Qozog‘istonni ikki boshlik shu yo‘lga boshladi
Tahlil
−
08 yanvar 2022
66949Joriy yilning 2 yanvar kuni Qozog‘istonning Mang‘istau viloyati aholisi suyultirilgan gaz narxining oshishi ortidan bosh ko‘tardi. Qisqa vaqt ichida namoyishlar butun mamlakat bo‘ylab yoyildi. Bu voqealar butun dunyoda katta rezonans uyg‘otdi. Namoyishlar ortidan 2019 yilning martida o‘z ixtiyoriga ko‘ra taxtdan ketgan, lekin Elboshi bo‘lib qolgan, qolaversa, Xavfsizlik kengashi raisi lavozimida ishlab kelayotgan Nursulton Nazarboyev iste’foga chiqdi. Shahar markazlaridagi Nazarboyevning haykallari namoyishchilar tomonidan ag‘darib tashlandi.
Nursulton Nazarboyev aslida 1986 yilning dekabr oyida Qozog‘iston SSRda bo‘lgan inqilob natijasida iqtidorga kelgan edi. “Qaytar dunyo”, deb bekorga aytishmaydi. Inqilob bilan iqtidorga kelgan Nazarboyev, inqilob ortidan iste’foga chiqdi. Bugungi maqolamizda, 1986 yilda Qozog‘iston SSRda bo‘lgan inqilob va uning natijasida hokimiyatga kelgan Nazarboyev haqida so‘z yuritamiz.
Dekabr qo‘zg‘oloni
XX asrning 80-yillariga kelganda ulkan qudratga ega bo‘lgan SSSR anchayin kuchdan qoldi. 1985 yilda Mixail Sergeyevich Gorbachyov Sovet Ittifoqi Kommunistik partiyasining Bosh kotibi etib tayinlandi. Hokimiyatga kelgan Gorbachyov butun Ittifoq bo‘ylab “qayta qurish” deb nomlangan siyosatini ilgari surdi.
1986 yilda Sovet Ittifoqi Kommunistik partiyasi (SIKP – KPSS) Markaziy Qo‘mitasi Bosh kotibi Mixail Gorbachyov Qozog‘iston Kommunistik partiyasining birinchi kotibi 74 yoshli Dinmuxamed Kunayevni milliy liderlik lavozimidan chetlashtirdi va uning o‘rniga Ulyanovsk viloyat partiya qo‘mitasining birinchi kotibi Gennadiy Vasilevich Kolbinni tayinladi. Bundan mahalliy qozoqlar norozi bo‘ldi. Chunki yangi tayinlangan birinchi kotib rus millatiga mansub bo‘lib, Qozog‘istonda umuman ishlamagan edi. Kolbin Qozog‘iston SSRning birinchi kotibi bo‘lgach, o‘z atrofiga millatdoshlarini yig‘a boshladi. Qozoq bo‘lmagan siyosatchining eng yuqori lavozimga tayinlanishi uzoq vaqtdan beri to‘planib kelayotgan keskinlikni avj olishi uchun yetarli bo‘ldi.
O‘sha vaqtda Nursulton Nazarboyev Qozog‘iston SSR Vazirlar Kengashi raisi bo‘lib, birinchi kotib Dinmuxamed Kunayevning vorisi hisoblangan.
1986 yil 16 dekabr kuni Qozog‘iston SSSR poytaxti Olmaota shahrida ko‘plab yoshlar ishtirokida tinch namoyish boshlandi. Ular o‘zlariga qozoq rahbar tayinlanishini talab qildi. Moskva mitingni tezda tarqatishga buyruq berdi. Shaharda telefon aloqasi darhol uzildi va namoyish politsiya tomonidan bostirildi. Biroq ertasi kuni Olmaota shahridagi “Brejnev” maydoniga olomon yig‘ildi.
Namoyishchilar ko‘tarib olgan bannerlarda “Bizga qozoq rahbar kerak”, “Har bir xalqning o‘z rahbari bor” va “Biz o‘z taqdirimizni o‘zimiz belgilashni talab qilamiz!”, degan shiorlar bor edi. Bu miting ikki kun davom etdi. Ma’lumotlarga ko‘ra, namoyishda 7-8 ming odam qatnashgan.
17 dekabr kuni Nazarboyev respublikaning boshqa rasmiy vakillari bilan birga g‘azablangan olomon oldida so‘zga chiqib, yoshlarni o‘z ta’lim va ish joylariga qaytishga chaqirdi. Shundan kelib chiqib aksar siyosatchilar “1986 yilgi tartibsizliklarni Nazarboyevning o‘zi uyushtirgan”, degan fikrni ilgari surishadi.
Qurbonlar
SSSR Davlat xavfsizlik qo‘mitasi (KGB) ma’lumotlariga ko‘ra, namoyishlarni bostirish vaqtida uch kishi halok bo‘lgan. 1137 kishi jarohat olgan. Ulardan 365 nafari tartibsizlik ishtirokchilari, qolganlari esa xavfsizlik kuchlari xodimlari bo‘lgan. 2200 ga yaqin namoyishchi qo‘lga olingan. Ularning 90 foizdan ortig‘i etnik qozoqlar bo‘lgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, o‘sha vaqtda Olmaota shahar aholisining 20 foizini qozoqlar, 70 foizini esa ruslar tashkil etgan.
Qarag‘andadagi voqealar
1986 yil 19 dekabr kuni Qozog‘iston SSRning Qarag‘anda viloyatida talaba yoshlarning namoyishi boshlandi. 19 dekabr kuni kechki soat sakkizlar chamasi Gagarin maydoniga taxminan 80-120 nafar bir qancha oliy o‘quv yurt talabalari yig‘ildi. Daqiqa sayin ularning safi kengayib bordi. Namoyishchilar viloyat markazi tomon yura boshladi. Biroq militsiya ularni kuch ishlatish yo‘li bilan tarqatib yubordi. Ma’lumotlarga ko‘ra, 84 nafar inson hibsga olingan.
Namoyish natijasi
1987 yilning boshida SIKP Markaziy Qo‘mitasining qarori qabul qilindi. Unga ko‘ra, “Olmaotadagi voqea qozoq millatchiligining ko‘rinishi” deb e’lon qilindi. 1986 yilgi namoyishlardan qo‘rqib qolgan Moskva Qozog‘iston SSRga qozoq rahbarni tayinlashga majbur bo‘ldi. 1989 yil 9 yanvar kuni ikkinchi kotib lavozimiga Nursulton Nazarboyev tayinlandi. Oradan birmuncha vaqt o‘tib, aniqrog‘i 1989 yil 22 iyun kuni Nazarboyev Gennadiy Kolbin o‘rniga Respublika rahbari etib tayinlandi.
Nazarboyevning hukmronlik davri
Qozog‘iston Sovet Ittifoqi parchalagach, ittifoq respublikalari orasida oxirgi bo‘lib o‘z mustaqilligini e’lon qildi. 1991 yil 1 dekabrda ilk bor Qozog‘iston Respublikasi Prezidentining umumxalq saylovi bo‘lib o‘tdi. Saylov natijasida Nursulton Abishevich Nazarboyev 98,7 % foiz ovoz bilan g‘alabaga erishadi. 1995 yil 29 aprelda umumxalq referendumi natijasida Nazarboyevning vakolati 2000 yilgacha uzaytirildi. 1999 yil 10 yanvarda o‘tgan umumxalq saylovning natijasida Nazarboyev 79,78 % ovoz yig‘ib, Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti etib qayta saylandi. 2005 yil 4 dekabrda o‘tgan saylovda esa 91,5 % ovozga ega bo‘lib, Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti sifatida qaytadan lavozimni egallaydi. O‘sha vaqtda muxolifat va g‘arb nazoratchilari saylov natijalarini tan olmaydi va ularning fikricha, saylov demokratik tamoyillarga mos ravishda o‘tkazilmagan.
Nazarboyev 2011 yil 3 aprelda belgilangan muddatidan oldin bo‘lgan prezident saylovida to‘rtinchi bor 95,5 foiz ovoz bilan Qozog‘iston Respublikasining Prezidenti lavozimini egalladi. Uning davrida o‘zgacha fikrlovchi oz sonli odamlarga kun berilmadi, mulkiy tabaqalanish esa kuchayib bordi.
Daxlsiz Nazarboyev oilasi yoxud ketishga tayyorgarlik
Nazarboyev o‘zining kuchayib borayotgan ta’sirini qonunchilik bilan qo‘llab-quvvatlashni unutmadi. 2000 yilda Qozog‘istonda birinchi Prezident to‘g‘risidagi qonun qabul qilindi. Unga ko‘ra, Nazarboyev va uning oila azolari jinoiy va ma’muriy javobgarlikka tortilishdan ozod etilgan.
2010 yilda Nazarboyev millat yetakchisi “Elboshi” deb e’lon qilindi. U “Nur Otan” partiyasi rahbarlihini o‘z qo‘liga olib, butun parlamentni o‘ziga bo‘ysundirdi. Nazarboyev 2011 yil 3 aprelda belgilangan muddatidan oldin bo‘lgan prezident saylovida to‘rtinchi bor 95,5 foiz ovoz bilan Qozog‘iston Respublikasining Prezidenti lavozimini egalladi. Shundan so‘ng, Olmaota va Cho‘lponota shaharlarida Nazarboyevga haykallar o‘rnatildi. Mamlakatda birinchi prezidentning suratlariga putur yetkazish va uni omma oldida haqorat qilish uchun jazo belgilandi. Qozondagi ko‘chalar uning nomi bilan ataldi. Qozog‘iston prezidenti sharafiga Tyan-Shan tizmasining shimoliy yon bag‘ridagi sobiq Komsomol cho‘qqisinig ham nomini o‘zgartirdi. Uning davrida o‘zgacha fikrlovchi oz sonli odamlarga kun berilmadi, mulkiy tabaqalanish esa kuchayib bordi.
2014 yil 11 noyabr kuni “Nur Otan” partiyasi Siyosiy Kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida Qozog‘iston Prezidenti Nursulton Nazarboyev “Nurli Jo‘l” loyihasini taqdim etdi.
Nazarboyev hokimiyatdan ketishi uchun o‘ziga xavfsiz yo‘l tayyorladi. U Prezident vakolatlarini qisqartirib, muhim vakolatlarni Xavfsizlik Kengashining raisiga o‘tkazdi va o‘zini umurbot Xavfsizlik Kengashining raisi etib tayinladi.
2019 yilning mart oyida Nursulton Nazarboyev o‘z xohishi bilan Prezidentlikni Senat raisi Qosim-Jomart To‘qayevga toshirdi. Shundan so‘ng, Nazarboyev mamlakat Elboshisi sifatida Xavfsizlik kengashiga raisi bo‘ldi.
20 mart kuni Qosim-Jomart To‘qayev Ostona nomini Nursulton Nazarboyev sharafiga o‘zgartirish taklifi bilan chiqdi. Parlament shu kuni mamlakat konstitutsiyasiga tegishli tuzatishlarni qabul qildi. Poytaxt nomini o‘zgartirish to‘g‘risidagi qaror jamoatchilik e’tiroziga sabab bo‘ldi.
Nazarboyev Prezidentlik lavozimini To‘qayevga topshirgan bo‘lsa-da, asosiy boshqaruv richaklari Elboshining qo‘lida qolgan edi. U doim xorijiy mamlakatlar Prezidentlarining aziz mehmoni bo‘ldi. Qolaversa, u bir necha bor mamlakat nomidan Prezidentlar ishtirok etadigan sammitlarda ham qatnashdi.
Nazarboyevning tug‘ilgan kuni, davlat bayrami hisoblanadi. U Poytaxt kuni bilan birga nishonlanadi. 7 may — Prezidentning katta qizi Darig‘a Nazarboyevaning tug‘ilgan kuni va Vatan himoyachilari kuni. Har ikkala kun ham dam olish kuni.
Otdan ham, egardan ham tushgan Nazarboyev
Joriy yilning 2 yanvar kuni Qozog‘istonning Mang‘istau viloyati aholisi suyultirilgan gaz narxining oshishi ortidan bosh ko‘tardi. Qisqa vaqt ichida namoyishlar butun mamlakat bo‘ylab yoyildi. Odamlar mamlakatda sodir bo‘layotgan voqealarni ham Nazarboyev, uning oila a’zolari va atrofidagilar bilan bog‘ladi. Namoyishchilar “Chol, ket!” deb baqirib, uning haykallarini qulatishdi.
5 yanvar kuni Xavfsizlik kengashi raisi lavozimida ishlab kelayotgan Nursulton Nazarboyev iste’foga chiqdi.
7 yanvar kuni Qozog‘istonning Birinchi Prezidenti Nursulton Nazarboyev va uning qizlari oilasi bilan Qozog‘istonni tark etgani haqida xabarlar tarqaldi. O‘sha kuni Nazarboyevning jiyani Samat Abish hibsga olingan. Bu haqda Qozog‘iston mahalliy ommaviy axborot vositalari xabar berdi. Biroq ertasi kuni bu ma’lumot noto‘g‘ri ekanligi aytildi.
8 yanvar kuni Elboshining Matbuot kotibi Aydos Ukibay Nazarboyev Nur-Sulton shahrida ekanligini ta’kidladi. Bugun ertalab Nursulton Nazarboyev xalqni Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev atrofida birlashishga chaqirdi.
Bugun Qozog‘istonda bo‘layotgan voqealar fonida mamlakatdagi siyosiy muhit xalqaro siyosatchilar va ekspertlar tomonidan tahlil qilinar ekan, mamlakatdagi siyosiy boshqaruv 2019 yildan keyin Nazarboyev davridanda og‘irroq sharoitga kirib qolganini aytishmoqda. Ko‘pchilikning fikricha, mamlakat boshqaruvi rasman To‘qayevda. Lekin amalda boshqaruv Xavfsizlik Kengashining rasi Nazarboyev bosimi ostida bo‘lgan. Balki Qozog‘istonni bugungi fojialarga ikki boshliylik yetaklagandir…
Xulosa qilib aytganda, Nazarboyev Qozog‘istonda manipuliyativ avtaritar boshqaruvni shakillantirdi. Buning oqibatlari esa bugungi kunda bo‘y ko‘rsatmoqda.
LiveBarchasi