Quddusning fath etilishi. Salohiddin al-Ayyubiy salibchilarni qanday “yer tishlatgan”?

Bu qiziq

image

XII asrning o‘rtalari Yevropa xalqi istibdod va qashshoqlik asoratida kun kechirmoqda edi. Baronlar ham faqirlar ham najot istab muqaddas yer (Quddus)ga borishni umid qilishardi. Imperatorlar va qirollar ustidan mutlaq hokim bo‘lgan Rim Papasi Urban II xristian olamini musulmonlarga qarshi salib yurishiga chaqirdi. Shundan so‘ng Yevropa davlatlari ritsarlaridan tuzilgan qo‘shin Sharqqa yo‘l oldi. Oradan uch yil o‘tib salibchilar Quddusni egallab, shahardagi barcha musulmonlarni qilichdan o‘tkazdi. Muqaddas shaharning ko‘chalari hech qanday sababsiz to‘kilgan qon bilan yuvildi. Tarixchilar bu qirg‘inni “O‘rta asr genotsidi”, deb atashdi.

Salibchilar qo‘shini Quddus shahrini egallaganiga deyarli yuz yil o‘tib, Sharqda ularni to‘xtatishga qodir yangi kuch paydo bo‘ldi. Musulmonlar Salohiddin al-Ayyubiy bayrog‘i ostida birlashib, nasroniylarga qarshi kurash boshladi. Bugungi maqolamizda Salohiddin Ayyubiyning Quddusni nasroniylardan qaytarib olishi haqida so‘z yuritamiz.

Salohiddin al-Ayyubiy

Salohiddin al-Ayyubiy hijriy 532 yil, milodiy 1137 yilda Mesopotamiyaning Tikrit shahrida tug‘ilgan. Yevropada u “Saladin” nomi bilan mashhur. Uning haqiqiy ismi al-Malik an-Nosir Saloh Abul-Muzaffar Yusuf ibn Ayyub bo‘lgan. Salohiddin unga berilgan laqab bo‘lib, “dinning saodoatli iqboli” degan ma’noni anglatadi. Salohiddin al-Ayyubiy asli kurd bo‘lgan. Lekin, bir guruh tarixchilar uni arab bo‘lganligini ta’kidlashadi.

Salohiddin yoshligidan diniy va dunyoviy ilmlarga juda qiziqqan. U hofiz bo‘lgan, ya’ni Qur’oni Karimni yod olgan. Salohiddin yoshligida falsafaga o‘zgacha qiziqgan. Bundan tashqari u riyoziyot (matematika) ilmiga oshno bo‘lgan.  Salohiddinning bolaligi haqida ma’lumot kam.

XII asrga kelib, Abbosiylar xalifaligi uch qisimga bo‘linib ketdi. Misrda shia oqimidagi Fotimiylar sulolasi hukmronlik qilib, ular Bag‘doddagi xalifa hokimiyatini tan olmas edi. Kichik Osiyo salibchilarning, Mesopotamiya va Suriya esa saljuqiy sulton Nuriddin Zangiyning qo‘l ostida bo‘lgan.

Salohiddin al-Ayyubiy harbiy faoliyatini amakisi Asad ad-Din Shirkux qo‘l ostida kichik zobit unvoni bilan boshlagan. U 1171 yilda amakisi bilan Misrga yurish qiladi. Shirkux Misrdagi Fotimiylar sulolasining hukmronligiga barham berdi. 1174 yilda Asad ad-Din Shirkux vafot etgach, Salohiddin Misr mustaqilligini e’lon qilib, Ayyubiylar davlatini qurdi.

“Men uchun barchasi amakim bilan bo‘lgan yurishlardan boshlandi. U Misrni qo‘lga kiritgach, vafot etdi. Shundan so‘ng, Alloh menga o‘zim kutmagan hokimiyatni berdi”, deb yozadi mashhur sarkarda Salohiddin Ayyubiy o‘z qaydnomalarida.

Quddusni qaytarib olishga ichilgan qasam

Salohiddin Misrda mustaqil davlat tuzgach, 1170 yilda salibchilar ustiga yurish qiladi. Remle yaqinida Quddus qiroli Balduin IV bilan bo‘lib o‘tgan jangda sulton kutilmaganda mag‘lubiyatga uchraydi. Shundan so‘ng, Ayyubiylar sultoni Qohiraga qaytishga majbur bo‘ladi. Salohiddin Quddusni qaytarib olishga qasam ichgan edi. Shu sababli navbatdagi yurishga har tomonlama tayyorgarlik ko‘radi. U 1182 yilda Mosul amirligiga hujum qilib, ularni o‘ziga bo‘ysundiradi. Keyinchalik, Salohiddin salibchilar bilan ittifoqda bo‘lgan Aleppo (xozirgi Halab) qal’asini egallaydi. Sulton salibchilarning barcha ittifoqchilarni birma-bir yo‘q qilgach, nasroniylar ustiga yurish qilish uchun qulay fursat kutdi.

1185 yilning aprel oyida Quddus qiroli Balduin IV moxov kasalligidan vafot etdi. Qirolning olti yoshli o‘g‘li Balduin V taxtga o‘tirdi. Ammo, qirolning yoshligidan foydalangan Gi de Luzinyan va Reno de Shatilon hokimiyatni o‘z qo‘llariga olishdi. Luzinyan Quddus qiroli etib saylandi. Shunda so‘ng, yangi qirol Salohiddinga qarshi urush ochish uchun Hajga ketayotgan karvonni talatib, karvondagi barcha musulmonlarni qilichdan o‘tkazadi. Bundan xabar topgan Salohiddin salibchilarga qarshi yurish boshladi.

Xettin jangi

Qirol Gi de Luzinyan va Reno de Shatilon Salohiddin ustiga yurish qilish uchun qo‘shin to‘pladi. 1185 yilning yozida salibchilar qo‘shini Quddusdan yo‘lga chiqdi. Salohiddin esa salibchilarni Falastinning Xettin qishlog‘i yaqinida kutib turdi. Xavoning issiqligi, yo‘lning uzoqligi va suvsizlik nasroniylar qo‘shiniga katta talafot keltirdi. Sulton salibchilarni suvsiz qoldirish maqsadida yo‘ldagi barcha quduqlarni ko‘mdirib tashladi. Shu sababli, ko‘plab ritsarlar suvsizlikdan yo‘lda o‘lib ketdi. Salibchilar holdan toyib Xettin yaqiniga yetib kelishdi.

1187 yil 4 iyul kuni Xettin yaqinida Quddus qiroli Gi de Luzinyan va Salohiddin o‘rtasida shiddatli jang boshlandi. Salibchilar bu jangga o‘zlari bilan hazrati Iso osilgan deb ishongan “Muqaddas xoch”ni olib kelishdi. Ikki qo‘shin bir-biri bilan jang qilishni boshladi. Salohiddin Xettin jangida Quddus qiroli Gi de Luzinyan va Reno de Shatilon boshchiligidagi salibchilarni mag‘lub etdi. Bu g‘alaba musulmonlarning yaqin yuz yillikdagi eng muhim g‘alabasi bo‘ldi. Sulton hojilar karvoniga hujum qilgan Reno de Shatilonni o‘z qilichi bilan chopib tashladi. Salohiddin al-Ayyubiy salibchilar egallab turgan qal’alarni zabt etish uchun Quddus qiroli Gi de Luzinyanni tirik qoldiradi.

Quddusning musulmonlar tomonidan qaytarib olinishi 

1187 yilda Salohiddin al-Ayyubiy Quddus tomon qo‘shin tortdi. 20 sentyabr kuni sulton qo‘shini shaharga yetib kelib, qamalni boshladi. Qal’ada 60 minglik salibchilar qo‘shini bor edi. 27 sentyabr kuni qal’a devori manjaniqlar orqali teshildi. Quddus uchun ayovsiz jang boshlandi. Ikki tomon ham juda katta yo‘qotishlarga uchradi. Salibchilar bir kun taslim bo‘lish uchun sultonga elchi jo‘natishdi. Biroq Salohiddin elchini qabul qilmay shunday dedi:

“Yuz yil oldin salibchilar Quddusga qanday kirgan bo‘lsalar men ham shunday kiraman”.

Salibchilar Quddusni egallashganda barcha musulmonlarni qilichdan o‘tkazishgan edi. Shahar qamali bir muddat davom etdi. Ilojsiz qolgan qal’a qo‘mondoni sultonning xuzuriga o‘zi elchi bo‘lib keldi. Tarixiy manbalarda yozilishicha, Salohiddin bilan ritsar o‘rtasida shunday suhbat bo‘lib o‘tgan.

Salohiddin al-Ayyubiy: — Quddus mening qo‘limda. Agar xohlasam, u qulaydi.

Quddus qo‘mondoni: — Mehribonlik buyuk hukmdorlarga xos xususiyatdir.

Salohiddin al-Ayyubiy: — Masihiylar Muqaddas yerni egallab olishganda, hamma musulmonlarni yo‘q qilishdi. Mening xalqim ham shuni xohlaydi.

Quddus qo‘mondoni: — Agar siz qasos olsangiz, nasroniylar bundan ham katta qo‘shin bilan qaytadilar. Va urush hech qachon tugamaydi.

Salohiddin al-Ayyubiy: — Siz oqilona gapiryapsiz, ritsar. Agar barcha raqiblarim sizga o‘xshaganida edi, biz hech qachon bu urushda g‘olib chiqmagan bo‘lardik.

Sulton Salohiddin Quddusdagi barcha nasroniylarni to‘lov evaziga shaharni tark etishlari uchun ruxsat beradi. Qal’a qo‘mondoni bu taklifga rozi bo‘ldi.

Salohiddin al-Ayyubiy Quddusga juma kuni kirib keldi. O‘sha kuni shaharda azon aytilib juma namozi o‘qildi. Salohiddin Quddusni yegallagach Askalon, Akra, Tiveriada va Trablus grafligining bir qismini egalladi. Musulonlar kuchga to‘lganidan qo‘rquvga tushgan Rim Papasi Kilment III yangi salib yurishini tashkillashtirdi. Bu yurishda Angliya qiroli Richerd I Sheryurak, Fransiya qiroli Filipp II va Germaniya imperatori Fridrix I Barbarossa ishtirok etdi.
 


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

717

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing