Qudbiyev soliq yukining oshirilishi narx-navoga ta’sir qilmasligiga kafil bo‘lmoqda
Jamiyat
−
18 yanvar 2022
8674O‘zbekistonda soliq yukining oshirilishi to‘langan soliqlarda mol-mulk solig‘ining ulushi kamligini hisobga olib, narxlarga ta’sir qilmaydi. Shuningdek, halol ishlab kelayotgan tadbirkorlarga bu foyda bo‘ladi. Bu haqda kecha, 17 yanvar kuni bo‘lib o‘tgan soliq ma’muriyatchiligidagi yangiliklar muhokamasiga bag‘ishlangan matbuot anjumanida Davlat soliq qo‘mitasi raisi Sherzod Qudbiyev aytib o‘tdi.
Anjumanda ishtirok etgan jurnalistlardan biri soliq stavkasi 1,5 foizga kamayib, kvadrat metrni 2,5 millionga chiqarib qo‘yilgani sabab, qandalot mahsuloti sotadigan tadbirkor yiliga 18,5 million so‘m soliq to‘lashga majbur bo‘lishini aytdi. Agar tadbirkor shuncha ko‘p soliq to‘lasa, u mahsulotining narxini oshirishga majbur bo‘ladi. Sherzod Qudbiyev aytgan 40 mingdan oshiq tadbirkorda ham soliq foizi ko‘payadi va ular ham mahsulot narxini oshirishga majbur bo‘ladi. Narx oshishi oqibatida kichik va o‘rta biznes, buning ortidan oddiy odamlar qiynalib qolmaydimi, deya jurnalist DSQ raisiga yuzlandi.
“Xuddi shu savolning teskarisi bor. 21 ming nafar to‘g‘ri ishlab kelayotgan tadbirkorning aybi nimada? Ular o‘z vaqtida ko‘rsatib kelyapti mulkini. Men sizning Toshkent shahridagi 500 kvadrat metrlik mulkingiz 500 million so‘m turishiga ishonmayman. Buning qiymati yuqoriroq turadi. O‘sha kattaroq qiymatdan to‘lash kerak. Chunki masalan yoningizda shunaqa ishlab chiqaruvchi sex bor, u halol va katta qiymatni ko‘rsatib kelyapti. U o‘zining mahsulotining narxiga katta qiymatni qo‘yib kelyapti. Va katta qiymatni qo‘yib kelishi natijasida o‘sha mahsuloti siznikidan qimmatroq bo‘lib qolyapti. Siznikidan qimmatroq bo‘lganidan keyin, u ham halol ishlab, ham bozorda raqobatda sizga yutqazyapti. Bu adolatlimi?”, dedi Sherzod Qudbiyev.
Davlat soliq qo‘mitasi raisi binolarning qiymatini qayta hisoblab, vaqtida ko‘rsatib borish kerakligini ta’kidladi. Shuningdek, soliq yukining ko‘tarilishi hajm nuqtai nazaridan va mol-mulk solig‘ini tannarxdagi ulushi nuqtai nazaridan juda kichkina ulushda ekani va ta’sir qilmasligini ham aytdi.
“Lekin vaqtida ko‘rsatilmadimi, muammolarga duch kelinadi. Shunda ham 2,5 million so‘m bozor qiymati emas, Toshkent shahrida erkin bozor narxi bir kvadrat metrga 6 million so‘m. Biz bungacha yetib borganimiz yo‘q. Fikrimcha, soliq yukining ko‘tarilishi hajm va mol-mulk solig‘ini tannarxdagi ulushi nuqtai nazaridan juda kichkina ulushda va ta’sir qilmaydi. Ikkinchidan, halol ishlab kelayotgan tadbirkorlarga bu foyda bo‘ladi. Ya’ni avvaldan to‘g‘ri ishlab kelgan tadbirkorlarning raqobatbardoshligi oshadi”, deydi DSQ raisi.
Ma’lumot uchun, 2021 yilning 29 dekabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan “O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun imzolangan edi.
Unga ko‘ra, O‘zbekistonda ko‘chmas mulk obektlarini yuridik va jismoniy shaxs egaligidan qat’i nazar bozor qiymati asosida soliqqa tortish tizimi joriy qilindi. Natijada 2022 yildan boshlab yuridik shaxslar mol-mulki soliq stavkasi 2 foizdan 1,5 foizgacha pasaytirildi.
Mulk solig‘i bo‘yicha 1 kvadrat metr uchun mutlaq miqdorda belgilangan minimal qiymat kiritildi, bu Toshkent shahrida – 2 500 000 so‘m, viloyatlarda 1 500 000 so‘m, tuman va shahar markazlarida 1 million so‘m etib belgilandi.
LiveBarchasi