“Qo‘llaringdan balo ham kelmaydi”. Andijon hokimligi Abdurahmonovni xaspo‘shlash uchun yolg‘on munosabat bildirdi
Jamiyat
−
03 avgust
28640Ijtimoiy tarmoqlar va ommaviy axborot vositalarida Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonovning jurnalistlarga qarata aytgan “Mening gaplarimdan kavak qidirmanglar. Ovora bo‘lib yomonlik qidirmalaring. Qo‘llaringdan balo ham kelmaydi baribir... Ming o‘ylaganing bilan soching oqaradi yoki to‘kiladi, xolos, boshqa narsa bo‘lmaydi” degan so‘zlari qizg‘in bahs-munozaralarga sabab bo‘lmoqda. Vaziyatga O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi munosabat bildirdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, hokim ushbu so‘zlarni viloyatda o‘tgan “Dunyo sadolari” xalqaro festivali bo‘yicha jurnalistlar bilan Xonobod shahrida o‘tkazilgan muloqotda gapirgan. Unda poytaxtdan borgan bir guruh markaziy ommaviy axborot vositalari vakillari – jurnalistlar qatnashgan.
“Andijon viloyati hokimi jurnalistlarga qarata aytgan yuqoridagi so‘zlarini hech narsa bilan oqlab bo‘lmaydi. Viloyat hokimligi axborot xizmati vakili taqdim etgan materialda hokim yuqoridagi so‘zlarni jurnalistlarga emas, boshqalarga aytgani ma’lum qilingan. Andijon viloyati hokimi ishtirokidagi ayni muloqotda qatnashgan bir qator markaziy OAV vakillari esa Shuhrat Abdurahmonov yuqorida keltirilgan so‘zlarni jurnalistlarga qarata aytganini tasdiqlashmoqda”, deyiladi munosabatda.
Shuningdek, “Dunyo sadolari” xalqaro festivaliga Toshkentdan borgan jurnalistlarimiz mazkur tadbirni yoritishda ham ba’zi tushunmovchiliklar-to‘sqinliklar bo‘lganini aytmoqda.
O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi O‘zbekiston Respublikasining yangilangan Konstitutsiyasi 82-moddasida Ommaviy axborot vositalarining faoliyatiga to‘sqinlik qilish yoki aralashish qonunga muvofiq javobgarlikka sabab bo‘lishi belgilanganini eslatadi. Barcha mutasaddi rahbarlarni Bosh qomusimizda mustahkamlab qo‘yilgan ushbu normaga ham qat’iy amal qilishga chaqiradi.
“Uyushma Andijon viloyati hokimi bilan bog‘liq yuqoridagi holatni qoralaydi. O‘z navbatida, ushbu holat bo‘yicha tegishli organlardan qonunchilikda belgilangan talablarga muvofiq munosabat bildirishini so‘raydi”, deyiladi xabarda.
LiveBarchasi