Qozog‘istonning yangi Konstitutsiyasi loyihasi mazmuni e’lon qilindi

Olam

image

Kecha, 31 yanvar kuni Konstitutsiyaviy komissiya yig‘ilishida Qozog‘istonning yangi Konstitutsiyasi loyihasining asosiy mazmuni taqdim etildi. Bu haqda “Tengrinews” xabar berdi.

Qayd etilishicha, taqdimotni Konstitutsiyaviy sud raisining o‘rinbosari Baxit Nurmuxanov o‘tkazgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, dastlabki loyiha muqaddima, 11 bo‘lim va 95 moddadan iborat.

“Konstitutsiya muqaddimasi to‘liq yangilandi. Unda mamlakatning o‘tmishini ulug‘laydigan va hozirgi hamda kelajak uchun yo‘nalish bo‘lib xizmat qiladigan umumxalq qadriyatlari aks ettirilgan. Loyihada Qozog‘iston Respublikasining faoliyatiga oid yangi asosiy tamoyillar mustahkamlangan”, deydi Nurmuxanov.

Konstitutsiyaviy sud saytida e’lon qilingan ma’lumotga ko‘ra, yangi muqaddimada inson huquq va erkinliklari ilk bor davlatning asosiy ustuvor yo‘nalishi sifatida e’lon qilinmoqda. Birlik va birdamlik, millatlararo va dinlararo totuvlik Qozog‘iston davlatchiligining poydevori sifatida belgilangan.

Suverenitet, mustaqillik, unitar tuzilma va hududiy yaxlitlik o‘zgarmas qadriyatlar toifasiga kiritilgan.

Shuningdek, ilk bor Konstitutsiya darajasida adolat, qonun va tartib, tabiatga ehtiyotkorona munosabat tamoyillari mustahkamlangan.

Bundan tashqari, loyihada davlat hokimiyatining yagona manbai va suverenitet egasi Qozog‘iston xalqi ekani aniqlashtirilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qozog‘iston Konstitutsiyasi matnining 84 foizi qayta yozilishi, tuzatishlar esa 77 ta moddani qamrab olishi haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Qozog'iston Konstitutsiya yangi taqdimot

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing