Qurilish vazirligi tanqidlarga sabab bo‘lgan reyting yuzasidan munosabat bildirdi

Jamiyat

image

Avvalroq Qurilish sohasida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish markazi tomonidan sohaviy qurilish-pudrat tashkilotlari reytingi o‘lchovlari e’lon qilingandi. Reytingda respublikadagi faqatgina bitta kompaniya yuqori darajaga ega bo‘lgani keltirilgan. Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi ijtimoiy tarmoqlarda tanqidlarga sabab bo‘lgan ushbu reyting yuzasidan munosabat bildirdi.

“Qurilish tashkilotlarining reytingi – bu sohadagi yuridik maqomga ega soliq to‘lovchi tashkilotlarning sohaviy malaka tajribasidan kelib chiqishini ta’kidlamoqchimiz. Bunda iqtisodiy-moliyaviy ko‘rsatkichlar, texnik imkoniyatlar, ishning sifati, mehnat xavfsizligi, boshqaruv va sifat standartlari hamda kadrlar siyosati kabi omillarga birlamchi e’tibor qaratiladi”, deyiladi munosabatda.

Vazirlikning qayd etishicha, bunda inson omilining aralashuviga yo‘l qo‘yilmaydi. Bu jarayonlar idoralararo integratsiya qilingan hamda tashkilotlar o‘rtasida interpolyatsiya mezonlariga asoslangan onlayn baholab borish platformasi hisoblanadi. 

Shuningdek, tarmoqlarda guvohnoma olish jarayonidagi baholash mezoni ham tanqid qilinib turli muhokamalarga sabab bo‘ldi. 

“Guvohnoma olish masalasida baholash mezoni imtihon topshiruvchining bilimini baholaydi, xolos! Reytingdagi baholash mezonining ba’zi bandlariga ko‘ra, qurilish tashkiloti 100 foiz ball to‘plagani bilan boshqa bandlarga ko‘ra raqiblaridan zaif bo‘lishi mumkin (masalan, qurilish tashkilotining, soliq, mehnat, moliya va boshqa bir qator yo‘nalishlarda muammolari bo‘lgani uchun ballari avtomatik tarzda tushib ketishi mumkin. Bu faqatgina vazirlikning birlamchi baholashiga bog‘liq masala emas). Oqibatda qurilish tashkilotining umumlashgan balli keskin past ko‘rsatkichni qayd qiladi”, deyiladi vazirlik munosabatida.

Vazirlikka ko‘ra, buni qurilish tashkilotining texnik salohiyati bilan qorishtirib yuborish xato bo‘ladi. 

“Yana takrorlab aytamiz, qurilish tashkilotlarining reyting baholash tizimi interpolyatsiya asosida tashkil qilingan. Ball to‘plash jarayoni bir necha tashkilotlarning talabi bilan bog‘liq. Bunda hech qaysi tashkilot 100 foiz natijaga ega bo‘la olmaydi. Sababi har qanday tashkilotda ijobiy va salbiy xulosalar mavjud”, deyiladi raddiyada.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing