlik instituti” deb qayta nomlagan. Bundan tashqari, u geografik ob’ektlar nomini o‘zgartirish tashabbuslari bilan ham chiqqan. 2025 yil yanvar oyida u Meksika qo‘ltig‘ini “Amerika qo‘ltig‘i”, Denali tog‘ini esa “Mak-Kinli” deb qayta nomlashni buyurgan. Meksika tomonida bu qarorlar tanqid qilinib, “Meksika qo‘ltig‘i” nomi asrlar davomida xalqaro navigatsiyada qo‘llanib kelayotgani ta’kidlangan.
O‘ziga xos xarizmaga ega prezidentning Binyamin Netanyaxuga bergan tavsiyasi ham keng muhokama qilindi. U Netanyaxuni Livanga faqat “aniq nishonli” zarbalar berishga chaqirgan. Aks holda, uning fikricha, Isroil “o‘zini yomon ko‘rsatib qo‘yadi”. Tushunyapsiz-a? Umuman zarba berma emas, aniq zarba ber!
“Men Netanyaxuga aytdim: u aniqroq harakat qilishi kerak. Binolarni vayron qilmasin. Buni qilish mumkin emas. Bu juda dahshatli va Isroilni yomon otliqqa chiqaradi”, degan Tramp.
U Livan va uning rahbariyatiga ijobiy munosabatda ekanini ta’kidlagan. AQSH Prezidenti, shuningdek, Tehronga qarshi operatsiya yakunlangach, Livan “yana tiklanishi” mumkin deb hisoblaydi.
“Eron Livanni vayron qildi. Ularning qo‘g‘irchog‘i – “Hizbulloh” Livanni vayron qildi. Eron mag‘lub bo‘lsa, “Hizbulloh” ham avtomatik tarzda mag‘lub bo‘ladi”, degan Tramp.
AQSH rasmiylaridan biri nashrga ma’lum qilishicha, Tramp ma’muriyati Isroildan “o‘zini tiyishni” va Livan bilan yangi diplomatik jarayonga imkon berishni so‘ragan. Vashington Livan Qurolli kuchlariga qisqa muddat ichida muammolarni yengib o‘tishda yordam berish yo‘llarini izlamoqda.
25 aprel kuni Binyamin Netanyaxu armiyaga Livandagi “Hizbulloh” nishonlariga kuchli zarbalar berish bo‘yicha ko‘rsatma bergan edi. Bu qaror guruhning Isroil shimoli va Livan janubida joylashgan qo‘shinlarga raketa hamda dronlar bilan hujum qilganidan so‘ng qabul qilingan. 24 aprel kuni esa Tramp Isroil va Livan o‘rtasidagi otashkesim Vashingtonda o‘tgan “juda yaxshi’ muzokaralardan so‘ng uch haftaga uzaytirilishini e’lon qilgan. Shu kuni Isroil Mudofaa armiyasi “Hizbulloh” tomonidan uchirilgan raketalar tutib qolinganini ma’lum qilgan.
Eron urushining moliyaviy xarajatlari
Donald Tramp saylovlar avvalida dunyoga tinchlikni qaytaraman deb katta ketgani esingizda bo‘lsa kerak. Aynan uning tashabbusi bilan boshlangan AQSHning Eronga qarshi urushi hozirgacha 25 milliard dollarga tushgani e’lon qilindi. 29 aprel kuni Pentagonning yuqori lavozimli amaldori harbiy xarajatlari bo‘yicha ilk marta rasmiy bayonot berdi.
Noyabr oyida bo‘lib o‘tadigan oraliq saylovlarga olti oy qolgan bir paytda, Prezident Donald Trampning respublikachilari Kongressdagi ko‘pchilik tarafdorlarini saqlab qolish uchun qiyin kurash olib borishi kutilmoqda.
Demokratlar esa jamoatchilik fikridagi reytinglarda ustunlikka ega bo‘lib, Eron urushi masalasini iqtisodiy qiyinchiliklar bilan bog‘lashga harakat qilyapti.
Moliyaviy nazoratchi vazifasini bajarayotgan Juls Hyorst Kongressning Qurolli kuchlar qo‘mitasi a’zolariga aytishicha, urushga ishlatilgan mablag‘ning asosiy qismi o‘q-dorilarga sarflangan. Hyorst ushbu hisob-kitob nimalarni o‘z ichiga olgani, jumladan, Yaqin Sharqdagi baza infratuzilmasini qayta tiklash va ta’mirlash xarajatlari kiritilgan yoki kiritilmagani haqida aniq ma’lumot bermagan.
“So‘rovga javob berganingizdan xursandman. Chunki biz bu raqamni ancha vaqtdan beri so‘rab kelayotgan edik va hech kim ochiqlamayayotgan edi”, deya munosabat bildirgan qo‘mitadagi yetakchi demokrat Adam Smit.
Mudofaa vaziri Pit Hegset esa qonun chiqaruvchilarga bu xarajatlar Eronning yadroviy qurolga ega bo‘lishining oldini olish maqsadi bilan oqlanishini aytgan. “Eronning yadroviy bombaga ega bo‘lmasligini ta’minlash uchun siz qancha to‘lar edingiz? Qancha?”, degan u. Hegset, shuningdek, Eron urushiga nisbatan tanqidlarni rad etgan va demokratlarni keskin tanqid qilgan. Ma’lumot o‘rnida, 25 milliard dollar — bu joriy yildagi NASA byudjetiga teng. Biroq Pentagon bu summa xulosasiga qanday kelgani noma’lum. Chunki o‘tgan oyda “Reuters” agentligining ma’lum qilishicha, urushning dastlabki olti kunining o‘zi AQSHga kamida 11,3 milliard dollarga tushgan.
Pentagon rasmiylarining bu rasmiy statistik ko‘rsatkichlariga javoban Eron Tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi AQSH xalqini o‘ylantiradigan post e’lon qildi. U o‘zining X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida Qo‘shma Shtatlar Eronga berilgan zarbalar uchun taxminan 100 milliard dollar sarflaganini, Amerika xalqi uchun bilvosita xarajatlar esa bundan ham ko‘proq ekanini yozdi.
“Pentagon yolg‘on gapiryapti. Netanyaxuning sarguzashti Amerikaga allaqachon 100 milliard dollarga tushdi, bu e’lon qilingan summadan to‘rt baravar ko‘p demakdir. Amerikalik soliq to‘lovchilar uchun bilvosita xarajatlar ancha yuqori. Har bir amerikalik oila uchun oylik hisob-kitob 500 dollarni tashkil etmoqda va bu ko‘rsatkich tez sur’atlar bilan o‘syapti”, deydi Aroqchi.
Vazir Tramp birinchi o‘ringa Isroilni qo‘yib, “Amerika oxirgi navbatda” degandek harakat qilayotganini ham qistirib o‘tgan.
AQSH 28 fevraldan boshlab Eronga qarshi hujumlarni amalga oshira boshlagandi va hozirda tomonlar vaqtinchalik o‘t ochishni to‘xtatish holatida turibdi, buni bilasiz. Pentagon Yaqin Sharqqa qo‘shimcha o‘n minglab harbiylarni jo‘natgan. AQSH bergan rasmiy ma’lumotga ko‘ra, mojaroda 13 nafar amerikalik harbiy halok bo‘lgan, yuzlab askarlar jarohat olgan. AQSH saylovchilari uchun hozirda narx-navo masalasi eng muhim omillardan biri bo‘lib qolmoqda. Urush boshlanganidan beri neft va gaz yetkazib berishdagi uzilishlar benzin va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari narxlarining oshishiga olib kelgan. Qo‘shma Shtatlar uchun benzin narxi so‘nggi to‘rt yildagi eng yuqori darajaga chiqqan. Shu sabab oraliq saylovdan oldingi so‘rov natijalariga ko‘ra, Trampning reytingi ham pasaygan bo‘lib, amerikaliklarning atigi 34 foizi Eronga qarshi urushni qo‘llab-quvvatlamoqda. Bu ko‘rsatkich aprel o‘rtalarida 36 foiz, mart o‘rtalarida esa 38 foiz bo‘lgan.
Eron Oliy rahbari 3 oy deganda murojaat yo‘lladi
Haftaning muhim voqealaridan biri sifatida Eron Oliy rahbari Mujtabo Homanaiy 28 fevraldan beri ilk bor xalqiga murojaat yo‘llaganini ham ko‘rsatish mumkin. Ammo bu safar ham uning na o‘zi ko‘rinish bergan, na ovozi eshittirilgan. 30 aprelda e’lon qilingan ushbu murojaat Fors ko‘rfazi milliy kuni munosabati bilan tayyorlangan bo‘lib, Eron televideniyesi diktori tomonidan o‘qib eshittirilgan va rasmiy saytida e’lon qilingan.
Bayonotda Islom Respublikasi o‘zining yadro va raketa salohiyatini “milliy boylik” sifatida himoya qilish niyatida ekani ta’kidlangan. Eron yetakchisining so‘zlariga ko‘ra, bu imkoniyatlar mamlakat ichida va tashqarisida yashayotgan “90 million g‘ururli va olijanob eronliklar” tomonidan qo‘llab-quvvatlanadi. Shuningdek, u Fors ko‘rfazi atrofidagi vaziyatga to‘xtalib, uning kelajagi «Amerikasiz» bo‘lishini aytgan.
“Minglarcha kilometr uzoqdan manfaat va adovat bilan kelayotgan begonalarga bu yerda boshqa joy yo‘q. Ular uchun yagona joy Fors ko‘rfazining tubidir”, degan Homanaiy.
Murojaatda Mujtabo Homanaiy Hormuz bo‘g‘ozidagi vaziyatga ham to‘xtalib, Eron bu hududda “raqiblar tomonidan suiiste’mollarning oldini olishini” bildirgan.
“Bo‘g‘ozni boshqarishning yangi tizimi mintaqa davlatlari uchun farovonlik va taraqqiyot olib keladi, iqtisodiy foyda esa odamlar qalbini quvontiradi”, deyiladi bayonotda.
Qirol Charlzning “tarsakisi”
Bu haftada sodir bo‘lgan yana bir muhim voqea — Buyuk Britaniya qiroli Charlz III ning AQSH Kongressi ikkala palatasining qo‘shma majlisida so‘zlagan nutqi bo‘ldi. Bu tashrif geosiyosiy o‘zgarishlar davrida ikki davlat o‘rtasidagi “maxsus munosabatlar”ni qayta tiklash va mustahkamlashga qaratilgan tarixiy voqea sifatida baholanmoqda.
Qirol Charlz III ning 2026 yil 27–30 aprel kunlari AQSHga amalga oshirgan davlat tashrifi va 28 apreldagi Kongressdagi nutqi tarixda qoladigan bo‘ldi. Masalan, ikkinchi bor sodir bo‘lgan tarixiy voqea sifatida: Charlz III Britaniya monarxlari ichida AQSH Kongressida nutq so‘zlagan ikkinchi qiroldir. Bundan avval faqat uning onasi — qirolicha Yelizaveta II 1991 yildagina Kongress minbariga chiqqan edi.
Tashrif AQSH Mustaqillik deklaratsiyasi qabul qilinganligining 250 yilligi arafasiga to‘g‘ri keldi. Bu Britaniyadek sobiq metropoliya hukmdori uchun tarixiy arazlarni unutib, umumiy qadriyatlarga urg‘u berish uchun ajoyib diplomatik imkoniyat edi.
Charlz III taxminan 30 daqiqa davom etgan nutqida diplomatik nazokat, nozik yumor va jiddiy siyosiy chaqiriqlarni birlashtira oldi. U o‘z nutqida dunyoda hozirgi vaziyat juda noaniq ekanini, Yevropadan tortib Yaqin Sharqqacha bo‘lgan harbiy mojarolar xalqaro hamjamiyat uchun jiddiy muammolar tug‘dirayotganini ta’kidlagan. Shuningdek, Buyuk Britaniya qiroli Oq uyda o‘tkazilgan davlat ziyofati davomida AQSH Prezidenti Donald Trampning avvalgi bayonotiga javob qaytargan.
Tramp yanvar oyida “agar AQSH Ikkinchi jahon urushida g‘alaba qilmaganida, hamma nemischa yoki qisman yaponcha gapirgan bo‘lardi” degan edi. Qirol Charlz esa quyidagicha fikr bildirdi:
“Men esa shuni aytishga jur’at etaman: agar biz bo‘lmaganimizda, sizlar fransuzcha gapirgan bo‘lardingiz”, degan Trampning so‘zlariga javoban Charlz III.
Qirolning bu hazili AQSH mustaqillikka erishguniga qadar bo‘lgan davrga — 18-asrdagi Britaniya va Fransiya o‘rtasidagi mustamlakachilik urushlariga taqaladi. AQSH mustaqil davlat sifatida paydo bo‘lishidan oldin Shimoliy Amerika qit’asining katta qismi — fransuzlar nazoratida edi va bizga tanish bo‘lgan nom bilan atalardi “Yangi Fransiya”. Britaniya imperiyasi fransuzlarga qarshi Yetti yillik urushda g‘alaba qozonib, qit’ada ingliz tili va madaniyatining ustuvorligini ta’minlagan.
Ushbu hazil orqali Britaniya monarxi AQSH va Buyuk Britaniya o‘rtasidagi “Maxsus munosabatlar” faqat Amerikaning yetakchiligiga asoslanmasligini ko‘rsatdi. Britaniya AQSHning kichik hamkori emas, balki unga poydevor qo‘ygan teng huquqli tarixiy sherik demoqchi bo‘ldi u. Qirol Charlz III shunday vazmin va o‘tkir hazil bilan Trampning “Amerika birinchi” siyosiy qarashlariga nisbatan Britaniyaning milliy g‘ururi va tarixiy mavqeini namoyish etdi.
Putinning qo‘rquvi: Rossiyada G‘alaba paradi qisqartirilishi mumkin
Bu haftaning eng kutilmagan yangiligi sifatida Rossiya bilan bog‘liq xabarni ko‘rsatish mumkin. Ushbu mamlakatda har yili katta darajada o‘tkaziladigan va qurol-yarog‘larni, umuman harbiy imkoniyatlarni ko‘z-ko‘z qilishga maydon sifatida xizmat qiladigan an’anaviy G‘alaba paradi bu yil sezilarli darajada qisqartirilishi mumkin.
Jurnalist Aleksandra Prokopenko ma’lum qilishicha, bu yilgi parad harbiy texnikalarsiz o‘tishi mumkin: Qizil maydon bo‘ylab faqat piyoda kolonnalar marsh bilan o‘tadi. Parad mehmonlari soni an’anaviy bir necha ming kishidan bir necha yuz kishigacha qisqaradi, butun marosim esa bir soatdan kamroq vaqt olishi mumkin.
“Fighterbomber” kanali muallifi Ilya Tumanov aprel oyi boshida paradning havo qismi mashg‘ulotlari bekor qilinganini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, mashg‘ulot 5 aprelda bo‘lishi kerak edi, biroq harbiylar “maxsus ko‘rsatma bo‘lgunga qadar” doimiy dislokatsiya punktlariga qaytish haqida buyruq olgan. Shuningdek, bu yil Moskvada odatda 9 maydan kamida ikki hafta oldin boshlanadigan birinchi mashg‘ulot hali e’lon qilinmagan. Odatda mashg‘ulotlar Moskva viloyatidagi “Alabino” poligonida boshlanadi, aprelning 20-sanalariga kelib Moskva transport departamenti parad mashg‘ulotlari sababli yo‘llar yopiladigan sanalarni e’lon qilardi va yo‘llarga maxsus belgilar chizilardi. Biroq bu yil 27 aprelga qadar bu ishlarning birortasi amalga oshirilmagan. Mart oyi oxirida Kreml paradning bosh mashg‘uloti 7 mayda bo‘lib o‘tishini ma’lum qilgan. 27 aprel kuni Prezident matbuot kotibi Dmitriy Peskov Vladimir Putinning yoniga paradga keladigan xorijiy yetakchilar nomini ayta olmagan. Xo‘sh, siz nima deb o‘ylaysiz? Bu yilgi parad nega qisqardi va unda qaysi davlatlardan mehmonlar qatnashadi?
Kuzatuvchilar va harbiy tahlilchilar paradning bu darajada qisqartirilishiga bir nechta asosiy omillarni ko‘rsatmoqda:
Havo hujumidan himoyalanish zarurati: Eng asosiy va real sabab — havo hujumidan himoyalanish zaruratidir. Ukrainaning uzoq masofaga uchuvchi dronlari va yangi raketalari so‘nggi oylarda Rossiya hududi ichkarisiga, hatto Moskva, Sankt-Peterburg va Volgabo‘yidagi ob’ektlargacha yetib bormoqda. Jonli efirda, xorijiy mehmonlar va davlat rahbari ko‘z o‘ngida sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan har qanday dron hujumi yoki havo hujumi haqidagi ogohlantirish Kreml uchun ulkan siyosiy va imijviy falokat bo‘lar edi.
Texnika va resurslarni tejash: Davom etayotgan urush sharoitida Rossiya armiyasi front chizig‘ida katta miqdorda zirhli texnika va tanklar yo‘qotmoqda. Harbiy rahbariyat uchun jangovar holatdagi texnikalarni bir necha hafta davomida parad mashg‘ulotlariga jalb qilish va Qizil maydondan o‘tkazish — resurslarni behuda sarflash hisoblanadi. Frontda texnika yetishmayotgan bir paytda, Moskvada yangi tanklarni ko‘z-ko‘z qilish ichki auditoriyada (ayniqsa urushayotgan harbiylar orasida) salbiy savollarni keltirib chiqarishi mumkin.
Bu vaziyat qanday oqibatlarga olib keladi?
Paradning qisqartirilishi ham ichki, ham tashqi siyosiy maydonda sezilarli aks-sado beradi: 9 may paradi yillar davomida Rossiya jamiyatida vatanparvarlikni kuchaytirish, aholiga “davlatning harbiy qudrati”ni ko‘rsatish va g‘urur uyg‘otishning asosiy quroli bo‘lib kelgan. Texnikalarsiz o‘tadigan parad tadbirning vizual ta’sirini keskin kamaytiradi. Bu Rossiya jamiyatiga urush naqadar yaqin kelib qolgani va vaziyat hukumat nazorati ostida emasligi haqidagi yashirin signalni beradi.
Odatda Rossiya parad orqali o‘z harbiy va global qudratini namoyish qilardi. Endilikda esa texnikalardan voz kechilishi tashqi dunyoga Moskvaning mudofaa tizimida zaif nuqtalar borligini ko‘rsatib qo‘yadigandek. Dunyoning yetakchi ommaviy axborot vositalari va tahlil markazlari bu mavzuni diqqat bilan kuzatib, turlicha baho bermoqda.
Masalan, Reuters paradning qisqartirilishini Vladimir Putin uchun siyosiy chekinish deb baholamoqda. Ekspertlarning fikricha, hatto o‘tgan yili ham Rossiya Qizil maydonda yangi texnika va dronlarini namoyish qilgan edi. Bu yilgi qaror esa Rossiyaning o‘z xavfsizligidan jiddiy xavotirda ekanini anglatadi.
Qirg‘izistondagi siyosiy zilzila
Qirg‘izistonning yaqin siyosiy tarixida misli ko‘rilmagan voqealar rivoji sodir bo‘lmoqda. Prezident Sadir Japarovning hokimiyat tepasiga kelishi va uni mustahkamlashida bosh me’mor bo‘lgan, mamlakatning eng qudratli shaxslaridan biri — Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi sobiq raisi Qamchibek Tashiyev, sobiq spiker Nurlanbek Shakiyev va sobiq deputat Qurmankul Zulushevlarga nisbatan davlat to‘ntarishiga urinish ayblovi e’lon qilindi. Ushbu vaziyat nafaqat Qirg‘iziston ichkarisidagi kuchlar muvozanatini, balki Markaziy Osiyodagi siyosiy dinamikani ham o‘zgartirib yuboradigan darajada jiddiydir.
Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov mamlakatda joriy yilning fevralidagi siyosiy voqealar va “muvaffaqiyatsiz davlat to‘ntarishiga urinish” ortida kim turgani bo‘yicha savollarga javob berdi. Uning ma’lum qilishicha, tizim ichida bo‘layotgan hodisalar haqida turli manbalardan turli ma’lumotlar olib turadi.
“Mamlakatda “75 kishining murojaati” deb atalgan harakatlar boshlanganda, bu haqda ma’lumot menda allaqachon bor edi. Men bu murojaatning Jogorku Keneshga kelib tushishini, uning Spikergacha va tegishli qo‘mitalar raislarigacha bo‘lgan harakatini kuzatib borganman”, deydi Japarov.
Uning aytishicha, shu davrda hujjatning qanday yurayotgani, jarayonga aloqador shaxslarning harakatlari, kim kim bilan uchrashayotgani haqida ma’lumot olib turgan.
“Mazkur masala parlamentning yalpi majlisiga olib chiqilishi arafasida men tez va qat’iy choralar ko‘rdim. Vaziyat boshidan nazorat ostida bo‘lgan”, deydi u.
Ma’lum bo‘lishicha, bu ishda Davlat xavfsizlik milliy qo‘mitasi xodimlari ham ishtirok etgan. Japarov mazkur maxsus xizmat harakatlaridan xabardor bo‘lgan.
“Prezident va bosh qo‘mondon sifatida men kuch tuzilmalari rahbarlarining harakatlaridan xabardorman. Ya’ni, kim nima qilyapti va qayerdaligini umumiy tarzda bilaman. Albatta, hamma narsa 100 foiz mening nazoratimda deya olmayman, men bilmagan holatlar ham bo‘lishi mumkin”, deydi Qirg‘iziston rahbari.
Shuningdek, u bir nechta deputat aynan shu voqealar sabab mandatlarini topshirgani haqidagi savolga ham izoh bergan.
“Deputatlarning mandat topshirishiga kelsak, Jogorku Keneshda siyosiy fitna qilishga uringan ma’lum bir guruh shakllangan edi. Ularning rejalari amalga oshmagach, jarayonga aloqador ayrim deputatlar o‘z ayblarini anglagan bo‘lishi mumkin va shu sababli mandatlarini topshirgan. Yakuniy xulosalar tergov tugagandan keyin chiqariladi. Umuman olganda, deputatlarni siyosiy o‘yinlardan uzoq turishga, xalq manfaatiga xizmat qiladigan qonun ijodkorligi va qonunlar ijrosini nazorat qilishga chaqiraman”, deydi Japarov.
Japarov do‘sti Qamchibek Tashiyevning bu ishga aloqadorligi bor yoki yo‘qligi haqida ham aytib o‘tib, hozir tergov davom etayotganini ta’kidlagan.
“Uning aloqadorligi bor yoki yo‘qligini tergov va sud belgilaydi. Hozir tergov yakunlanmagan. Tergov tugagach, ish sudga oshiriladi. Kim aybdor yoki aybsiz ekanini faqat sud hal qiladi”, deydi u.
Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi sobiq raisi Qamchibek Tashiyevning ukasi, hozirda hibsda saqlanayotgan Shoirbek Tashiyev haqida so‘z ochib, Tashiyev bilan do‘stligi uning javobgarlikdan qutulishiga ta’sir qilmasligini aytdi.
Japarov hokimiyatga kelganidan beri doimo “do‘st”, “qarindosh”, “yaqin inson” degan tushunchalar yo‘qligini ta’kidlab kelganini aytgan.
“Yo‘q, bunday bo‘lmaydi. Men uchun faqat davlat va xalq manfaatlari ustuvor. Agar qonun buzilsa, hech kim javobgarlikdan qochib qutulmaydi”, deydi u.
Tergov davomida Shoirbek Tashiyevning “Qirg‘izneftgaz” korxonasidagi korrupsiyaga aloqadorligi aniqlangan. Oqibatda davlatga 4 milliard 115 million qirg‘iz somi (taxminan 595 milliard so‘m) miqdorida zarar yetkazilgan.
“Faqat bu summa to‘liq byudjetga qaytarilgandan keyingina uning ozod qilinishi haqida gap bo‘lishi mumkin”, deydi Prezident.
Ma’lumotlarga ko‘ra, qo‘lga olinganlarning barchasi unga qarshi ko‘rsatma bergan va u o‘z aybini tan olgan.
“Qonun hamma uchun bir xil bo‘lishi kerak. Avval MXDQ va IIV tomonidan qo‘lga olinganlar zararlarni qoplagan, ba’zan hatto ortig‘i bilan ham. Shundan keyin ular ozod qilingan. Shoirbek Tashiyev ham xuddi shunday yo‘l tutishi kerak: avval hammasini qaytarish, keyin ozod bo‘lish”, deydi u.
29 aprel kuni Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasining sobiq rahbari Qamchibek Tashiyev o‘ziga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani haqidagi xabarlar fonida fuqarolarni qonunga rioya qilishga chaqirib, norozilik namoyishlaridan tiyilishni so‘radi.
Tashiyevning Facebook’da e’lon qilgan so‘zlariga ko‘ra, u jamiyatda ko‘plab murojaatlar va xavotirlar paydo bo‘lgani sabab fuqarolarga murojaat qilishga majbur bo‘lgan.
“Ushbu jinoyat ishi bo‘yicha o‘zimni huquqiy jihatdan himoya qilish uchun barcha imkoniyatlarga egaman. Men aybsizman va Xudo xohlasa, oqlanaman”, deydi u.
Tashiyev, shuningdek, agar kimdir aybdor bo‘lsa, albatta javobgarlikka tortilishini, agar inson aybsiz bo‘lsa, oqlanishini ta’kidlagan.
“Chunki mamlakatimizda davlat rahbari tomonidan adolatli sud tizimini shakllantirish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. Masalan, “Kampirobod” ishi bo‘yicha 25 kishi oqlangan”, deydi u.
Sobiq MXDQ rahbari fuqarolarni faqat qonun doirasida harakat qilishga chaqirgan.
“Shu sababli barchangizdan faqat qonun doirasida ish tutishingizni so‘rayman. Men uchun xavotir olmang. Har biringizga katta rahmat va minnatdorchilik bildiraman. Xavotirga o‘rin yo‘q. Hammasi yaxshi bo‘ladi”, deydi u.
Isroil Prezidentining Qozog‘istonga tashrifi va Qirg‘izistonga ayblovlari
Isroil Prezidenti Isaak Gersog Qozog‘istonga keldi. Joriy yil 28 aprel kuni amalga oshirilgan rasmiy tashrif va undan keyin Qirg‘iziston manziliga aytilgan keskin bayonotlar Markaziy Osiyo geosiyosiy maydonida yangi bahslarga sabab bo‘ldi.
Gersog Ostonadagi rasmiy uchrashuvlardan so‘ng, Markaziy Osiyo ravvinlari (yahudiy diniy yetakchilari) bilan o‘tkazilgan muloqot davomida Eron va Qirg‘iziston munosabatlariga to‘xtalib o‘tdi.
Gap shundaki, Gersogning tashrifi arafasida Eron Mudofaa vaziri o‘rinbosari Rizo Talaiy Nik rasmiy tashrif bilan Qirg‘iziston poytaxti Bishkekka kelgan edi. Isroil prezidenti bunga munosabat bildirdi.
“Bu yerda hech narsa tasodif emas. Eron xalqaro sanksiyalarni aylanib o‘tish yoki biz to‘sib qo‘yishga urinayotgan maxsus materiallarni qo‘lga kiritish uchun Qirg‘izistondan kontrabanda yo‘li sifatida foydalanishga urinayotgan bo‘lishi mumkin. Biz buni diqqat bilan kuzatib borishimiz kerak va men ushbu masalani Quddusda (Isroil hukumatida) ko‘taraman”, dedi u.
Isroil prezidentining sanksiyalarni chetlab o‘tish haqidagi bu bayonoti Qirg‘iziston siyosiy doiralarida keskin norozilik bilan kutib olindi. Qirg‘iziston sobiq Tashqi ishlar vaziri Alikbek Jekshenkulov va boshqa rasmiylar Gersogning so‘zlarini “asossiz ayblovlar” va Bishkekning suveren tashqi siyosatiga aralashish deb atadi.
Qirg‘iziston tomonining ta’kidlashicha, 2026 yilda mamlakat Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga (SHHT) raislik qilmoqda va xorijiy delegatsiyalarning, jumladan Eron vakillarining Bishkekka tashrifi tashkilot sammitiga tayyorgarlik doirasida amalga oshirilgan bo‘lib, hech qanday sanksiyalarni chetlab o‘tishga aloqasi yo‘q.
Gersogning Qozog‘istonga safari shunchaki Qirg‘izistonni ayblash uchun emas, balki ancha kengpoq strategik maqsadlar yo‘lida amalga oshirildi.
Tashrifning eng katta yutug‘i va maqsadi — Qozog‘istonning “Ibrohim kelishuvlari”ga (Abraham Accords) qo‘shilish rejasi bo‘ldi. Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart Toqayev yaqin orada Ostona mezbonligida ushbu bitimga rasmiy qo‘shilish marosimi o‘tkazilishini ma’lum qildi. Bu Isroil uchun musulmon davlatlari bilan aloqalarni normallashtirish yo‘lidagi ulkan g‘alabadir.
Isroil Qozog‘istonga nafaqat qishloq xo‘jaligi va IT texnologiyalari, balki harbiy tizimlar va dronlar yetkazib berish bo‘yicha litsenziyalarni kengaytirishni rejalashtirmoqda. Qozog‘iston esa Isroil uchun ishonchli neft va energetika manbai hisoblanadi.
Endi nima bo‘ladi? Qozog‘iston bir vaqtning o‘zida ham Isroil, ham Eron bilan iqtisodiy va logistik aloqalarni saqlab qolishga urinmoqda (masalan, 2025 yil oxirida Toqayev Eron Prezidenti Mas’ud Pezeshkiyan bilan ham yirik bitimlar imzolagan). Biroq Isroilning mintaqadagi faolligi kuchayishi Ostona va Bishkekning Tehron hamda Moskva bilan munosabatlarida qisman bosim o‘tkazishi mumkin.
Gersogning ogohlantirishidan so‘ng, AQSH va Yevropa Ittifoqi Qirg‘iziston banklari hamda yuk tashish kompaniyalari orqali Eronga mahsulotlar o‘tib ketmasligini jiddiyroq nazorat qila boshlaydi. Bu esa Bishkekka nisbatan ikkilamchi sanksiyalar xavfini oshiradi.
Live
Barchasi