Qrimdagi qurilishi tugallanmagan AES butunlay buzib tashlanadi

Olam

image

Qrim hukumati yarim orol sharqidagi Shelkino shaharchasida joylashgan qurilishi tugallanmagan atom elektr statsiyasini butunlay buzib tashlashga qaror qildi, kelajakda undan hatto xarobalar ham qolmaydi. Sovet Ittifoqi yillarida nafaqat respublikani, balki qo‘shni viloyatlarni ham elektr energiyasi bilan ta’minlashga qodir bo‘lgan “yadroviy gigant” loyihadan Chernobil AESdagi fojiadan so‘ng voz kechilgandi. Shundan so‘ng tugallanmagan bino yarim orolning asosiy san’at ob’ektlaridan biriga aylandi va o‘ttiz yildan ortiq vaqt mobaynida sayyohlar hamda ekstrimal sportchilar uchun o‘ziga xos ziyorat maskani bo‘lib xizmat qildi. Aynan shu yerda birinchi “KaZantip” elektron musiqa festivali bo‘lib o‘tdi, bir qancha filmlar suratga olingan,  Fyodor Bondarchukning “Yashagan orol” kinokartinasi va ko‘plab musiqiy videokliplar shular jumlasidandir.

Qrim Vazirlar Mahkamasi tomonidan ob’ektni demontaj qilish to‘g‘risidagi bo‘yruq imzolandi.

“Inshootni yakunlash va yoki qayta profillashtirish uchun hech qanday imkoniyat yo‘q”, dedi respublika hukumati “Kommersant’”ga.

Eslatib o‘tamiz, Qrim AESning qurilishi 1980 yillarning boshlarida boshlangan. Sovet hukumati loyihaga 750 million rubl (joriy valyuta kursi bo‘yicha taxminan 150 milliard rubl) dan ortiq qiymatdagi energiya bloklarini joylashtirishni mo‘ljallagan.

Chernobil AESdagi fojiadan so‘ng mintaqada ushbu inshootni muzlatish bo‘yicha keng ko‘lamli norozilik kampaniyalari boshlanib ketdi. Asosiy dalil sifatida stansiya qurilayotgan maydon tektonik yoriqlar zonasida joylashganligi haqidagi tezis qo‘llanildi. Keyinchalik ekologik norozilik namoyishlari siyosiy kayfiyatga o‘zgardi. Qurilishni zudlik bilan to‘xtatish talabi bilan SSSR yuqori rahbariyatiga yozilgan murojaat (petitsiya)ga 200 000 ga yaqin qrimliklar imzo qo‘ydi. Vanihoyat, 1989 yilda birinchi energiya blogi 80 foiz, ikkinchisi 18 foiz tayyor holatida qurilish ishlariga nihoya berildi.

O‘z vaqtida Ukraina hukumati stansiyaning mol-mulkini faol sotish bilan shug‘ullangan: yadroviy reaktorni o‘rnatishga mo‘ljallangan Daniyaning Kroll K-10000 krani, reaktor bo‘limi, ishlab chiqarish va nasos stansiyalari, suv ombori sovutkichi va boshqa ko‘plab ashyolar shular jumlasidan.

Yarim orol Rossiya ixtiyoriga o‘tgach, sobiq AES qurilish mollari “donori” sifatida foydalanilgan: stansiya hududidagi sun’iy suv ombori chetiga yotqizilgan granit toshlari qayta ishlanib sotilgan. “Kommersant’”ga ko‘ra, bu biznes Qrim byudjetining yillik daromadiga 20 milliondan 40 million rublgacha foyda keltirgan. Shu sabab Qrim Qurilish va arxitektura vazirligi AESni demontaj qilish respublika byudjetidan ortiqcha xarajatlar talab qilmaydi, deya ishontirmoqda.

Tugallanmagan elektr stansiyasining hududida demontaj ishlari yaqin oylarda boshlanib, yil yakuniga qadar tugallanishi ko‘zda tutilgan.

Dilnoza Axmatova


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

137

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing