Qo‘chqorov tadbirkorlarga olamshumul imtiyozlar bermoqchi. “Tanka”si yo‘qlar ham foydalana olarmikin?
Jamiyat
−
13 dekabr 2022
16533Poytaxt Toshkentning Uchtepa tumanida 1-qavatdagi uylarni sotib olib, tadbirkorlikni yo‘lga qo‘ymoqchi bo‘lganlarga “Milliy bank” tomonidan alohida imtiyozli kredit liniyasi yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilyapti. Bu haqda bugun, 13 dekabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyevning Uchtepa tumani faollari bilan uchrashuvida Bosh vazirning moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari – Iqtisodiyot va sanoat vaziri Jamshid Qo‘chqorov so‘z ochdi.
Vazir tumanga oid rejalarni taqdim etdi.
Uning qayd etishicha, Uchtepaning Xirmontepa ko‘chasida, yo‘l bo‘ylarida 75 ta savdo nuqtalari ochish rejalashtirilyapti. Bundan tashqari, tuman bo‘yicha 360 ta binoda foydalanilmay turgan 91 ming kvadrat joylarni ijarga bersa bo‘ladi.
“Bilamizki, ko‘p qavatli uylarning birinchi qavatida tadbirkorlik nuqtalari ochish mumkin. Shuning uchun bunday uylar qimmat. Buni hisobga olgan holda, 1-qavatdagi uylarni sotib olib, tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yishni istovchilarga “Milliy bank” tomonidan alohida imtiyozli kredit liniyasini yo‘lga qo‘ymoqchimiz”, deydi Qo‘chqorov.
Shuningdek, u tumanda ko‘pchilik biladigan “Vatan” kinoteatrining 25 foizlik ulushi davlat hisobida qolib ketganini eslatdi.
“Hozir 75 foizlik ulushiga ega tadbirkor ob’ektdan to‘laqonli foydalana olmayapti. Agar unga to‘lig‘icha o‘tkazilsa, 8 mln dollar investitsiya kiritaman va 350 kishini ish bilan ta’minlayman, deyapti.
Umuman, rejalarimiz bo‘yicha Uchtepa tumanida kelgusi yilda sanoat mahsulotlari hajmi 6,7 trln, savdo va ishlab chiqarish 18 trln so‘mga yetkaziladi. Bu borada tuman Toshkent shahrida yetakchilardan biri bo‘ladi”, deydi Jamshid Qo‘chqorov.
Shuni alohida ta’kidlash o‘rinliki, ayrim hollarda Prezidentga taqdimoti o‘tkazilgan ko‘plar loyihalar yo amalga oshmay qoladi, yo butkul o‘zgarib ketadi. Arzon, imtiyozli deyilgan ko‘plab loyihalarga vaqt o‘tgach, yaqinlashib bo‘lmaydi. Qo‘chqorov aytganidek, tumandagi o‘zgarishlar oddiy tadbirkorlar qulog‘iga yetib borib, ular ham bu imkoniyatlardan foydalana olarmikin?
LiveBarchasi