Qo‘lda to‘qilgan gilamlar eksportiga 50 foizgacha subsidiyalar taqdim etiladi

Jamiyat

image

Kecha, 26 iyun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “Respublikada qo‘lda to‘qilgan gilamchilik sohasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qarori qabul qilindi.

Ushbu qarorga muvofiq, 2021 yil 1 yanvardan Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan chorvachilik mahsulotlari yetishtiruvchi xo‘jaliklarga ular tomonidan qo‘lda gilam to‘qishga ixtisoslashgan hunarmandlar va tashkilotlarga sotilgan har bir kilogramm “merinos” zotli qo‘y va “angor” zotli echkilarning juni uchun ikki ming so‘mdan subsidiyalar ajratiladi. Bunda, subsidiya berish “O‘zbekchorvanasl” agentligi tomonidan amalga oshiriladi.

“Merinos” zotli qo‘y va “angor” zotli echkilarni haydab boqish, junni qayta ishlash, bo‘yash va qo‘lda gilam to‘qish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish uchun loyiha tashabbuskorlariga bir vaqtning o‘zida kompensasiya bilan birgalikda kafillik ham beriladi.

Qo‘lda to‘qilgan gilamlarni eksport qilishda avtomobil, temir yo‘l va havo transportida tashish xarajatlarini 50 foizigacha miqdorda kompensatsiya qilishga subsidiyalar taqdim etish mexanizmi tatbiq etiladi.

Qarorga ko‘ra, Jizzax, Qashqadaryo, Namangan, Samarqand, Surxondaryo va Toshkent viloyatlarida “merinos” zotli qo‘y va “angor” zotli echkilar yetishtirish xo‘jaliklariga tegishlicha yaylov yer maydonlari ajratiladi. 

2021 yil 1 yanvarga qadar tog‘oldi yaylovlar uchun qurg‘oqchilikka chidamli ozuqa ekinlarning birlamchi urug‘chiligi tashkil etiladi. 

2020 yil 15 iyuldan boshlab “O‘zbekipaksanoat” uyushmasi tarkibidagi qo‘lda gilam va ipak mato to‘qish bilan shug‘ullanuvchilarga gilam va ipak mato to‘qish dastgohini xarid qilish uchun xarajatlarga – har bir dastgoh uchun bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravari (2 mln 230 ming so‘m) miqdorida subsidiyalar ajratiladi.

2021 yildan boshlab har ikki yilda bir marta oktyabr oyida Toshkent shahrida sharqona qo‘lda to‘qilgan gilamlar (Hand-made Oriyental Carpets) xalqaro festivali o‘tkaziladi. 

2020 yil yakuniga qadar Samarqand, Buxoro, Xiva va Shahrisabz shaharlarida turistlar tashrif buyuradigan madaniy meros ob’ektlari hududlarida qo‘lda to‘qilgan gilamlar ko‘rgazma-savdo rastalari (do‘konlari) tashkil qilinadi.

Shuningdek, “gilam tarixi” (“The history carpet”) QR-kodlar bo‘yicha har bir gilamning to‘qilish jarayoni, chevar xotin-qizlar va ularning ishlash sharoiti hamda shu kabi ma’lumotlarni o‘zida mujassam etgan mobil ilovalar ishlab chiqiladi.


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

O'zbekiston

Baholaganlar

43

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing