Qurib borayotgan Dunay tubidan 1700 yillik ko‘prik topildi
Olam
−
08 avgust 8413 2 daqiqa
Bolgariyadagi Dunay daryosining suv sathi keskin pasayishi sabab qariyb 1,7 ming yil avval qurilgan qadimiy ko‘prik poydevorlari yuzaga chiqdi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
Qayd etilishicha, ko‘prik Rim imperatori Konstantin I topshirig‘i bilan qurilgan va milodiy 328 yilda ishga tushirilgan. U Bolgariya hududidagi qadimiy Ulpiya Eskus shahrini hozirgi Ruminiya hududida joylashgan Sukidava bilan bog‘lagan.
Ko‘prikning uzunligi 2 kilometrdan oshgan bo‘lib, u o‘z davridagi eng uzun ko‘priklardan biri hisoblangan. Ma’lumotlarga ko‘ra, inshoot milodiy 367 yillar atrofida vayron bo‘lgan.
Pleven mintaqaviy tarix muzeyi mutaxassislari Bolgariyaning Gigen qishlog‘i yaqinida ko‘prikning suv yuzasiga chiqqan qismlarini dronlar yordamida suratga olgan va xaritaga tushirgan. Shuningdek, qoldiqlarning holati ham baholangan.

Arxeolog Pavel Popovning ta’kidlashicha, Dunay tubida yashiringan inshootning tabiat tomonidan qisqa muddatga ochilishi mutaxassislar uchun katta ahamiyatga ega.
Ma’lum qilinishicha, Yevropada joriy yilning yozida kuzatilgan rekord darajadagi issiq to‘lqinlar qit’aning ayrim hududlarida kuchli qurg‘oqchilikni keltirib chiqargan. Bu esa Dunay va Reyn kabi yirik daryolarda suv sathining pasayishiga ta’sir ko‘rsatgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Vengriyada rekord darajada pasaygan Dunay daryosining suv sathi tufayli quvvati keskin qisqargan “Paksh” atom elektr stansiyasi to‘liq to‘xtab qolish arafasida bo‘lgan, ammo suv sathining biroz ko‘tarilishi stansiya faoliyatini saqlab qolishga imkon bergani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi